Breaking News

Oʻzbekistonlik teatr aktyorlari Oʻshda tomosha berdi


O'zbek teatri Qirg'izistonda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:05 0:00

19-sentabr kuni Oʻzbek Milliy Akademik Drama teatri aktyorlari Qirgʻizistonning Oʻsh shahriga ijodiy gastrol bilan tashrif buyurdi.

Toshkentdan kelgan san'atkorlar ikki kun davomida Bobur akademik teatrida Erkin Xushvaqtov asari asosida sahnalashtirilgan “Qirmizi olma” spektaklini namoyish etishdi.

Milliy teatr direktori, taniqli aktyor Fathulla Mas'udov oʻz soʻzida ushbu tashrif Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlarining oʻzaro aloqalari yoʻlidagi tadbirlardan biri ekanini tilga olib oʻtdi.

“Ikki davlat prezidentlarining oʻzaro kelishuvi asosida ikki mamlakat eshiklari, qalb eshiklari bir-biriga ochilib ketdi. Qondoshlik, qarindoshlik-urugʻchilik, doʻstlik, Xudo xohlasa, yoʻlga qoʻyilib, yana mustahkamlanadi. Shuning uchun ham keldik, biz”, - deydi Oʻzbek Milliy Akademik Drama teatri direktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Fathulla Mas'udov.

Oʻzbekistonlik taniqli aktrisa, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Muyassar Berdiqulova qoʻshni davlatda koʻrsatilgan eʼtibor sabab oʻzini goʻyoki boshqa mamlakatda emas, Oʻzbekistonda yurgandek his qilayotganini aytadi.

“Ikki davlat oʻrtasidagi chegaradan oʻtishimizning oʻzidayoq bizni chiroyli kutib olishdi. Oʻzimizning postdan oʻtdik, kuttirmasdan, qiynamay oʻtkazishdi. Qirgʻiziston chegarasida ham ochiq chehra bilan kutib olib, shaharga kuzatib qoʻyishdi. Qirgʻizistonga kelib, xuddi oʻz yurtimizda yurgandek taassurot paydo boʻldi. Qirgʻiziston xalqi, muxlislar shunaqangi iliq kutib oldi. Ular ham bizni tanir ekan, yaxshi koʻrishar ekan. Biz ularning munosabatini koʻrib, juda xursand boʻldik”, - deydi u.

Oʻzbek milliy akademik drama teatrining direktor oʻrinbosari Asadullo Nabiyev ayni vaqtda Milliy teatrda Chingiz Aytmatov asarlari sahnalashtirilayotgani va bu ham davlatlar, xalqlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlashda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O'sh teatrida qo'yilgan "Qirmizi olma" tomoshasi
O'sh teatrida qo'yilgan "Qirmizi olma" tomoshasi

“Qirmizi olma” komediyasi har bir luqmani halollab yeyish kerak degan fikrni ilgari suradi. Spektakl oʻshlik tomoshabinlar tomonidan iliq qarshi olindi.

Tashrifning ikkinchi kuni Bobur nomidagi akademik oʻzbek teatri hamda toshkentlik aktyorlarning oʻzaro davra suhbati bilan boshlanib, bundan keyin ham oʻzaro aloqalarni davom ettirish, ijodiy hamkorlik borasida kelishildi.

2016-yilning oktabr oyidan beri qayta tiklanib kelayotgan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi madaniy aloqalar uzoq yillardan beri uzilib qolgan edi. Oxirgi ikki yil ichida esa ikki davlatning madaniy xodimlari tez-tez bordi-keldi qilib kelishmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG