Breaking News

Pompeo: Prezident dunyo yetakchilari bilan yopiq muloqot o'tkazishga haqli


Kongressda Rossiya yuzasidan savol-javob
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:09 0:00

Kongressda Rossiya yuzasidan savol-javob

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Putin-Tramp uchrashuvi va AQSh rahbarining tashqi siyosati bo'yicha qonunchilar tomonidan so'roqqa tutildi. Respublikachi va demokrat senatorlar Finlyandiyada o'tgan uchrashuvda nimalar haqida gap borgani bilan qiziqdi. Bu orada Putin va Trampning navbatdagi uchrashuvi kelasi yilgacha bo'lmasligi hamda AQSh Qrimni hech qachon Rossiyaning tarkibiy qismi sifatida tan olmasligi haqida Oq uy bayonoti yangradi.

​25-iyul kuni Davlat kotibi Mayk Pompeo Kongressda qonunchilarning keskin savollariga tutildi. Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, respublikachi Bob Korker o'z xavotirlarini yashirmadi.

"Oq uy va uning tashqi siyosati haqida xavotir va shubhalarga ega bir guruh senatorlar bilan yuzlashib turibsiz. Buning bir qator sabablari bor. Ma'muriyatning yetarli ma'lumot bermayotgani ulardan biri", - dedi Korker.

Senatorga ko'ra, Tramp Xelsinkidagi sammitda Prezident Putinga tobedek ko'rindi.

Demokrat senator Bob Menendez Pompeoni yanada qattiqroq siquvga oldi. Tramp Putin bilan nima haqda gaplashdi, deya so'radi u.

"Janob kotib, savolimni aylantirmang. Savolim haqiqatni bilish haqida. Haqiqat nimaligini bilmaymiz. Haqiqatni bilishning yagona yo'la o'sha ikki soatlik yuzma-yuz uchrashuvda nima bo'lganini bilish, bu haqda prezident sizga ma'lumot berdimi?" - deya so'radi Menendez.

Pompeoga ko'ra, prezident dunyo yetakchilari bilan yopiq muloqot olib borish huquqiga ega. Tramp nega Rossiyaning saylovga aralashuvini "safsata" deb atashi haqidagi savolga aniq javob berilmadi.

"Prezident Tramp Rossiyaning 2016-yilgi saylovga aralashgani haqidagi razvedkamiz xulosasini qabul qilishini aytdi. U nima yuz berganini to'liq va to'g'ri tushunadi. Bu haqda unga bir yildan ortiq ma'lumot berib turganman", - dedi Pompeo.

Pompeo Davlat kotibi bo'lishidan oldin Markaziy Razvedka Agentligini boshqargan. Kongressdagi tergov esa yana davom etishi mumkin. Senator Korkerga ko'ra, bu faqat boshlanishi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG