Nyu-Yorkda yaqinda uch o'zbek "Islomiy davlat" ga qo'shilishga uringanlikda gumon qilinib hibsga olindi. Bruklin tumanida yashagan 24 yoshli Abdurasul Jo'raboyev, 19 yoshli Ahror Saidahmetov va 30 yoshli Abror Habibov terror tashkilotiga kirishni, buning uddasidan chiqa olmagan taqdirda, AQSh prezidentini o'ldirish, bomba xurujlari qilish, politsiya va rasmiylarni o'ldirishni ko'zlagan, deya bildiradi Federal qidiruv byurosi. Dilorom Abdullaeva, o'zbekistonlik huquqshunos, "Tashabbus" nohukumat tashkilotini boshqaradi. Yuristlardan tashkil topgan “Tashabbus” ommaning huquqiy ongini oshirish va qonun ustuvorligini targ'ib qilishni maqsad qilgan. Internetda uch tilda ma'lumot tarqatiladi va dunyoning turli burchaklarida yurgan o'zbekistonliklardan tushgan savollarga javob beriladi.
Xo'sh, mutaxassis Nyu-Yorkdagi ish haqida qanday fikrda?
O'zbek muhojirlariga qo'yilayotgan ayblovlar vatandoshlarni sergak torttiradi, albatta. Bu hammamiz uchun yoqimsiz xabar, deydi suhbatdoshim, biroq ayb hali sudda isbotlanmagan. Amerika - qonun ustuvor jamiyat, adolat ravnaq topadi degan umid bor.
Bu yigitlar o'zbeklar nomiga isnod keltirmoqda deyishga ham shoshmang, deydi huquqshunos. Har bir odam o'z qilmishi uchun javobgar. Sud va hukm hali oldinda.
Loqaydlik yaxshilikka yetaklamaydi. O'z huquqingizni biling, bilmasangiz, so'rang, deydi "Tashabbus" rahbari.
Nomiga islom so'zini qo'shib olgan, qora ishlarini, vahshiy harakatlarini din bilan asoslashga urinayotgan guruhlar dunyo bo'ylab musulmonlarga nisbatan munosabatni salbiylashtirmoqda. Dilorom Abdullaevaning kuzatishicha, bu Amerika jamiyatida ham seziladi.
Muhojir jamoalar oldida murakkab vazifalar turibdi, deydi mutaxassis. Yoshlar bilan jiddiy shug'ullanish kerak. Ularni to'g'ri yo'lga boshlovchi, ularga zarur maslahatlar berib turadigan, real ko'mak ko'rsatadigan dasturlar haqida o'ylash lozim. Amerikada buning uchun imkoniyatlar bor, deydi Dilorom Abdullaeva.
Huquqshunos ijtimoiy tarmoqlarda ko'p vaqt o'tkazadigan yurtdoshlariga ehtiyot bo'lishni maslahat beradi. Ogoh bo'ling, deydi u.
Vatandamisiz yoki xorijda, savollar bo'lsa, "Tashabbus" xizmatingizda.