Bu tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?!
Bo’lmasa qoshimda jonona, bu jonni na qilay?!
Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?
Ibrohimdin qolg’an ul eski do’konni na qilay?!
Urayinmu boshima sakkiz bihishti do’zaxin, Bo’lmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!
Arshning kungurasin ustiga qo’ydum oyog’im, Lomakondin joy olibman, bu makonni na qilay?!
Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom Oshkoro bo’lmasa, sirri nihonni na qilay?!
Bir xudodin o’zgasi barcha g’alatdur, Mashrabo, Gul agar bo’lsa qo’lumda, ul tikonni na qilay?!
Yuqoridagi satrlar Boborahim Mashrab qalamiga mansub. Jonona deb qalandar Olloh siymosini nazarda tutadi.
Boborahim Mashrab (1653-1711) shoir va tasavvuf adabiyotining yetuk namoyandasi sifatida tarixga kirgan. Namanganda dunyoga kelib, Qashqarda bilim olib, 1673-yildan umrining oxirigacha qalandarlikda yashagan. 1711-yilda Balxda dorga osiladi.
Amerikaning Emori universitetida (Emory University) ilmiy izlanishlar olib borayotgan o’zbekistonlik tadqiqotchi Rahimjon Abdug’ofurov nazarida e’tiqod va siyosat haqida global bahslar avj olgan hozirgi zamonda Mashrab olg’a surgan mafkurani o’rganish ma’naviy burchdir.
Mintaqa yoshlari terror tizimlariga qo’shilmasin, mutaassiblik ildiz otmasin va jamiyat har tomonlama ravnaq topsin desak, ta’lim saviyasini oshirishimiz kerak, deydi u Nyu-Yorkda kechgan ilmiy anjumanda.
“Mashrabni o’rganishimning sababi”,- deydi olim, uning insonparvarlik g’oyalari. Mashrab, avvalo, insonni ulug’lagan, zamondoshlarini shunga undagan.
“Sabablaridan yana bittasi: Mashrabning musulmon bo’lmaganlar haqidagi fikrlari. Ular haqida yaxshi fikrlar bildiradi, ularni yomonlab, qoralamaydi. Hammaga inson farzandi deb qaraydi”.
Bu alloma, deydi suhbatdoshimiz, e’tiqodni faqat namozda ko’rmagan yoki namoz o’qimaganlar iymonsiz demagan.
“Ma’naviyatga e’tibor berish, Xudo bilan bog’lanishga e’tibor berish - mana shu jihatlarni afzal ko’rgan. Namoz o’qish, Makkaga borishdan ham ko’ra, inson Xudoni sevishi kerak, unga shu muhim bo’lishi kerak degan”.
Mashrab e’tiqod qo’rquvga asoslanmasligi kerak deya fikrlagan.
“Jannat yoki do’zax emas, masalan, bugungi kunda ulamolarga quloq tutsak, shuni eshitamiz. U qilsang, jannatga borasan; bu qilsang, do’zaxga, deyishadi. Shunaqa deb ular din haqida yuzaki fikrlashadi. Mashrab esa juda chuqur fikrlagan. Xudoni bag’rikeng deb bilgan, sevguvchi deb bilgan va o’zi sevgan Xudoni. Uning uchun Makka, jannat va do’zax qiziq bo’lmagan. Xudoga yetishish muhim bo’lgan”.
Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistonda din va e’tiqod haqida gap ketganda, bu har bir insonning o’ziga havola, shaxsiy masala degan qarash keng tarqalgan. Lekin shu bilan birga namozxon va taqvodor odamlarga o’zgacha hurmat bilan murojaat qilishadi. Rahimjon Abdug’ofurov tadqiqotchi sifatida shuni kuzatadiki, mintaqa azaldan, ko’p jihatdan, mutaassiblikdan yiroq bo’lgan.
“Insonning Xudo bilan aloqasini o’sha inson o’zi hal etishi kerak”, - deydi u.
Hajga borib kelayotganlarga qarab yoki xotin-qizlarning hijobga kirayotganini ko’rib, jamiyatda e’tiqod va iymon darajasi oshdi deya baho bera olmaymiz, deydi olim. Suhbatdoshimiz o’z izlanishlariga asoslanib so’zlaydi.
Imoning sham’ini ravshangaridur hamdami qobil, Qo’lingdin kelsa, doim yaxshi xalqlarni birodar tut.Mashrab
“Islomiy va tarixiy kitoblarni o’qiydigan bo’lsak, biz bilmaymiz, hijob haqiqatdan ham payg’ambar davrida bo’lganmi yoki hozirgi ko’rinishida bo’lganmi… Ummaviylar davriga xos san’at asarlariga qarasak, ayollar uzun soch, uzun ko’ylakda yurganini ko’ramiz. Hozirgi modalardan farqi yo’q ummaviylarning ayollari ko’rinishining...”
Mintaqada islomga oldindan mustaqil yondashilganmi? Rahimjon Abdug’ofurov bu savolga javob berish qiyin deydi, o’rganish kerak.
Suhbatdoshim deydiki, din va e’tiqod hamisha bahsli masala bo’lgan va nozikligini yo’qotmay keladi. So’fizm va boshqa oqimlar, ulamolar va mustaqil fikrlovchilar orasidagi kelishmovchiliklar tabiiy hol bo’lgan, deydi tadqiqotchi.
Tavofu olami dil qil jahonda har bashardin sen, Agar bir dilni sen buzsang, yuzar Ka’ba buzulmazmu?Mashrab
Siyosatga qiziqsang, masjidga bor, Xudo desang, so’fiylar davrasiga, degan gaplar eskidan mavjud. Din va siyosat qadimdan bir-biriga aralashgan va ulamolar har bir zamonda muhim rol o’ynagan, deydi Rahimjon Abdug’ofurov. So’fiylar o’zini erkin banda deb bilgan, hech kimga tobe bo’lishni istamagan.
Mintaqada o’zga din vakillariga qarshi chiqish illatini suhbatdoshimiz Saudiya Arabistoni va Pokiston singari jamiyatlardan kirib kelgan ta’sir deya izohlaydi. Chunki o’lkada qadimdan tolerantlik hissi nisbatan yuqori bo’lgan, deydi u.
Mana shu an’anani mustahkamlash, yosh avlodni bag’rikeng bo’lishga, kengroq fikrlashga undash hammamizning burchimiz, deydi Rahimjon Abdug’ofurov.
“Bu jarayonni iloji boricha erta boshlash kerak… Masalan hozir O’zbekistondagi darsliklarda islom, xristian dini, yahudiylik va hindulik haqida ma’lumotlar bor. Lekin bu yetarli emas… Sababi biz hozir globallashgan dunyoda yashayapmiz. O’zbekistonga minglab sayyohlar kelib ketadi. O’zbekistonliklar ishlash va o’qish uchun tashqariga chiqayapti. Agar men xorijga o’z dinimda bo’lmagan odamga nisbatan nafrat bilan chiqadigan bo’lsam, mening o’zimga ziyon bo’ladi. Nomusulmonlarga nisbatan yaxshi munosabatda bo’lishimiz o’zimizga foyda”, - deydi yosh olim.
Sayoz bilim, dunyoga tor nazar bilan boqish - har bir jamiyatni zaiflashtiruvchi omillar, hamisha shunday bo’lib kelgan, deya mulohaza bildiradi Rahimjon Abdug’ofurov.