Breaking News

“Andalib” tanlovi Tojikistonda iqtidorlarni kashf etmoqda


Tojikistonda 2018-yil “Xalq hunarmandchiligi va turizmni rivojlantirish yili” deb e’lon qilingan. Davlat dasturiga ko’ra, mazkur sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Respublikada badiiy havaskorlarning ko’rik tanlovlari o’tkaziladi. Mamlakat miqyosida o’tkaziladigan ana shunday tadbirlardan biri “Andalib”, ya’ni, “Bulbul” deb nomlanadi.

Tojikiston shimolidagi So’g’d viloyati Spitamen nohiyasi madaniyat saroyi direktori Bahodir Barakayev aytadiki, bu kabi tadbirlar xalq orasida iqtidorlarni kashf etishga mo’ljallangan. Tadbir nafaqat badiiy havaskorlar, balki xalq hunarmandlari ijodini ham o’z ichiga olgan.

“Masalan, bu yilgi tadbirimizda Farmonqo’rg’on qishlog’idan Murotali Usmonov o’zining xo’l novdalardan to’qilgan savatlari bilan ishtirok etgan bo’lsa, qadimiy Kurushkada qishlog’idan kulolchi-haykaltaroshlarimiz turli hayvonlarning haykalchalari bilan qatnashdi. “Vorisoni Somoniyon” deb nomlanuvchi o’smirlar ijod maktabi vakillari esa o’zlari to’gigan gilamcha va qo’g’irchoqlarini namoyish etdi.

Istiqlol qishlog’idan maqom yo’nalishida kuylagan Muhriddin To’raboyev, yakka raqs ijro etgan Ozoda Mamatova ko’rikda eng yuksak baholarga erishib, poytaxt Dushanbeda o’tkaziladigan yakuniy respublika bosqichiga yo’llanmani qo’lga kiritdi.

Milliy cholg’u sozandalaridan rubobda Muhammadjon A’zamov, g’ijjakda Osimjon Yunusov, sozda Baxtiyor Abduvohidov, changda Karimjon Rahimov, doirada Javohir Abdurazzoqov va tanburda Muzaffar Mansurovlar tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo’ldi.

“Spitamen nohiyasi aholisi 120 mingdan kishidan ortadi va asosan o’zbeklardan tarkib topgan. Nohiya Mirzo Pardayev, Qodirjon Mirashurov, Tojiniso Niyozova kabi taniqli hofiz va musiqachilarni voyaga yetkazgan. Mashhur o’zbek aktyori Shukur Burhonov nomidagi o’zbek musiqali drama teatri bejiz bu yerda joylashmagan”, - deydi Bahodir Barakayev.

Tanlovda nohiyaning yosh kashtachilari utozlari Taxmina Daukova boshchiligida o’z ko’rgazmalarini namoyish qildi. Ular orasida qo’lda yasalgan milliy qo’g’irchoqlar va tabiiy mahsulotlardan to’qilgan kichik gilamchalar ko’pchilikning e’tiborini qozondi.

Spitamen nohiyasi madaniyat bo’limiga Temurjon Saidov raislik qilib keladi. U “Andalib” ko’rigiga akapella, ya’ni, 11 kishilik musiqasiz xor ijrosini tayyorlagan mutaxassis Egamjon Eshmatovning mehnatini yuqori baholadi.

“Umuman, viloyat hakamlari nohiyamiz badiiy havaskorlari va hunarmandlari ishini 131 ballga baholashdi. Bu - yuqori ko’rsatkich. Tadbirga bosh-qosh bo’lgan badiiy rahbarimiz Safar Otayevning bunda munosib ulushi bor”, - deydi u.

Tadbirda Yaponiyadan tashrif buyurgan mehmonlar “Dzenyokukyo” butunyapon assotsiatsiyasi bosh kotibi Yosida Kadzunori va uning hamrohi Yamada Mixo Tojikiston xalq hunarmandchiligi va badiiy ijodida yapon madaniyatiga o’xshashlik borligini ta’kidladi.

“Bu yerda xalq odobi va ustoz-shogird munosabatlarida yaponlarga xos ayrim uyg’unliklarni ko’rdik. Keksalarga hurmat, yoshlarga izzat uzoq vatanimizni eslatdi. Biz ham Yaponiyada hunarmandchilk va badiiy havaskorlikka alohida diqqat qaratamiz. Madaniyatlarimizning uyg’unlik jihatlari bizni quvontiradi,-deydi Yamada Mixo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG