Breaking News

Injilchilar - AQShda katta siyosiy kuch


Injilchilarning saylovga ta'siri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

Kongress oraliq saylovlari yaqinlashar ekan, Prezident Donald Tramp va Respublikachilar partiyasi injilchi nasroniylar yordamidan umidvor. Lekin aholining chorak qismini tashkil etuvchi bu diniy qatlam orasida bo'linish kuchli.

Konservativ nasroniylar saylov arafasida faollashgan. AQSh siyosiy maydonida ular katta kuch, ayniqsa, bu yilgi saylovlarda.

"Kavano ishi ularni faollashtirib yubordi", - deydi mahalliy rasmiylardan biri.

Oliy sud uchun konservativ nomzod Bret Kavanoning jinsiy zo'ravonlikda ayblanishi nasroniylarni g'azablantirdi.

Bu ularni Donald Trampga va respublikachilarga yanada yaqinlashtirdi.

"Injilchilarni sevaman. Ularning 83 foizi meni tanladi", - deydi Prezident Tramp.

Ammo bu to'g'ri raqam emas. Prezident faqat oq tanlilarni nazarda tutmoqda.

Oq tanli nasroniylar orasida esa Tramp tarafdorlari ko'p.

"Biz o'z cherkovimiz uchun mahalliy ruhoniy saylagani bormadik. Bular boshqa-boshqa masala", - deydi nasroniy faollardan biri Lens Lemmonds.

Isroil va abort qilish bo'yicha qarashlarini deb, ular Trampning boshqa xatolarini kechirishga tayyor. Ammo hamma ham emas.

"Hamma injilchilar deganda oq nasroniylarni o'ylaydi. Aslida bu noto'g'ri", - deydi nasroniy yozuvchi Jim Vollis.

Vollis "Sayohatchilar" nomli injilchilar guruhini boshqaradi.

"Qora tanli injilchilar Donald Trampga qarshi ovoz bergan. Oq tanlilarning aksariyati esa uni yoqlagan. Irqiy bo'linish kuchli", - deydi u.

O'zini injilchi deb ataydiganlarning 30 foizi oq tanli emas.

Konservativ dindorlarning uchdan ikki qismi respublikachilar tarafdori. Qora tanlilarda esa buning aksi - ular demokrat.

Mamlakat bo'ylab vaziyat shunga o'xshash, ammo hamma joyda ham emas.

Vashingtondagi cherkovda 60 dan ziyod elat vakillari bor. Ularning siyosiy qarashlari ham rang-barang.

"Siyosatda injilchi degan so'z ko'pincha targ'ibot quroli sifatida ishlatiladi. Agar Iso Masih hayotiga qarasak, maqsad siyosiy maslakni olg'a surish emas, balki siyosatdan yuqoriroq darajada odamlar ruhiga va yuragiga kirib borish bo'lganini ko'ramiz", - deydi Xalqaro adolat missiyasi vakili Richard Li.

Muammo shundaki, injilchi nasroniylarning aniq ta'rifi yo'q. Ularni birlashtiradigan jihatlar - Xudoning kitobi va taqvodorlik. Bu atamani yoqtirmaydigan nasroniylar ham bor.

"Bizning jamoamizda ko'pchilik nazariy jihatdan injilchi, lekin siyosatda biz tushunadigan ma'noda emas", - deydi ruhoniy Aron Grem.

Ko'plab ommaviy so'rovlarda injilchilar fikri o'rganiladi, ammo, odatda, irq hisobga olinmaydi. Bu esa asl vaziyatni aniqlashni yanada qiyinlashtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG