Breaking News

Tramp: Rossiyaga xizmat qilmaganman


Prezident Donald Tramp Oq uy hovlisida, Vashington, 14-yanvar, 2019
Prezident Donald Tramp Oq uy hovlisida, Vashington, 14-yanvar, 2019

Prezident Donald Tramp “Hech qachon Rossiyaga xizmat qilmaganman” deydi. Uning bu bayonotiga “The New York Times” gazetasida e’lon qilingan maqola sabab bo’ldi. Gazetaning yoritishicha, Federal Qidiruv byurosi 2017-yilda Prezident Trampning Rossiya va uning rahbari Vladimir Putin bilan maxfiy aloqalari bor-yo’qligi yuzasidan tekshiruv boshlagan. Bu ish - byuroning Rossiya AQShda 2016-yildagi prezident saylovlariga qanchalik ta'sir qilgan, deya olib borayotgan katta tekshiruvning bir qismi, deydi masala bilan tanish mutaxassislar.

“Hech qachon Rossiyaga xizmat qilmaganman. Bu sizga hammadan yaxshiroq ayon. Shu savolni berishingiz aslida uyat. Chunki bu juda katta uydirma”, - dedi prezident Amerika jurnalistlariga qarata.

Tramp Federal Qidiruv byurosi direktori Jeyms Komini 2017-yilda ishdan olgan edi. Tekshiruvga shu voqea ham turtki bergan.

“The Washington Post” nashriga ko'ra, Tramp Putin bilan bo’lgan bir necha muzokaralar tafsilotlarini atay oshkor etmagan.

Trampning Rossiya rahbarini tanqid qilishdan tiyilishi 2016-yildagi prezidentlik saylovida g’alabani ta’minlashga Putin yordam bergan, degan shubhalarni yanada kuchaytirmoqda.

“Savollar ko’p. Nega Tramp Putin bilan bu qadar yaqin?” - deydi demokrat senator Dik Durbin.

Demokratlar Tramp ma’muriyatining Rossiya ittifoqchisi Suriyadan qo’shinlarni chiqarish va ayrim Rossiya bizneslariga belgilangan sanksiyalarni olib tashlash qaroridan ham shubhada.

Tramp Federal Qidiruv byurosining sobiq rahbariyatini prezident mavqeyini zaiflashtirishga uringanlikda ayblaydi.

“Tergovni olib borganlar ablah ekani fosh qilindi. Ularni iflos politsiyachi deb atash mumkin”, - dedi Prezident Tramp.

Oq uyga ko’ra, Tramp avvalgi prezidentlardan ko’ra Rossiyaga nisbatan keskinroq - bu davlatga 272 ta sanksiya joriy etgan. Prezident ma’muriyati Federal Qidiruv byurosining ayrim manbalarini jurnalistlarga maxfiy axborot taqdim etganlikda ham ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG