20-sentabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi majlisida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etdi. U kengashga a’zo davlatlarni mamlakatiga Rossiya bosqinidan himoya qilishda yordam berishni davom etishga chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Ukraina o’zini mudofaa qilishga haqli ekan, bosqinchiga sanksiyalar va bosim qo’yish hamda Ukrainaga qurol bilan yordam berish BMT Nizomini himoya qilish demakdir”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbari tashkilotni isloh qilishga, 15 a’zolik Xavfsizlik Kengashini kengaytirishga, Rossiyani kengashdan haydashga chaqirdi.
“Urushni to’xtatib bo’lmaydi, chunki bunga qaratilgan barcha harakatlarga bosqinchining o’zi yoki bosqinni yoqlayotganlar veto qo’ymoqda”, - dedi Zelenskiy.
Majlisda ma’ruza qilish uchun zalga kirgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiy bilan yuzlashmadi – Ukraina rahbari Lavrov kelishidan oldin xonani tark etdi.
Ukrainaning Xavfsizlik Kengashidagi hamkorlari Rossiyani navbatma-navbat bosqinda, tashkilot nizomini buzganlikda aybladi. Bunga javoban Lavrov G’arb davlatlarini ikkiyuzlamachilikda, o’z manfaatlarini boshqa davlatlar manfaatlaridan ustun qo’yayotganlikda aybladi.
Zelenskiy bugun Vashingtonda. Kapitoliyda Kongress rahbarlari, Oq uyda esa Prezident Jo Bayden bilan uchrashmoqda. Bundan bir kun oldin AQSh Vakillar palatasining spikeri Kevin Makkarti Zelenskiy bilan uchrashganda Ukrainaga uzatilgan AQSh harbiy va moliyaviy yordami bo’yicha hisobot talab qilishini aytdi.
Payshanba kuni Rossiya va Ukraina raketa va dron hujumi almashdi. Rossiya asosan Ukrainaning energetika tizimini nishonga olgani aytilmoqda, ayrim viloyatlarda elektr ta’minoti uzilgan. Ukraina esa Qrim tomon o’nlab dron uchirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi barchasining, Ukraina esa Rossiyaning 43 ta qanotli raketasidan 36 tasining urib tushirilganini da’vo qilishmoqda.