Ovoz berish mashinalari qanday ishlayapti?
Saylov oldidan uning xavfsiz va haqqoniy o'tishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi. Xavotirlar mavjudligiga qaramay, hozirgacha mamlakat bo'ylab ovoz berish jarayoni jiddiy muammo yoki kamchiliklarsiz davom etmoqda.
Rossiya yoki boshqa davlatlar tomonidan mamlakat saylov tizimiga aralashuv yuz berishi mumkinligi haqidagi xabarlar o'zini oqlagani yo'q. Kiber xurujlar yoki ovoz berish mashinalarini ishdan chiqarish kabi voqealarning yuz bermasligiga qarshi mutasaddilar tegishli choralarni ko'rgan. Hozirgacha AQShning 170 ming ovoz berish markazida biror shubhali holat yuz bermagani xabar qilinmoqda.
Lekin ayrim joylarda uzun kutish navbatlari va ba'zi ovoz berish mashinalarining ishlamay qolgani haqida ma'lumotlar bor. Ularning eng jiddiylari Jorjiya shtatida kuzatilgan.
2016-yilgi prezident sayloviga Rossiya aralashgani haqida hisobotlar chiqishi ortidan, rasmiylar saylov tizimini tashqi aralashuvlardan himoya qilishga alohida e'tibor qaratmoqda.
So'nggi oylarda tashqi aralashuvga oid 160 ta shikoyat o'rganilgan, ijtimoiy tarmoqlardagi yuzlab soxta profil va sahifalar yopilgan.
43 shtatda saylov mashinalariga tashqi aralashuvni aniqlaydigan maxsus sensorlar o'rnatilgan.
Rasmiylar: Ovoz berishning markazlashmagani xavfsizlikni ta'minlaydi
AQShda saylov tizimi markazlashmagan bo'lib, ularni o'tkazish mahalliy hukumatlar ixtiyoriga topshirilgan. Ayni paytda 2016-yilgi saylov mojarosi ortidan mahalliy rasmiylar xavfsizlikni yanada kuchaytirish maqsadida federal idoralar bilan yaqindan ishlamoqda.
Ovoz berish mashinalari internetga va markaziy tizimga ulanmagani ham ularning xak qilinishi deyarli imkonsiz ekanini ta'minlaydi.
​Xavotirlar yo'q emas
Xorijiy tahdidlardan tashqari, ovoz berishni soxtalashtirish yoki saylovchilarning ovoz berish jarayonini murakkablashtirish kabi holatlar yuzasidan xavotirlar mavjud.
So'nggi ikki yil ichida kamida sakkiz shtatda ovoz berishni nazorat qilishga oid qonunlar yanada kuchaytirilgan. Ovoz berish uchastkalarida shaxsni tasdiqlash hujjati bo'yicha talablarni oshirishni joriy etgan shtatlar esa oxirgi sakkiz yilda 23 tani tashkil etadi.
Bunday choralar saylovchilarni ovoz berishdan qaytaruvchi keraksiz to'siq, deya ularga qarshi kurashayotgan, bunday tartibni joriy etgan shtatlarni sudga bergan faollar va tashkilotlar ham bor. Ularga ko'ra, siyosiy motivlar asosiga qurilgan bunday qonun-qoidalar ilk bor ovoz berayotgan yoshlarni jarayondan uzoqlashtiradi.
Prezident Donald Tramp 2016-yilda millionlab soxta ovozlar berilganini da'vo qilib, mazkur holatni tekshirish bo'yicha maxsus komissiya tuzgan edi. Ammo komissiya biror natajaga erisha olmagach, Tramp shu yil boshida uning faoliyatini tugatishga qaror qildi.
Eskirayotgan saylov mashinalari
Ancha eskirgan saylov tizimi va mashinalari ham yana bir xavotir manbai. Faollarga ko'ra, ushbu jihozlar bugungi zamonaviy talablarga javob bera olmaydi.
Brennen markazi ma'lumotiga ko'ra, 43 shtat ishlatadigan saylov mashinalari hozirda ishlab chiqarishdan olingan eski jihozlardir. Besh shtat - Delover, Jorjiya, Luiziana, Nyu-Jersi va Janubiy Karolina esa hech qanday qog'oz bilan ro'yxatga olinmaydigan tachskrin jihozlardan foydalanadi.
"Amerika Ovozi" saylov uchastkasida
Mamlakat bo'ylab ovoz berish davom etmoqda. "Amerika Ovozi" jamoasi Virjiniya shtatidagi saylov uchastkalaridan birida bo'lib, ovoz berish jarayoni bilan tanishdi.
"Facebook" orqali jonli efirga uzatilgan video lavhamizni quyida tomosha qilishingiz mumkin.
Yoshlar qanchalik faol?
Amerika saylovchilarining salmoqli qismini 30 foizgacha bo'lgan yoshlar tashkil etadi. Ammo ular siyosiy jarayonlarda faol emas.
2016-yilgi prezidentlik saylovida ovoz berish uchun layoqatli jami aholining 30 foizini kollej talabalari va yoshlar tashkil etgan. Lekin ularning faqat yarmi ovoz bergan, xolos.
Bu yilgi saylovda yoshlar faollashgani kuzatilmoqda. Bu esa demokratlarga umid bergan. Chunki ularning tarafdorlari orasida yoshlar ko'pchilikni tashkil etadi. Ayni paytda yosh respublikachilar ham jonlangan.
2016-yilgi saylovda 21 yoshgacha bo'lganlar, ya'ni hali ovoz berish huquqini qo'lga kiritmagan yoshlarning aksariyati ham bu safar o'z siyosiy huquqidan foydalanishini aytgan.
Floridaning Parklend shahridagi maktabda yuz bergan otishma ketidan yoshlar orasida fuqarolik harakati kuchaydi. Mamalakat bo'ylab faol yoshlar saylovda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tish aksiyasini boshladi. Bu ham yoshlarning saylovda qatnashish miqdori oshishiga hissa qo'shishi kutilmoqda.
So'rovlar: Saylovchilar bo'lingan
Bugun AQSh xalqi yangi Kongressni saylaydi. Vakillar palatasi to'liq qayta saylanadi, 50 kishilik Senatda esa 35 o'rin qayta ovozga qo'yilgan.
So'rovlarga ko'ra, Vakillar palatasi demokratlar nazoratiga o'tadi, Senat esa respublikachilar qo'lida qolishi taxmin qilinmoqda.
Respublikachilar Senatdagi ustunlikni saqlab qolish uchun Prezident Donald Trampning yordamidan umidvor. Tramp so'nggi kunlarda Amerika bo'ylab yurib, tarafdorlarini demokratlarga qarshi ovoz berishga undamoqda. Senatda hozir 51 o'rin respublikachilarda, 49 tasi esa demokratlar ixtiyorida. Ovozga qo'yilgan 35 o'rinning 26 tasi demokratlarga tegishli, 9 tasi respublikachilarniki.
Immigratsiyaga e'tibor
Demokratlar Tramp g'olib chiqqan 10 shtatda, jumladan, Tennesida Senat o'rinlarini saqlab qolish harakatida.
Tramp esa immigratsiya masalasida demokratlarni keskin tanqid qilishda davom etyapti.
"Demokratlar mamlakatimizga noqonuniy chet elliklar karvoni oqib kelishini istaydi. Bunday bo'lmaydi. Hech bir mamlakat chegaralari buzib kirilishiga ruxsat bermaydi. Bu bosqin. Boshqalar nima deyishi meni qiziqtirmaydi. Soxta matbuotning aytganlari bilan ishim yo'q", - dedi Tramp.
Demokratlar himoyasiga bir qator taniqli siyosatchilar, xususan, sobiq prezident Barak Obama chiqdi. U amerikaliklarni qo'rquvni emas, umidni tanlashga chaqirdi.
Odatda, oraliq saylovlarda qatnashchilar miqdori 40 foizdan oshmaydi. Ammo bu yilgi saylovda ular soni har doimgidan ko'proq bo'lishi kutilyapti.
Tramp - saylov markazida
Saylov kampaniyalarida demokratlar, asosan, sog'liqni saqlash va iqtisodiyotga e'tibor qaratdi. Respublikachilar esa immigratsiyaga urg'u berdi.
Brukings instituti tahlilchisi Jon Xudak fikricha, har ikki partiya uchun yana bir muhim mavzu bu Tramp shaxsi.
Tramp bu yilgi saylovda nafaqat demokratlarga, balki tarixga qarshi ham kurashmoqda. Chunki shu paytgacha oraliq saylovlarda, odatda, prezidentga qarshi partiya doim g'olib chiqqan.
Trampning reyting ko'rsatkichlari ham yaxshi emas. "RealClearPolitics" so'roviga ko'ra, aholining faqat 43 foizi Trampdan rozi, 53 foizi esa norozi.
Demokratlar saylovda faol qatnashadimi?
Saylovlarda, odatda, respublikachilar ishtiroki yuqori bo'ladi. Demokratlar son jihatidan ko'proq bo'lsa-da, saylovdagi ishtiroki sustligi bilan tanilgan. Buning bir sababi yosh bilan bog'liq ekani aytiladi. Respublikachilar ko'proq keksa yoshdagilardan iborat va siyosiy jihatdan faol. Demokratlar safida esa yoshlar ko'p, ammo ular saylovlarga ko'p chiqmaydi.
Bu safargi saylovda ularning ishtiroki o'zgaradimi?
So'rnggi so'rovlarning ko'rsatishicha, demokratlar bu yil har qachongidan ko'ra faollashgan. Partiya shundan umidvor va bu saylov natijalariga jiddiy ta'sir qilishi kutilyapti.