2014-yildan boshlab Afg’oniston shimolidagi nisbatan tinch viloyatlar asta-sekin beqarorlasha boshladi. Mahalliy fikr shuki, shimoliy viloyatlarga urushni Amerika olib keldi. Odamlar barcha muammolarda asosan tashqi dunyoni ayblaydi. Ayb o'zimizda, hamjihatlik nima ekanini bilmaymiz, deydiganlarning ovozi juda past va ular kam.
Qunduz, Badaxshon, Bag’lon, Taxor, Juzjon, Sari Pul, Fayrob so’nggi oylarda ancha notinch.
Bir necha tuman Toliblar nazorati ostida. Janglar natijasida minglab oilalar uy-joylarini tark edi.
Afg’onistondagi tinimsiz urush, ba’zilar nazarida, hukumat va toliblar o’rtasidagi jang bo’lsa, ayrimlar nazdida siyosiy guruhlar o’rtasidagi kelishmovchiliklar natijasidir. Ko’plab odamlar buni elatlararo urush deb ham ataydi.
“Afg’onistonning faqat shimolida emas balki, sharqda va janubda ham urush davom etmoqda. Sharqda DAISh va janubda toliblar bilan janglar ... Afg’onistondagi urushlarga ko’plab ta’riflar berilgan. Biz uni “manfaat talablik” jangi ham deya olamiz. Chunki Afg’oniston geografik jihatdan strategik bir mamlakat. Birinchidan, qo’shni mamlakatlar o’z manfaatini ko’zlaydi. Afg’oniston bilan bitim imzolagan ittifoqchi mamlakatlar ham o’z manfaatini o’ylaydi. Afg’oniston bilan hamkorlikda AQSh o’z foydasiga ko’proq yon bosadi”,- deydi siyosiy tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy.
“Shimol notinch bo’lsa, bundan Rossiya va O’rta Osiyo mamlakatlari xavotirda bo’ladi. Amerika esa buni bir tahdid o’laroq Rossiyaga qarshi iste’mol qiladi. Qunduz, Toxar, Faryobdagi janglarda, bir soatda qancha yarog’ ketadi, bu yana qanday bo’lib ta’minlanadi?”,- deydi Muqimiy.
Millatchilik chuqur ildiz otgan muammo, deydi suhbatdosh. Davlat tepasidagi odamlarning o’z elatiga yon bosishi tahlikali vaziyatlarda ayniqsa katta ziyon keltiradi.
“Bir davlatda ikki reja, ikki kalla bo’lganidan keyin tizim ishlamay qoladi. Har kim o’ziga yon bossa, boshqalarning ko’ngli isimay qoladi. Natijada oddiy xalq zarar ko’radi”,- deydi mutaxassis.
Afg’onistonda davlat rahbarlari, jumladan prezident va bosh vazir orasidagi kelishmovchiliklar sabab vaziyat og’irlashgan. Tarqoqlikdan chiqa olmayotgan xalq uchun hamjihatlik yetib bo’lmas orzudek. Biroq, deydi Muqimiy, xohish kuchli bo’lsa, xalq buning uddasidan chiqish kerak. Kelajak shunga bog’liq.