Breaking News

Maxsus elchi Ilhom Ne'matov: O'zbekiston hamisha muzokara va murosa yo'lidan boradi


Markaziy Osiyo/O'zbekiston: Maxsus topshiriqlar bo'yicha elchi Ilhom Ne'matov
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:22 0:00

Markaziy Osiyo/O'zbekiston: Maxsus topshiriqlar bo'yicha elchi Ilhom Ne'matov

O'zbekistonning Maxsus topshiriqlar bo'yicha elchisi Ilhom Ne'matov qo'shni davlatlar bilan muzokaralarga bosh-qosh. "Amerika Ovozi" diplomat bilan Shahrisabzda 6-sentabr kuni Xalqaro maqom festivali ochilayotgan paytda muloqot qildi. Ne'matovning qayd etishicha, O'zbekiston bugungi yo'lidan qaytmaydi, ya'ni nafaqat qo'shnilar balki uzoq-yaqindagi barcha davlatlar bilan muzokara va murosa yo'lidan boradi. Kelishib ishlash, mintaqaviy ahillik va birdamlik - asosiy maqsadlar, deydi respublikaning yetakchi diplomati. Intervyu bilan tanishing.

Maxsus elchi Ilhom Ne'matov: O'zbekiston qo'shnilari bilan kelishib yashaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:22 0:00
Yuklab oling

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Shahrisabzdan assalom! O’zbekistonning bu ko’hna zaminida xalqaro maqom festivali ochilish arafasida. Bir soatdan keyin minbarga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqadi. Bu nafaqat madaniy tadbir, balki siyosiy diplomatik voqeadir. O’zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan, xususan, qo’shnilari bilan har doimgidan ham yaqin va ahil ekanini ko’rsatishga harakat qilmoqda. Bu yerdagi ko’rgazmalarda ham nafaqat O’zbekistonning 12 viloyati va Qoraqalpog'iston Avtonom Respublikasi, balki qo’shni davlatlarga xos madaniyat ham namoyish etilgan.

Ilhom Ne’matov, Sizga katta rahmat bu imkoniyat uchun. Siz - O’zbekistonning maxsus topshiriqlar bo’yicha maxsus elchisisiz. Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashda va oradagi nozik muammolarni hal qilishda muhim rol o’ynab kelayapsiz. Buni bilamiz, lekin kamera oldida ko’p ko’rinmaysiz. Shu bois, xalqaro maqom festivali bahonasida Sizni shu yerda ko’rib turganimizdan judayam xursandmiz.

... pragmatik va do’stona siyosat olib borilayapti. Buning natijasida mana bugun, bu nafaqat mening bahoyim, balki xalqaro ekspertlarning bahosi: aytishayaptiki, mana shu siyosat natijasida bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo sog’lom muhit va do’stona vaziyat yuzaga keldi.

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Katta rahmat. Avvalom bor, assalomu alaykum. Men ham xalqaro maqom festivali bahonasida Sizni Shahrisabzda ko’rib turishdan hursandman. Mana bugun ko’rganingizday, juda ko’p chet eldan mehmonlar kelgan, elchilar va umuman boshqa nufuzli mehmonlar. Ular ham aytishayaptiki, keyingi paytlarda xalqaro maydonda O’zbekistonning obro’si nihoyat darajada oshib borayapti. Demak, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning olib borayotgan siyosatini butun dunyo qo’llab-quvvatlayapti. Hozir aytganingizday mening ekranda kam ko’rinishimning sababi keyingi paytlarda men chegara masalalariga mas’ullik qilayapman.

Doim safarlarda bo’layapmiz: Qirg’izistonda, Tojikistonda, Qozog’istonda, Turkmanistonda. Xullas, qo’shni davlatlar bilan biz chegara masalalarida ish olib borayapmiz. Keyingi paytda, xabaringiz bor, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich tashabbuslari bilan Markaziy Osiyoda nihoyatda ochiq, pragmatik va do’stona siyosat olib borilayapti. Buning natijasida mana bugun, bu nafaqat mening bahoyim, balki xalqaro ekspertlarning bahosi: aytishayaptiki, mana shu siyosat natijasida bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo sog’lom muhit va do’stona vaziyat yuzaga keldi. Bu do’stona vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi aloqalarni har tomonlama – siyosiy aloqalarni, madaniy aloqalarni va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga juda katta yordam berayapti degan baholar berilayapti.

Bu, albatta, to’g’ri. Chunki men buni o’zim ko’rayapman, chet elga safarga borganimizda, qo’shni davlatlarda ham, rasmiylardan tortib, oddiy xalqqacha bizning siyosatimizni qo’llab-quvvatlayapti. Shavkat Miromonovichning olib borayotgan ochiq siyosatidan juda ham hursand. Hattoki, qo’shni davlatlarda masjidlarda ham duo qilishayapti. Shuning uchun aytmoqchimanki, mana shu siyosat natijasida yillar davomida ildiz otgan muammolarning yechimi topildi. Ya’ni, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan unumli foydalanish, savdo-sotiqni rivojlantirish, chegaralardan o’tish, chegara muammolarini hal qilish bo’yicha o’ta chigal, o’ta murakkab masalalarning yechimi topildi.

Bilasiz, biz qo’ni-qo’shnilar bilan qarindosh-urug’, quda-anda bo’lib yashaymiz. Shuning uchun oddiy xalq nihoyatda xursand. Bir kunda Qirg’izistondan 30 ming odam o’tayapti.

Biz mana shu siyosat natijasida o’tgan yilning 5-sentabrida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Qirg’iziston Respublikasiga amalga oshirilgan davlat tashrifi chog’ida Qirg’iziston bilan demarkatsiya bo’yicha kelishilgan uchastkalarga doir bitim imzoladik. Bu juda katta yutuq bo’ldi. O’zbekiston va Qirg’iziston chegaralaridagi punktlarning ochilishi munosabati bilan bugungi kunda 30 ming odam O’zbekistondan Qirg’izistonga, Qirg’izistondan O’zbekistonga o’tayapti. Bu, birinchi o’rinda, iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga sabab bo’layapti. So’nggi statistik ma’lumotlarga qarasak, Qirg’iziston bilan savdo aloqalarimiz 30 foizdan ko’proqqa oshib ketdi. Undan tashqari eng katta yutug’imiz bu – chegara atrofida yashayotgan aholiga juda qulay sharoit yaratildi. Bilasiz, biz qo’ni-qo’shnilar bilan qarindosh-urug’, quda-anda bo’lib yashaymiz. Shuning uchun oddiy xalq nihoyatda xursand. Bir kunda, yana qaytarib aytaman, Qirg’izistondan 30 ming odam o’tayapti.

Ikkinchidan, shu yilning 9-mart kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashriflari bo’ldi. Mana shu tashrif doirasida biz Tojikiston bilan chegara masalasida bitim imzoladik. Bu bitim ham hozirgi kunda ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga juda katta yordam berayapti. Ayniqsa, siyosiy aloqalarimiz, iqtisodiy aloqalarimiz va gumanitar aloqalarimiz rivojlanmoqda. O’zbekistonda Tojikiston kinosi kunlari, Tojikiston madaniyati kunlari, Tojikistonda ham O’zbekiston kinosi, madaniyati kunlari, ko’rgazmalar tashkil etildi. Aloqalarimiz har tomonlama nihoyat darajada rivoj topmoqda. Tojikiston bilan mavjud 16 ta chegara punktlarimizning hammasi ochildi. Shu munosabat bilan ikki davlatdan kuniga 20 ming odam chegaradan o’tayapti.

Xullas, hozirgi kunda biz hamma qo’shni davlatlar – Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikikston va Turkmaniston bilan intensiv ravishda muzokaralar olib borayapmiz. Men o’ylaymanki, yaqin yillarda biz mavjud masalalarning tagiga yetamiz va chegaralarimizni huquqiy asosda rasmiylashtiramiz. Chegaralarimiz do’stlik, hamkorlik chegarasiga aylanadi degan umiddamiz.

Xullas, hozirgi kunda biz hamma qo’shni davlatlar – Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikikston va Turkmaniston bilan intensiv ravishda muzokaralar olib borayapmiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Siz hozir keltirayotgan misollarning ko’pi siyosiy iroda mavjudligini isbotlaydigan qadamlar. Siz bilasiz, biz bilamiz, siyosiy irodaning, xohishning o’zi yetmaydi. Ya’ni buning ortida og’ir mehnat turibdi. Hozir siz aytayotgan edingiz menga men Toshkentda emasman, doimiy safarlar, doimiz muzokaralar bilanman deb: Parda ortidagi jarayonlar haqida ham gapirib bering. Xalqqa, odatda, qilingan qarorlar va natijalar haqida aytiladi, lekin parda ortida shu paytgacha muammolar bor edi qo’shni davlatlar bilan. Mana shu sababli aloqalar tomonlar istaganiday emas edi. Chegara punktlari yopiq edi. Nimalar qilindiki, hozirgi natijaga erishdik?

Avvalgi 15 yil ichida olib borilgan muzokaralar hech qanday natija bermadi. Pirovard natijada boshi berk ko’chaga kirib qoldi.

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Albatta, bu savolingiz juda ham o’rinli, juda ham to’g’ri. Haqiqatdan ham biz chegara masalalari bo’yicha muzokaralarni 2000-yilda boshlaganmiz. Mana hozir 2018-yilda turibmiz. Avvalgi 15 yil ichida olib borilgan muzokaralar hech qanday natija bermadi. Pirovard natijada boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev olib borayotgan siyosatlari natijasida 2016-yilda mana shu masalalarning yechimini topdik. Albatta, oldin ham masalalarga to’g’ri yondashuv bo’lganda hal qilish yo’li topilgan bo’lar edi. Lekin ayrim subyektiv sabablarga ko’ra, ijobiy natijaga erishilmadi.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Lekin bu faqat davlat rahbarining o’zgarganiga bog’liq emas, to’g’rimi?

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Men o’ylaymanki, mana shu masalalarni hal etishda juda katta rolni siyosiy iroda o’ynadi. Prezidentimizning siyosiy irodasi va qo’shni davlatlar o’rtasidagi ishonchning tiklanishi. Men, to’g’risini aytsam, keyingi yillarda ishonch yo’qolib qolgan edi. Ana shu ishonchning paydo bo’lgani va bizning Prezidentimizning siyosiy irodalari bilan shu masalalarni hal qilishga hozir qo’shnilar bilan kelishayapmiz.

Mana shu masalalarni hal qilishda biz Prezidentimiz topshiriqlari bilan uchta asosiy tamoyilga tayanib ish ko’rayapmiz. Birinchisi, ikki tomonlama manfaatlarni to’liq inobatga olish. Ikkinchisi, chuqur o’ylangan yo’llar bilan bir-birimizga yordam berish. Ya’ni oqilona murosa. Uchinchisi, zarur joylarda keng hajmli yer almashish. Chunki aynan shu chegara masalalarida bizga sobiq ittifoqdan juda og’ir bir me’ros qolgan. Mana biz ko’rib chiqdik: o’tgan asrning 20-yillarida qabul qilingan hujjatlar 30, 50-yillarda qabul qilingan hujjatlarga umuman to’g’ri kelmaydi. O’rtada chalkashlik bor. Birorta oxiriga yetkazilgan hujjat yo’q. Shuning uchun faqatgina murosa bilan, do’stona vaziyatda kelishish orqali hal etish mumkin bu masalalarni.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Hozirgacha, bizga aytishlaricha, faqat Qozog’iston bilangina chegara masalalari uzil-kesil hal qilingan, to’g’rimi shu?

Birinchisi, ikki tomonlama manfaatlarni to’liq inobatga olish. Ikkinchisi, chuqur o’ylangan yo’llar bilan bir-birimizga yordam berish.

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Chegaralar bo’yicha, delimitatsiya masalalari bo’yicha biz Qozog’iston bilan 2001-yilda imzolaganmiz hujjatlarni va 2002-yilning 9-oktabrida to’liq imzolaganmiz. Hozirgi kunda biz ular bilan demarkatsiya masalalari bo’yicha muzokaralar olib borayapmiz. Bu deyarli yakunlanib qoldi. Kelasi yilga Qozog’iston bilan demarkatsiya bo’yicha bitimni imzolasak, Qozog’iston bilan chegara masalalarini to’liq hal etgan bo’lamiz. Qozog’iston bilan chegaramiz eng uzun chegara, ya’ni 2253 km. Eng asosiy, muhim qo’shnimiz, har tomonlama, siyosiy, iqtisodiy tomondan, madaniy aloqalar tomonidan juda muhim qo’shni. Bizning Qozog’iston bilan aloqalarimiz avvaldan yaxshi rivojlanib kelgan, hozir ham aynan shunday.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Boshqa davlatlar bilan-chi?

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Hozir hamma qo’shni davlatlar bilan, siyosiy sohada, iqtisodiy sohada, madaniy sohada barqaror rivojlanib borayapti. Bundan asosan oddiy xalq juda xursand.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Oddiy xalqni xursand qilish u qadar qiyin emasligini ham ko’rdik. Ya’ni, chegara punktlarining ochilishining o’zi katta umidlarni uyg’ota oldi, kayfiyatni ko’tara oldi.

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Albatta, mana shu chegara punktlari ochilganidan keyin bir-bir bilan 15 yil, 20 yil ko’rishmagan quda-andalar, qarindosh-urug’lar ko’rishdi. Men o’zim ko’zim bilan ko’rdim chegara ochilganda bir-birlari bilan quchoqlashib, yig’lab ko’rishdi odamlar. Shuning uchun biz bundan juda hursandmiz. Chunki hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev doim qayta-qayta aytayaptilarki, bizdan xalq rozi bo’lsin deb. Mana hozirgi kunda odamlarning bir-birlari bilan hursand bo’lib uchrashayotgani, duo qilayotganini ko’rib, demak, xalq rozi degan xulosaga keldim.

O'zbekistonning Maxsis topshiriqlar bo'yicha maxsus elchisi Ilhom Ne'matov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, 6-sentabr, 2018, Shahrisabz
O'zbekistonning Maxsis topshiriqlar bo'yicha maxsus elchisi Ilhom Ne'matov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, 6-sentabr, 2018, Shahrisabz

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Qo’shni davlatlarning diplomatlari, rasmiylari bilan gaplashganimizda, ularning nazarida so’nggi ikki-uch yildagi mintaqadagi progress bu O’zbekistondagi o’zgarishlar bo’ldi. Ya’ni, O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qarorlar ularga ulkan umidlar bag’ishlamoqda. Shuning bilan birga, ishqilib O’zbekiston aynib qolmasin, hozirgi yo’lidan qaytmasin, orqaga qadam tashlashni boshlamasin degan havotirlar bor. Sezasizmi Siz buni, muzokaralarda o’zingizga ham aytishadimi bu haqda?

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Bu juda muhim savol. Ahamiyat bergan bo’lsangiz, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ko’p yig’ilishlarda aytayaptiki, biz mana shu boshlagan yo’limizdan orqaga qaytmaymiz, faqatgina oldinga qarab yuramiz deb. Shuning uchun men o’ylaymanki, bu yo’ldan hech qachon ortga qaytilmaydi. Chunki Prezidentimiz tomonidan avvaldan e’lon qilingan bizning tashqi siyosatimizning ustuvor yo’nalishi bu – bizning qo’shnilarimiz bo’ladi. Qo’shnilarimiz bilan biz har tomonlama aloqalarni rivojlantirsakkina, bizda tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy o’sish bo’ladi, degan gapni ko’p marta qaytarib aytayapti. Shuning uchun men Sizga ta’kidlab aytishim mumkinki, hech qachon orqaga qaytish bo’lmaydi.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Siz oldindan, Amerikada elchilik paytingizda ham sabr-toqat haqida gapirar edingiz. Strategik sabr, strategik toqat haqida. Sizni tinglab, tomosha qilib turgan o’zbekistonliklarga, qo’shni davlatlar xalqlariga nimaga nisbatan sabrli bo’lishni tavsiya etgan bo’lar edingiz? Chunki hozir qo’shnilar bilan aloqalar qanchahlik yaxshi bo’lmasin, oldinda yechilishi kerak bo’lgan masalalar talaygina. Tabiiyki, kelajakda muammolar bo’ladi, to’g’rimi?

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Albatta muammolar bo’ladi. Bu hayot muammosiz hayot emas. Albatta bu muammolarni hal qilish uchun nima qilish kerak? Faqatgina muzokara qilish kerak, diplomatiya yo’li bilan hal qilish kerak. Men shunday o’ylaymanki, har qanday muammo bo’yicha savol tug’ilsa, buni diplomatiya, muzokara, hamkorlik va tinchlik yo’li bilan hal etish kerak. Men ko’p davlatlarda ishladim: Hindistonda ishladim, Rossiyada ishladim. Amerikada ishladim, Germaniyada ishladim. Bizning niyatimiz faqatgina yaxshilik, tinchlik siyosatini olib borish. Tinchlik, hamkorlik bo’lsagina, xalqlar yaxshi yashaydi, davlatlar yaxshi rivojlanadi va mutlaq tinchlik saqlanadi.

O'zbekistonning Maxsis topshiriqlar bo'yicha maxsus elchisi Ilhom Ne'matov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, 6-sentabr, 2018, Shahrisabz
O'zbekistonning Maxsis topshiriqlar bo'yicha maxsus elchisi Ilhom Ne'matov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, 6-sentabr, 2018, Shahrisabz

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Madaniy diplomatiya haqida ham so’ramoqchiman. Bu soha bilan Siz bevosita shug’ullanmayotgan bo’lsangiz ham, Siz O’zbekistonning eng chiniqqan, tajribali diplomatlaridan birisiz. Madaniy diplomatiyaga hozir O’zbekistonda qanchalik e’tibor qaratilayapti? Masalan, bugungi tadbir ham madaniy diplomatiyaning yaqqol bir misoli. Lekin bu siyosiy tadbir.

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Xalqaro maqom festivali madaniy tadbir. Bilasiz, O’zbekistonda maqom chuqur ildiz otgan. Bugun mana ko’ramiz, Izro Malakov, Muhabbat Shamayeva, bularning hammasi O’zbekiston diyoridan chiqqan. Diplomatiyaning asosiy shohlaridan biri bu – madaniy aloqalar. Madaniyat va sport, bilasiz, eng kuchli diplomatiya hisoblanadi.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Shuning uchun ham siyosiy tadbir deyapman. Chunki bu O’zbekistonning madaniy ta’sirini oshiradi.

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Albatta, O’zbekiston, bilasiz, chuqur madaniyatga ega. O’zbekiston madaniyatining tarixi nihoyatda chuqur ildiz otgan. Mana “Sharq taronalari” degan bizning tadbirimiz bor. Musiqa festivali. Har ikki yilda bir o’tkaziladi. Unda ham juda ko’p mamlakatlardan taniqli san’atkorlar kelib qatnashadi. Bu ham bizning madaniy aloqalarimiz orqali siyosiy aloqalarimizning, iqtisodiy aloqalarimizning, to’g’ri ayatayapsiz, rivojlanishiga olib keladi. Albatta, bu madaniyat soxasi diplomatiyada juda katta rol o’ynaydi. Men o’ylaymanki, bugungi mana shu “Sharq taronalari”, maqom festivaliga o’xshagan tadbirlarimiz bizning kelajakdagi boshqa davlatlar bilan aloqalarimizga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Mana tadbirga juda ko’p chet el diplomatlari tashrif buyurdi, butun diplomatik korpus vakillari shu yerda.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Katta rahmat, sog’ bo’ling!

Maxsus elchi Ilhom Ne’matov: Rahmat, xursandman Sizni ko’rganimdan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG