4-dekabr kuni Markaziy razvedka byurosi direktori Jina Xaspel saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishi yuzasidan bir guruh qonunchilarga ma'lumot berdi. AQSh senatorlarining ma’lum qilishicha, Saudiya podshohligining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning qotillik ishiga bevosita aloqadorligiga hech qanday shubha yo’q.
AQShda joylashgan “Washington Post” gazetasi muxbiri bo’lgan Qoshiqchi valiahd shahzodaning keskin tanqidchisi edi. Jurnalist joriy yilning oktabr oyida Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida o’ldirilgan.
Bir hafta avval AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Mudofaa vaziri Jeyms Mattis senatorlar bilan uchrashuvda Qoshiqchi ishini muhokama qilgan edi. Pompeo valiahd va qotillik o’rtasida aloqadorlik yuzasidan asosli dalil-isbot mavjud emasligini ta’kidlagan edi.
Biroq Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Bob Korkerning aytishicha, 4-dekabr kuni bo’lib o’tgan brifing shahzodaning qotillik ishini boshqargani yuzasidan “hech qanday shubha qoldirmadi”.
“Tushunarliroq qilib aytganda, agar shahzoda sudda ayblanuvchi kursisida turganida, 30 daqiqada qotillik ishi bo’yicha aybdor deb topilgan bo’lar edi”, - dedi u.
Senator Lindsi Grexem Markaziy razvedka byurosi o’tkazgan brifing tafsilotlari bo’yicha qat’iy ishonch bilan valiahdning Qoshiqchi o’limiga aloqador ekaniga shubha qilmasligini va qotillik yuzasidan AQSh zarur chora ko’rishi lozimligini aytgan.
“Mening fikrim shunday: Saudiya Arabistoni – strategik hamkor va aloqalarni saqlab qolishga arziydi. Biroq har qanday sharoitda ham emas. Biz valiahdga chora ko’rish o’rniga uning daxlsizligini ta’minlash bilan xalqaro maydondagi nufuzimiz va milliy xavfsizligimizga jiddiy zarar yetkazamiz. Muhammad bin Salmon buzg’unchi kuch. U Qoshiqchining o’limida eng asosiy aybdor. Uning Qoshiqchi o’limiga qadar bo’lgan faoliyati ham tanqidlardan xoli emas. Uni AQShning ishonchli hamkori deb bo’lmaydi”, - deydi senator Grexem.
Grexem Senatdagi hamkasblari bilan hamkorlikda ikki partiyaning Qoshiqchi o’limida Muhammad bin Salmonning aybdor ekani, qotillik ishi bilan u mintaqada beqaror vaziyat yaratgani va AQSh bilan o’zaro munosabatlarga raxna solganiga doir bayonot berishiga harakat qilishini aytgan. Grexem va Korker valiahd mamlakat boshqaruvida ishtirok etar ekan, Saudiya Arabistoniga qurol sotishni yoqlamasligini ma’lum qilgan.
Senator Grexem Pompeo va Mattis bergan bayonot ma’muriyat ko’rsatmasiga asoslanganini aytib, ularni itoatkor “namunali askar” deb atagan.
Prezident Tramp Markaziy razvedka byurosining ayblovlarini asossiz deb baholab keladi. Ayni damda Tramp qotillikka aloqadorlikda gumonlanayotgan 17 saudiyalikka sanksiyalar joriy etgan.
Facebook Forum