Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O’zbekistonning Markaziy Osiyo bo’yicha tashabbuslarini qo’llashga tayyor. O’tgan hafta Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan YTTB prezidenti Sumi Chakraborti Markaziy Osiyo bo’yicha loyihalarni qo’llashga qat’iy ishonch bildirgan. Tashqi siyosatda Markaziy Osiyoni ustuvor yo’nalish sifatida e’lon qilgan Mirziyoyevning mintaqaviy tashabbuslari hozircha asosan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bilan ko’zga tashlanadi. Markaziy Osiyoni integratsiyalashgan yaxlit mintaqaga aylantirish mintaqa liderlaridan siyosiy iroda talab etishi ta’kidlanmoqda.
Munosabatlar iliqlashayotgan, o’zaro hamkorlikka kirishayotgan bugungi Markaziy Osiyo chegaralar berkitilgan, o’zaro shubha- gumonlarga ko’milgan ikki yil avvalgi mintaqadan tubdan farq qiladi.
Ko’pchilik - mintaqa liderlari, aholi, shu jumladan, xalqaro hamjamiyat vakillari buning uchun O’zbekistondan, uning yangi yetakchisi Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor.
Mirziyoyev bilan Toshkentda navbatdagi uchrashuvda bo’lgan YTTB prezidenti Sumi Chakraborti ham O’zbekiston rahbariga mintaqaviy taraqqiyot, barqarorlikni ta’minlash yo’lidagi tashabbuslari uchun alohida minnatdorlik bildirgan, Yevropa banki O’zbekistonning Markaziy Osiyoga oid tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytgan.
Aksariyat investorlari Yevropa Ittifoqi a’zolaridan iborat YTTB, o’z missiyasiga ko’ra, inson huquqlari, ijtimoiy, siyosiy vaziyatga ham diqqat qiluvchi yirik moliyaviy tashkilotlardan biri.
Bundan tashqari, yirik geosiyosiy qudratlar - AQSh, Yevropa Ittifoqi, shuningdek BMT va boshqa ko’plab xalqaro tashkilotlar ham Markaziy Osiyodagi yangi siyosiy muhitni, mintaqaviy o’zgarishlarni e’tirof etgan, qo’llab-quvvatlashlarini bildirishgan.
Bu jarayon O’zbekistonda hokimiyat almashishi, Prezident Mirziyoyevning mintaqa bo’ylab uyushtirgan davlat tashriflari, muzokaralari ortidan kuzatilmoqda.
Toshkent tanlagan Markaziy Osiyo ustuvorligi siyosati, asosan, mintaqa davlatlari bilan ikki tomonlama aloqalar rivojlanishida o’z ifodasini topmoqda.
O'zbekiston mintaqaga yangi integratsion loyiha, tizim yoki tuzilma taklif etayotgani yo’q, mintaqa norasmiy sammitini o’tkazish tashabbusi ham aynan Markaziy Osiyoda biror tashkilot tuzish qarori yo’qligi haqidagi izoh bilan kuzatilgan edi.
“Bugun mintaqada muammolar yechimini birgalikda izlashga ehtiyoj kuchli. Shuning uchun mintaqa prezidentlarining maslahatlashuv uchrashuvini o’tkazish tashabbusini bildirdik. Ta’kidlamoqchiman, gap Markaziy Osiyoda o’z nizomiga ega bo’lgan biror xalqaro tashkilot tuzish haqida bormayapti, yo’q, mintaqa liderlarining yig’ilishi mintaqaviy muammolarni o’zaro muhokama qilishdan iborat bo’ladi”, - degan edi mintaqa yetakchilarining norasmiy sammitini o’tkazish tashabbusini bildirgan Mirziyoyev.
Mirziyoyev tashabbusiga ko’ra mintaqa liderlarini yig’ilishi mart oyida Ostonada bo’lib o’tdi, unda Markaziy Osiyo taqdiriga doir biror qaror qabul qilinmadi, ammo 10 yillik tanaffusdan so’ng sammit o’tayotganini o’zi muhim voqea sifatida e’tirof qilindi. Bu sammit hatto mintaqaviy integratsiyaga shubhali qarab kelayotgan Rossiya axborot vositalari, ekspert doiralari tanqidiga ham sabab bo’lgan edi.
Siyosatshunos Farhod Tolipov sobiq prezident Islom Karimov davridan beri mintaqaviy integratsiya masalasiga doir vaziyatni o’rganib keladi.
Unga ko’ra, mintaqadagi siyosiy vaziyatda ehtiyotkorona o’zgarishlar kechmoqda. Bugun Markaziy Osiyoda Rossiya roziligisiz yoki ishtirokisiz integratsiya bo’lmasligi haqidagi qarashlardan voz kechish kerak, deydi u.
“Ostonada o’tgan sammit shunchaki norasmiy uchrashuv edi, integratsiya tomon qo’yilgan biror aniq qadam emas. Davlat rahbarlarining o’zlari ham shuni aytishdi, mintaqaviy muammolarni muhokama qildik, ularga qanday yechim topish mumkinligi haqida gaplashdik, deb. Xususan, uchrashuvga mezbonlik qilgan Nazarboyev ham shu ma’noda gapirdi. Ammo shunga qaramasdan, bu norasmiy sammitga salbiy reaksiya ko’rsatgan yagona davlat bu Rossiya, uning axborot vositalari, ekspertlari bo’ldi. Ular Rossiya ishtirokisiz Markaziy Osiyoning integratsiyasi amalga oshishi mumkin emas, deb qarashadi. Agar biz Markaziy Osiyoda integratsiyaviy jarayonlarning yangi to’lqini rasman boshlandi, deb qaragan taqdirimizda ham, bu jarayonning Rossiya ishtirokisiz amalga oshmasligiga hech qanday asosli dalil yo’q”, deydi Farxod Tolipov.
Samarqandda Markaziy Osiyo hamkorligiga doir, Toshkentda Afg’oniston yuzasidan o’tgan xalqaro konferensiyada ham mintaqaviy hamkorlik masalasi turli ekspertlar tomonidan muhokama qilingan edi.
Ammo hozircha turli siyosiy, harbiy bloklarga tortilgan Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy integratsiyasi muhokamalar darajasida, Toshkentda yoki mintaqaning boshqa bir davlatida integratsiyasiga doir aniq bir reja, loyiha borligi kuzatilmaydi.
Facebook Forum