Breaking News

Hukumat nima uchun blogerlarni kuzatishga tushdi?


Sentabrdan beri O'zbekistonda blogerlar ishini tartibga soluvchi hujjat amal qilayapti. "Axborotlashtirish to'g'risida"gi qonunga kirgan bu qo'shimchalar so'z erkinligini yanayam bo'g'adi. Hukumat nima uchun ko'rdi bu chorani? Oqibati nima bo'ladi?

Jorj Vashington universitetida o'tgan muhokamada (Regulation of Blogger’s Activity in Uzbekistan: Implications for Freedom of Religion and Belief) huquqshunos Mirakmal Niyazmatov blogerlar faoliyatiga doir hujjatni tahlil qildi. Niyazmatov "Tashabbus" nodavlat tashkilotining asoschilaridan. O'zbekistonda va Amerikada huquqdan bilim olgan, malakali yurist.

O'zbekiston hukumati nima sababdan blogerlar ishini tartiga solishga qaror qildi? Nima turtki berdi? Yangi qoidaning so'z erkinligiga ta'siri qanday bo'ladi? Huquqshunos ana shu savollarni o'rtaga tashladi.

Niyazmatov o'z tahlilida diqqatni diniy mazmundagi bloglarga qaratdi. O'zbekistonda so'z erkinligi oyog'osti qilinadi. Ozod fikr hurmat qilinmagan jamiyatda e'tiqod ham yer qilinadi. O'zbekistonda esa diniy erkinlik ayniqsa shafqatsizlarcha bo'g'iladi. Holbuki, deydi Niyazmatov, bu jamiyatda ulkan diniy tarixu meros va dunyoviylik o'rtasida qanday qilib muvozanat topishni muhokama qilish uchun ehtiyoj juda katta.

Yopiq jamiyatlarda, jumladan, O'zbekistonda internet fuqaroga taskin beradigan, uning axborotga ehtiyojini qondiradigan yagona manbadir. Yangi qoidalar ana shunga ham chang soladi.

Demak, bloglarga doir qo'shimchalar o'tgan sentabrda 2003-yilgi "Axborotlashtirish to'g'risida"gi qonunga kiritildi. Qisqa qilib aytganda, unda bloger kim ekani ta'riflanadi; bloger tarqatishi mumkin bo'lmagan ma'lumot turlari sanaladi; blogerdan tarqatilayotgan axborot to'g'riligini tekshirish talab qilinadi; bu qoidalar bajarilmasa blog cheklanadi.

Niyazmatovning tahlilicha, hujjat mualliflari o'zi nima yozayotganini tushunmagan. Oddiy bloger tushunchasi nihoyatda mavhum.

"Internetga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan, axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs" deyiladi bu ta'rifda.

Ya'ni har kuni blogda fikrlarini to'kib soladigan odam ham, "Facebook", "Odnoklassniki" yoki "Twitter"da biror matnni ko'rib, uni bo'lishgan odam ham shu toifaga kirishi mumkin.

Yana bir muammo shuki, qo'shimchada bloger tarqatishi man qilingan ma'lumotlar sirasiga "fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro'siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo'l qo'yuvchi axborot" kiritilgan.

Holbuki, deylik, biror mansabdor shaxsga yoqmagan har qanday ma'lumot sha'niga putur yetkazuvchi deya talqin qilinishi mumkin. Universitet domlasi pora olgani, rektor esa studentlarni o'z dala hovlisida ishlatgani haqida blog yozildi ham deylik. Buni jamoatchilik bilishi kerak, o'sha rektoru domlalar javob berishi kerak. Vaholanki, qonunga kiritilgan qo'shimcha aksincha blogerni yoki blogdagi maqolani tarqatgan har qanday odamni nishonga olish uchun asos yaratadi.

Ustiga-ustak, hujjat blogerdan ma'lumotning to'g'riligini tekshirishni talab qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarning mohiyatiga zid emasmi bu, deya so'raydi Niyazmatov. Birinchidan bloger o'z fikri, qarashlarini, biror voqeaga munosabatini yozadi, undan faktlarni tekshirish talab qilinmaydi. Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumot ulashib, bahslashib ham natijada u yoki bu ma'lumotning to'g'riligini tekshirish mumkin.

Hukumat qarori ortidagi sabablarni izlar ekan, yurist mamlakatda haqiqatda diniy mazmundagi bloglar soni oshib borayotganini tilga oladi. Balki O'zbekiston hukumati yomg'irdan keyin qo'ziqorinday ko'paygan bu bloglarni nazorat qilmoqchidir.

Albatta, bloglar soni tobora oshib borayotgan bo'lsa-da, hukumatning kaltagidan qo'rqqani uchun ham odamlar murakkab mavzularni ko'tarishga jur'at etmaydi. Muhokama qilinayotgan mavzular yuzaki va e'tiqod, syosat haqida chuqur tahlil yo'q.

Yana bir sabab, deydi Niyazmatov, "Islomiy davlat" guruhi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalana boshlagani bo'lishi mumkin. "YouTube"da o'zbeklar jangarilarni yoqlab chiqqan videolar, da'vatlar O'zbekiston hukumatini sergak tortishga majbur qilgan bo'lsa ajabmas.

Xo'sh, blogerlar faoliyatini tartibga soluvchi bu hujjatning asoratlari qanday? Qo'shimchalar avvalo so'z erkinligini behurmat qiladi. Konstitutsiyani bir pul qiladi. Bosh qomusda har bir fuqaroning erkin fikr va e'tiqod qilish huquqi himoya qilingan, kafolatlangan. Yangi hujjat esa istagancha talqin qilinib, istagan odamning ketidan tushishga, uning fikr va e'tiqoq erkinligini toptashga sharoit yaratishi mumkin.

Bundan chiqdi hukumat xohlaganini qilishi, fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlarini mutlaqo pisand qilmasligi hech gapmas. Ana shu kabi hujjatlar odamlarda umidsizlik kayfiyatini oshiradi, deb hisoblaydi huquqshunos.

Bunaqa sharoitda odamlar e’tiqod, ibodat, oddiy kiyim-bosh, hijob, soqol qo’yish-qo’ymaslik kabi mavzularni muhokama qilishga haddi sig’maydi.

O’zbekistondagi taqiqlar, deya davom etadi yurist, odamlarni islomni o’rganishning qisqa yoki orqa-eshik yo’llarini izlashga majbur qildi. Mobil telefonlarda tarqatilayotgan islomga oid sayoz, g’ij-g’ij xatosi bor matnlar, "Istagram", "Facebook", "Odnoklassniki"da yoyilayotgan Qur’ondan parchalar shunga misol. Yosh avlod bugun islomni ana shu qisqa, uzuq-yuluq manbalardan o’rganayapti, deydi u. Islom, musulmonlar, ibodat haqida mulohazalar mana shunaqangi qisqa yozishmalardan nariga o’tmaydi.

Holbuki, deydi Niyazmatov, o’zbeklar Markaziy Osiyodagi eng dindor jamoa. Dinning kundalik hayotdagi roli, dunyoviy jamiyatda yashash, o’rtada muvozanatni saqlash olish – muhim mavzular muhokama qilinayaptimi? Yo’q.

Misol uchun, fuqaro musulmon bo’lgani uchun, masjidga qatnagani uchun qamoqqa tashlansa, hijobda yurishi man qilinsa, jamiyatda o’z-o’zidan ekstremistik kayfiyat paydo bo’lishi tabiiy. Bu cheklovlarni qalashtirib hukumat dunyoviy tuzum uchun o’zi tahdid yaratayapti.

O’zbekiston kabi yopiq jamiyatlarda odam erkin e’tiqod qila olmas ekan, bu jangarilarning pozitsiyasini kuchaytiradi. Ekstremistlar o’z qarashini olg’a surishga va bahsga juda puxta yondashadi hamda manbalaru iqtiboslarni uyib tashlaydi, deydi Niyazmatov. Ammo bu ekstremistik qarashga qarshi dunyoviy fikrni himoya qilish imkoni yo’q ekan, erkin bahs uchun sharoit yo’q ekan, jangarilarning gapi asosli va kuchli ko’rinaveradi, deydi u.

Muhokamani to'liq holda (ingliz tilida) quyida tinglasangiz bo'ladi.

Regulation of blogger's activity in Uzbekistan. Panel at GW, Central Asia program.
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:30:37 0:00
Regulation of blogger's activity in Uzbekistan. Panel at GW, Central Asia program. Part-II
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:55 0:00
Regulation of blogger's activity in Uzbekistan. Panel at GW, Central Asia program. Part-III
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:27:38 0:00

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG