Yarim asr oldin Amerika axborot vositalarida tamaki va uning iste’molini targ’ib qiluvchi materiallar man etilgan edi. Bu qaror samara berib, millionlab insonlarning hayoti saqlab qolindi. Bunga erishish uchun hukumat, sanoat va jamoatchilik orasida shiddatli muzokara kechgan.
AQShning yirik tamaki kompaniyalari federal sudlar chiqargan hukmga bo’ysunishi oson kechmadi. Har bir mahsulotga chekish naqadar xavfli ekani haqida ogohlantirish yozish shart deb buyurilgan edi.
Sigareta ishlab chiqaruvchilar mahsulotga ataylab ko’proq nikotin solar edi, xaridorni tobe qilish uchun, deb chiqqan edi faollar.
“Reklamalar ayyorona ishlangan. Muhim ma’lumot ataylab aniq berilmaydi. Ekranda yaxshi ko’rinmaydi. Buning ustiga uni zaif bir ovozda o’qishadi, xuddi e’tibor bermang, deyayotgandek” ,- deyd Robin Koval, "Haqiqat" degan tashabbus yetakchisi.
Amerikada har yili yarim millionga yaqin kishi chekish tufayli vafot etadi. Ular orasida umuman chekmaydigan odamlar ham bor. Ular chekuvchilar yonida yashagan yoki ko’p vaqt o’tkazgan. Chekish bilan bog’liq kasalliklarga qarshi kurash va umumiy zarar yiliga 300 milliard dollarga tushadi.
1999-yilda AQSh hukumati tamaki sanoatini yolg’onchilikda ayblab sudga bergan.
“Tamaki kompaniyalari xalqni aldab olgan daromadini to’lab qo’ysin”, - degan edi o'sha paytdagi Adliya vaziri Janet Reno.
Hukm 2006-yilda chiqqan. Unga ko’ra, har bir sigareta qutisida chekish zarari haqida aniq informatsiya berilishi lozim. Har bir reklamada iste’mol xavfi haqida ogohlantirilishi shart. Bugunga kelib axborot maydoni kengaygan. Yangi platformalar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun asosiy manba. Tamaki sanoati bundan foydalanib, reklamaning yangi yo’llarini topmoqda.
“Chekuvchilardan butunlay qutula olmaysiz, chunki ayrimlar uning xavfini bilsa-da, bu odatni qo’ymaydi. Tamaki ularga ruhiy orom beradi. Ular nikotinsiz yashay olmaydi. Ogohlantirishlarga ular ko’z yumadi”, - deydi olim Seok Gvon.
Haqiqat shuki, AQShda chekish o’tgan 50 yil ichida keskin kamaygan. Biroq yangicha tamaki mahsulotlari paydo bo’lgan, masalan, elektron sigaretalar.
Facebook Forum