Breaking News

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropaga safar qilishi kutilyapti


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasida hamkorlik kelishuvi yangilanmoqda. Inson huquqlari, siyosiy muloqot, iqtisodiy islohotlar kabi sohalarini qamragan yangi hamkorlik dasturi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga kutilayotgan safari arafasida kuzatilmoqda. Tashrif sanasi aniq emas, ammo Mirziyoyevning Yevropa Ittifoqiga dastlabki safari Fransiyadan boshlanishi ehtimoli yuqori.

Mirziyoyevning Yevropaga safari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00

Yevropa Ittifoqi Kengashi O’zbekiston bilan sheriklik va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi kelishuvni ma’qullagan.Mazkur hujjat O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi o’rtasida 1999-yildan amalda bo’lgan hamkorlik kelishuvini yangilaydi, Yevropa Komissiyasi tayyorlagan yangi hamkorlik dasturida inson huquqlari, siyosiy muloqot, iqtisodiy islohotlar, huquq va xavfsizlik sohalariga diqqat qaratiladi.

Yevropa Ittifoqi Kengashining shu munosabat bilan tarqatgan press-relizida ta’kidlanishicha, yangi dastur bo’yicha hamkorlik O’zbekistonda qulay sarmoya muhiti yaratilishiga ham xizmat qiladi va tashqi tahdidlar, xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash kabi sohalardagi hamkorlikni qamrab oladi.
Ta’kidlanishicha, O’zbekiston yangi rahbar boshqaruvida sezilarli islohotlarga yuz tutgan, inson huquqlari, qo’shni davlatlar bilan hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik masalasida ijobiy o’zgarishlar qayd etilgan. Yevropa Ittifoqi O’zbekiston bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarish, islohotlar o’tkazishda ko’mak ko’rsatishga tayyor.

YI va O’zbekiston o’rtasida hamkorlik dasturi yangilanayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy safari kutilayotgani haqidagi ma’lumotlar barobarida kuzatilmoqda.“Podrobno.uz” nashri hukumatdagi manbaga tayanib yozishicha, yaqin orada Mirziyoyevning rasmiy safar bilan Fransiyaga borishi kutilmoqda, shu haftada esa Parijda hukumatlararo komissiyaning savdo-iqtisodiy hamkorlikka doir yig’ilishi o’tadi.

Hokimiyatga kelganiga ikki yil bo’layotgan Shavkat Mirziyoyev hali Yevropaga rasmiy safar qilmadi. Fransiya O’zbekiston rahbari rasmiy tashrifini amalga oshirgan Yevropadagi dastlabki mamlakat bo’lishi mumkin.

Bu safar O’zbekiston va G’arb o’rtasida munosabatlar tiklanayotganiga doir navbatdagi qadam. Avvlroq, shu yilning may oyida Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan AQShda bo’lgan edi.

O'zbekiston rahbarining AQShdagi muzokaralari davomida iqtisodiy kelishuvlardan tashqari inson huquqlari borasida ham muhokamalar bordi. Vashingtonda xalqaro huquq tashkilotlari o’zbek rasmiylari ishtirokida inson huquqlari mavzusiga doir munozara o’tkazdi. Aynan shu safar arafasida konstitutsiyaga tajovuzda ayblanib sudga tortilgan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov Toshkentdagi mahkamadan ozod qilindi.

Shavkat Mirzyoyevning AQSh tashrifi uzoq yillar xalqaro hamjamiyat nigohida turg’unlik namunasi bo’lib kelgan O’zbekiston nufuzini qayta tiklash, yangilanayotgan mamlakatni taqdim etishdagi yaxshi imkoniyat sifatida baholandi.

Mirziyoyevning Fransiyaga kutilayotgan safari, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kengayayotgani, yangilanayotgani ham xalqaro hamjamiyatga demokratik boshqaruvga o’tayotgan O’zbekistonni tanishtirish uchun yaxshi imkoniyat ekani aytilmoqda.

Fransiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan sharhlovchi Kamoliddin Rabbimovga ko’ra, G’arb O’zbekistonning haqiqatda demokratik boshqaruvga o’tganiga ishonishi kerak.

“O’tgan turg’unlik yillari davomida xalqaro hajamiyat va O’zbekiston munosabati o’ta ishonchsizlik, sovuqchilik darajasiga tushib qolgan edi. O’zbekiston nomi asosan qora ro’yxatlardagina qayd qilindi. Bu holatni o’zgartirish uchun Mirziyoyev o’zgarishlar qildi, ayniqsa, Vashingtonga tashrifi muhim qadam bo’ldi. Mirziyoyev Yevropa, AQSh siyosiy elitasida to’laqonli ishonch qozonishi kerak, mamlakat haqiqatda inson huquqlarini hurmat qilish, demokratik qadriyatlar, islohotlar yo’liga o’tganiga ishontirishi kerak. Bu O’zbekistonga sarmoyalar kirishi, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash yo’lidagi asosiy qadam hisoblanadi. Lekin, afsuski, hozirgacha Shavkat Mirziyoyev nafaqat xorij axborot vositalari, balki O’zbekistonning o’zidagi nashrlarga ham biror marta intervyu, suhbat bergani yo’q”, - deydi sharhlovchi.

Yevropa Ittifoqi Oliy komissari Federika Mogerini O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan ikki bor mamlakatda bo’ldi. Markaziy Osiyo hamkorligiga doir Samarqandda o’tgan, keyinroq Toshkentdagi Afg’oniston bo’yicha konferensiyada qatnashgan Mogerini safari davomida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan, hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o’tkazgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG