Breaking News

Yosh yetakchilar dunyo yoshlari muammolariga e'tibor qaratdi


"Amerika Ovozi"da yoshlar forumi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

Dunyo bo'ylab millionlab yoshlar yaxshi ta'lim va ish joyiga ega emas, qashshoqlikda yashaydi. Ular yuzlashayotgan ijtimoiy va iqtisodiy masalalar - ishsizlik va daromaddagi notenglikdan tortib siyosiy beqarorlikkacha bo'lgan muammolar - "Amerika Ovozi" tashkil etgan forumda muhokama qilindi.

Vashingtondagi Axborot muzeyida yosh yetakchilar va ishbilarmonlar yig'ilib, dunyo yoshlari yuzlashayotgan muammolar haqida gaplashdi.

Ular orasida Janubiy Afrika sobiq prezidenti Nelson Mandelaning nabirasi ham bor.

"Nafaqat ishsiz yoshlar, balki ishga yaroqsiz yoshlar ham ko'p. Chunki ularda ish uchun kerakli malaka yo'q. Shu bois biz jamg'armamiz orqali yoshlarga texnologiya, ko'nikma va tadbirkorlikni o'rgatamiz", - deydi Ndaba Mandela.

BMT taqdim etgan so'nggi ma'lumotga ko'ra, dunyo aholisining yarmidan ko'pi 30 yoshdan kichik. Ularning 66 milliondan ortig'i ishsiz.

Ish yaratish uchun yigit-qizlar haqidagi mavjud qarashlarni ham o'zgartirish kerak, deydi tadbirkor Nasrin Ali Muhammad.

"Biznes boshlamoqchi bo'lgan, malakasi bor bir ayolga yordam bermoqchi edik, lekin eri ruxsat bermadi. Muloqot shaxsiy darajada ham olib borilishi kerak", - deydi u.

Pokistonning skvosh o'yini bo'yicha ilk ayol sportchisi Mariya Turpakay Vazirning aytishicha, yoshlarning to'liq imkoniyatini namoyon etishda sport muhim rol o'ynaydi.

"Ekstremizm va terrorizm muammosini sport orqali hal qilish mumkin. Ta'lim ham, shubhasiz, juda muhim. Faqat ta'limning o'zi kifoya qilmaydi, sport va ta'lim birga bo'lishi kerak", - deydi u.

Afg'oniston savdo vazirining sobiq o'rinbosari Muzammil Shinvarining kelajakdan umidlari katta.

"Afg'onistonning keyingi parlamenti, asosan, yosh deputatlardan iborat bo'ladi, degan umiddaman. 35 yoshdan kichik bo'lishadi", - deydi u.

Tunislik faol Ayman Abdurahmonga ko'ra, bunday kelajakka erishish uchun yoshlar tashabbusni o'z qo'liga olishi kerak.

"Yechimlar va afzal vaziyatlar osmondan tushmaydi. Ular uchun kurashish kerak", - deydi u.

Ammo yoshlar uchun imkoniyat yaratishda kichiklar ham, kattalar ham birga ishlashi kerak, deydi kurd-amerikalik bloger Rudan Balay.

"Ovozingizni eshitish uchun keksa siyosatchilar yoshlarga stoldan joy berishi kerak. Ular shuni qilmayapti. Avvalroq aytganimizdek, yoshlar buni o'z qo'llariga olishi lozim", - deydi u.

"Amerika Ovozi" forumi Xalqaro yoshlar kuni (12-avgust) arafasida o'tkazildi. Maqsad dunyo yoshlari yuzlashayotgan madaniy va siyosiy masalalarga e'tiborni oshirish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG