Xitoyning zamonaviylashib borayotgan harbiy salohiyati bilan munosib raqobat qilish uchun AQSh yanada ko’proq tanker samolyotlari eskadroniga ehtiyoj sezmoqda.
“Tinch okeani hududidagi yetakchilik masofalar ustidan hukmronlikka tayanadi. Shunday ekan, tanker eskadronlari juda muhim ahamiyatga ega”, - deydi AQSh Havo kuchlari vaziri Xezer Vilson.
10-oktabr kuni Senatda AQSh havo kuchlarining jangovar shayligi yuzasidan tinglovda vazir shunday bayonot berdi.
Harbiy samolyotlarga parvoz vaqtida yoq’ilg’i quyish uchun mo’ljallangan tanker eskadronlari soni 2030-yilga qadar 54 taga ko’paytiriladi.
“Qarshimizdan chiqadigan eng jiddiy tahdid Xitoy bo’ladi”, - deydi Vilson.
AQSh harbiy kuchlarining “suvda erkin harakatlanish” operatsiyasi Xitoyning xalqaro suv hududidagi da’volariga qarshi chora sifatida amalga oshirilgan. Bu jahon savdo mahsulotlarining teng yarmi o'tadigan Tinch okeani uzra erkin harakatlanish imkonini beradi.
O’tgan oyda AQSh havo kuchlarining B-52 qiruvchi samolyotlari Janubiy va Sharqiy Xitoy dengizi ustidan o’tgan xalqaro havo hududida tranzit operatsiyalarini amalga oshirdi. Pentagon buni ayni hududda o’zining “doimiy qiruvchi samolyotlari mavjudligini ma’lum qilish” deya izohlagan bo’lsa, Xitoy bu harakatlarni “provakatsion” deb atadi.
AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis joriy yil avvalida mamlakatning raqobatchi tomonlarga nisbatan ustunligini qo’ldan boy berayotganligiga doir fikr bildirgan edi.
“Bizning harbiy salohiyatimiz hanuz qudratli, biroq raqobatdagi ustunlik barcha harbiy to’qnashuv makonlari – havo, quruqlik, dengiz, fazo va kiberkoinotda barham topdi va barham topishda davom etmoqda”, - degan edi Mattis.
Liberal va konservativ tanqidchilar nazarida, federal xarajatlarni qisqartirish kerak bo'lgan bir paytda harbiy sohaga katta mablag’ ajratish AQSh qarzini orttiradi.
Mattisning ogohlantirishicha, Amerikaning “jang maydonlaridagi g’alabaga oldindan belgilab qo’yilgan haqqi yo’q”. Shunday ekan, jahonning eng kuchli jangovar mamlakati maqomini saqlab qolish uchun zarur mablag' ajratilishi lozim.
“Bu qimmatga tushadi. Tan olamiz. Biroq bu bizni zaif deb hisoblab, ana shu kamchilgimizdan foydalangan tomon bilan urushga kirishdan arzonroq bo’ladi”, - deydi Mattis.
Facebook Forum