Erkinlikni targ'ib qiluvchi tashkilotlar Amerika hukumati demokratiya taraqqiyoti uchun yordamni kamaytirishga bel bog'laganidan norozi.
"Ozodlik uyi" (Freedom House) tashkiloti rahbari Maykl Abramovichga ko'ra, AQSh o'z global liderligini boy berishi turgan gap. Chunki, deydi u, demokratik qadriyatlarni olg'a surish bilan bu davlat dunyo ravnaqi uchun salmoqli hissa qo'shib kelgan. Insoniyat erkinligi va taraqqiyoti qonun ustuvorligi va adolat ta'minotiga borib taqaladi.
Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot erkinlik talab qiladi, buni targ'ib qilish bilan AQSh dunyo bo'ylab o'ziga ishonchli sheriklar orttirib kelgan, deydi Abramovich.
Kelasi yil AQSh yalpi milliy mahsuloti 17 trillion dollardan oshishi ko'zlangan. Federal daromad 3,4 trillion dollarga yaqin, sarfiyat esa 3,9 trillion dollar.
Mudofaa xarajatlari oshadi. 2019-yi uchun 686 milliard dollar ajratilishi kerak, deya so'ralmoqda.
Demokratiya targ'iboti uchun ajratiladigan pul AQSh federal byudjetining 0,05 foizini tashkil qilib kelgan.
Lekin Oq uyning 2019-yil byudjet loyihasida bu maqsad uchun mablag' 40 foizga kamaytirilgan. 2,3 milliarddan 1,4 milliard dollarga tushgan.
Demokratiya uchun Milliy jamg'arma (National Endowment of Democracy) Kongressdan kelasi yili 170 million dollar o'rniga 67,2 million dollar olishi rejalangan.
Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha loyihalar endi xavfsizlik, iqtisodiy imkoniyat va huquq tartibot loyihalarining bir qismiga aylanadi, deydi Tramp ma'muriyati rasmiylari. Oq uyning xulosasi shuki, AQSh shu paytgacha olib borgan targ'ibot va taraqqiyot dasturlari maqsadni oqlamagan.
Tramp ma'muriyati Kongressga uzatgan byudjet loyihasi ma'qullanishiga ishonch juda past. Qonunchilar bu yilgi byudjet rejasini hali tasdiqlamagan. Yangi byudjet ustida urush hozircha boshlanmagan lekin uning har bir bandi elakdan o'tadi va aynan demokratiya va huquq targ'iboti bilan bog'liq xarajatlar o'zgarmasligi mumkin, deydi Kongress faoliyatini kuzatib kelayotgan tahlilchilar.
Facebook Forum