Breaking News

Boyzi, Aydaxo shtati: Fazliddin Qurbonovning sudi qanday kechmoqda?


32 yoshli Fazliddin Qurbonov aybdor deb topilsa uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin
32 yoshli Fazliddin Qurbonov aybdor deb topilsa uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin

Sudni yaqindan yoritayotgan mahalliy jurnalist, KTVB kanali muxbiri Keyti Terun “Amerika Ovozi” ga jarayonni tasvirlar ekan, ayblanuvchi nihoyat so'z oldi, deydi.

2013-yilning may oyida Aydaxo shtatining Boyzi shahrida o’z uyida hibsga olingan o’zbekistonlik Fazliddin Qurbonov uch haftadirki sud qilinmoqda. Unga terrorizmni quvvatlaganlik, xususan, O’zbekiston islomiy harakatidek ekstremist guruhga moddiy yordam berishga uringanlik aybi qo’yilgan. Qurbonov, shuningdek, ommaviy qirgin quroli, xususan, portlovchi moddalar yaratishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.

Boyzi, Aydaxo shtati: Fazliddin Qurbonovning sudi qanday kechmoqda? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:34 0:00

Sudda so’zlayotgan guvohlarning aytishicha, Qurbonov mahalliy park va harbiy bazalarga hujumlar rejalagan; Amerikani dushman deb hisoblagan va odamlarni yoppasiga qirishni asosiy maqsadi deb bilgan.

32 yoshli Qurbonovning himoyachilari buni inkor etadi. Sudlanuvchiga qarshi yig’ilgan va dalil-isbot sifatida ko’rsatilayotgan ma’lumotlar xolis emas va bu shaxsni yaqindan kuzatgan federal agentlar hammasini sahnalashtirgan, deya bildirmoqda advokat Charlz Piterson. Uningcha, Federal qidiruv byurosi qator xatolarga yo’l qo’ygan. Qurbonov huquqlari o’qib berilmay turib, so’roq qilingan; Yuta shtatidagi ayblov haqida xabardor qilinmagan va mahbus himoyachi bilan o’z vaqtida ta’minlanmagan; Qurbonov AQSh adliya tizimi haqida bilmasligiga ko’z yumilgan, aksincha, bu holat suiiste’mol qilingan. Advokatning asosiy iddaosi shuki, Qurbonov terrorizm va terrorist guruhlar haqida faqat gapirgan xolos, amalda biror real qadam tashlamagan, jinoiy ishga qo’l urmagan.

Sudni yaqindan yoritayotgan mahalliy jurnalist, KTVB kanali muxbiri Keyti Terun (Katie Terhune @KTVBTerhune) “Amerika Ovozi” ga jarayonni tasvirlar ekan, Qurbonov tarjimon orqali muhokamani tinglab o’tiribdi, deydi. Ayblanuvchining o'zi 30-iyul kuni tushdan keyin so'zlab, o'zini oqlashga uringan. Jarayon 31-iyul kuni ham davom etishi kutilmoqda. Qurbonov o'zini begunoh, qiziquvchan, yangi mamlakatda yangi hayot boshlashga qiynalgan, mezbon jamiyatda noto'g'ri tushunilgan muhojir sifatida tasvirlab bermoqda, deya hikoya qiladi Keyti Terun.

Sud zaliga kameralar kiritilmaydi, mahkamani elektron holda to’g’ridan-to’g’ri yoritish cheklangan.

“Qoralovchi tomonning aytishicha, Fazliddin Qurbonov terror tashkiloti hisoblanmish O’zbekiston islomiy harakati a’zolari bilan “Skype” orqali video muloqot qilib, ularga pul va kompyuter programmalar yuborish ilinjida bo’lgan. Prokuratura yana shuni ham bayon etdiki, Qurbonov AQShga qarshi xurujlar rejalagan, portlovchi moddalar yasash harakatida bo’lgan. Ayblanuvchining uyidan buning uchun zarur bo’lgan narsalar topilgan”,- deydi Terun.

Guvohlik ko’rsatmasi berganlarga ko’ra, Qurbonov nafaqat Aydaxo va Yuta balki Texas va Nyu-York shtatlarida ham hujumlar qilmoqchi ekani haqida aytgan. Himoyachilar esa buning aksini qayd etib, Qurbonov hech kimga hech qachon jiddiy tahdid solmagan, quruq gapi uchun sudlanmoqda, degan pozitsiyasida qat’iy. Yuk mashinasi haydab, undan oldin mahalliy ustaxonada ishlagan Qurbonov halol mehnat qilib tirikchilik qilib yurgan, yosh oilasini boqqan oddiy muhojir bo’lgan, deya tasvirlanadi. U Amerikaga siyosiy boshpana olib kelgan, vatanda erkin e’tiqod qilolmasligidan noligan.

Fazliddin Qurbonov, o'ngda, advokati Charlz Piterson bilan - sud jarayoni tasvirlangan chizgi
Fazliddin Qurbonov, o'ngda, advokati Charlz Piterson bilan - sud jarayoni tasvirlangan chizgi

Advokati Charlz Piterson so’zlari bilan aytganda, Qurbonov Amerika jamiyatiga moslashishga qiynalgan. Til bilmagan, ish topolmay yurgan. Yosh bolasi, xotini, keksa ota-onasi va singlisi ham ancha azob tortgan. Sudda ta'kidlanishicha, Amerikaga 2009-yilda nasroniyligini da’vo qilib kelgan inson bu yerda islomga kirib, dindorlashgan.

Bugun esa uni o’ziga xos mujohid deya tasvirlashmoqda. Qurbonov hibsga olingunicha, biror jinoyatda ayblanmagan, qamalmagan; tez haydagani uchun ikki bor jarimaga tortilgan xolos.

Sudga ko'rsatilgan videoda - Qurbonov va tergovchilar orasidagi muloqotda - ayblanuvchi terrorchi emasligini aytadi. Amerikaga qarshi xuruj qilmoqchi edingmi, degan savolga, "hech qachon buni rejalamaganman" deya javob beradi.

Boyzi, Aydaxo (Boise, Idaho)
Boyzi, Aydaxo (Boise, Idaho)

O’zbekistondagi vaziyat, din va siyosat sudda muhokama qilinsa-da, mahalliy jamoatchilik ayblanuvchining vatani haqida keng tasavvurga ega emas, deydi jurnalist Keyti Terun.

“Hammaning nomidan gapirmayman albatta, lekin men o’zim bu ishgacha O’zbekiston haqida juda oz bilar edim. Boyzi shahrida odamlar bu mamlakat haqida eshitgan bo’lishi mumkin, kartadan topib berishar balki, biroq qanday tuzum hukmron ekani, tarixi haqida deyarli bilishmaydi”,- deydi Terun.

Qurbonov ikki yil oldin hibsga olinganida bu xabar keng muhokama qilinib, Boyzi ahli orasida katta qiziqish uyg’otgan edi, deydi muxbir, ammo bugunga kelib, jamoatchilik sud jarayonini hayajon bilan kuzatmoqda, deyish qiyin. Mahalliy ommaviy axborot vositalari, tabiiki, yoritayapti.

Boyzi - Amerika shimoli-sharqidagi yirik shaharlardan biri. Aydaxo shtati poytaxti. Aholisi 205 ming atrofida. Go’zal tabiati va qishloq xo’jaligi bilan tanilgan osuda hudud. Boyzi madaniy jihatdan tobora boyib borayotgan shahar, lekin Aydaxoning boshqa qismlari singari bu yerda ham asosan oq tanlilar yashaydi.

Qurbonovning sud ishi yaqin kunlarda tugashi kutilmoqda. Aybdor deb topilgan taqdirda uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. O'zbekiston hukumati bu ish yuzasidan biror rasmiy munosabat bildirmagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG