Breaking News

Amerika iqtisodiyotini kim qanday baholaydi?


Aksariyat ko’rsatkichlar bo’yicha Amerika iqtisodiyoti rivojlanmoqda. Prezident Donald Tramp bu haqda g’urur bilan gapiradi. Ammo amerikaliklardan mamlakat hozir qay ahvolda deb so’rasangiz, siyosiy qarashlaridan kelib chiqqan holda ulardan har xil javob olasiz.

Raqamlarga qaralsa, AQSh iqtisodiyotida ishlar besh. Ikkinchi kvartalda o’sish 4,1 foizni tashkil etdi. Ishsizlik 2000-yildan beri eng past darajada – 3,9 foiz. Xususiy sektorda inqirozdan beri qariyb 20 million ish o’rinlari yaratilgan. Iste’molchilarning ishonchi baland.

Prezident Tramp bularga ishora qilib, o’z siyosatini maqtaydi.

“Amerika hurmatini qayta qozondi, barcha jabhalarda g’olibmiz, chunki manfaatlarimiz birinchi o’rinda. Qayerga qaramaylik, iqtisodiy mo’jizaga guvohmiz”, - deydi Tramp.

Tarafdorlari ham shu fikrda.

“Iqtisodiy siyosati a’lo darajada, iqtisod gurkirab o’sayapti. Byurokratik qoidalarning bekor qilinishi yaxshi natija berdi”, - deydi nyu-yorklik Dan Smolarek.

Biroq aksincha fikrlaydiganlar ham talaygina.

“Unga beradigan bahoim - 100 dan 30. Hal etilishi kerak bo’lgan muammo ko’p. Boshqa prezidentlar kabi yumushlari qiyin, ko’proq ishlashi kerak”, - deydi denverlik Maykl Harris.

Amerikaliklarning iqtisodiyotga yondashuvi ular qanday ovoz berishiga bog’liq.

“Iqtisodiyotda nimalar bo’layotganini idrok etish qiyin, xalq yutuqlar haqida umumiy tushunchaga ega. Odamlar voqelikni qanday qabul qilishi ular qaysi partiya tarafdori ekaniga bog’liq. Siyosat haqida gapirganda, avvalo jamiyatda tarafkashlik avj olganini qayd etish kerak. Shunday ekan, iqtisodiyotga, hozirgi turmushga munosabatingiz aynan siyosiy qarashlaringizdan kelib chiqadi”, - deydi tahlilchi Robert Griffin.

Saylovchilarni o’rganish bo’yicha demokratiya jamg’armasi sakkiz ming amerikalik bilan suhbatlar asosida shunday xulosaga kelgan. Bugungi tarafkashlik, deydi Griffin, odamlarning har bir masalaga, jumladan iqtisodiyotga munosabatida aks etadi. Bu - so’nggi 15 yilda kuzatilayotgan voqelik, deydi Amerika Biznes Institutidan Rayn Striter.

Uning fikriga ko'ra: “Moliyaviy inqirozdan beri so’nggi 10 yilda iqtisodiy optimizm oshib borayotganiga guvohmiz. O’sish bo’layapti deb hisoblaydiganlar 11 foizdan 53 foizga chiqdi. Obama ma’muriyati davrida demokratlarda ishonch baland edi, hozir Tramp davrida esa respublikachilarda”.

Bundan tashqari, odamlarning topish-tutishi ham ularning qarashlarini belgilar ekan.

Hozir AQShda ishsizlik darajasi past, lekin maoshlar ko’tarilmayapti. Iqtisodiy o’sishdan asosan badavlat fuqarolar foyda qilayotgani ma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG