Breaking News

DXX raisi Ixtiyor Abdullayev nega ishdan olindi?


Davlat Xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev, rasmiy xabarlarga ko'ra, salomatligi bois ishdan olingan. Norasmiy manbalarga ko'ra esa, u iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanib hibsga olingan.

Sabablari mavhum qolayotgan bu iste’fo hokimiyatdagi guruhlar kurashi tugamagani haqidagi taxminlarni ham o’rtaga chiqarmoqda. Jamoatchilik bu maqomdagi amaldorning iqtisodiy jinoyatlarga aralashgani uchun hibsga olinishi mumkinligini shubha ostiga olmoqda.

DXX rahbari iste'fosi yuzasidan munozaralar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:45 0:00

O’zbekiston Bosh prokuraturasi ham, Davlat Xavfsizlik xizmatining o’zi ham Ixtiyor Abdullayev iste’fosi bilan bog’liq vaziyatga oydinlik kiritmadi.

Shu bilan bir qatorda Ixtiyor Abdullayevga nisbatan jinoiy ish ochilgani, uning hibsda saqlanayotgani haqida matbuotdagi xabarlar rasmiy idoralar tomonidan inkor qilinayotgani yo’q. Bu haqda mamlakatdagi, mamlakat tashqarisidagi matbuot ham yozmoqda.

Bu ma’lumotlar qarshisida prezident matbuot xizmatining Ixtiyor Abdullayev og’ir jarrohlik amaliyoti o’tkazilishi oqibatida ishdan ketganligi haqidagi rasmiy xabari asossizdek ko’rinadi.

Ayni paytda qochqinlikda yashayotgan jurnalist Narzulla Oxunjonov iste’fo sababini iqtisodiy jinoyatda ko’rmayotganini aytadi.

“Yo’q, ularning hammasi korrupsiya bilan bog’liq, hukumatda bunga aloqasi bo’lmagan odamning o’zi yo’q. Bu hozir ham davom etyapti. Ixtiyor Abdullayev bilib-bilmay prezidentga qarshi biror xatolik qilgan, uni yomon ko’rsatishga erishishgan. Qolaversa, Mirziyoyevning yonida hamon Inoyatov turibdi. Bu ish uning ishtirokisiz bo’lmagan”, - degan fikrda Oxunjonov.

Xorijdagi o’zbek muxolifati faollaridan biri Namoz Normo’min ham iste’fo sababi Abdullayevning iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanishi bilan aloqador emas, degan fikrda.

“O’zbekistondagi rejim shundayki, u yerda bunday ishlarga (korrupsiya) aralashmagan odamning o’zi yoq. Mening fikrim shunday. Hokimiyat o’zini xalqdan ajratib bir qo’rg’onga o’rab olgan, u yerda barcha ishlar, boyliklar, kadrlar masalasi hal etiladi. Mirziyoyev prezident bo’lganidan keyin MXXni murdalar deb aytdi. Chunki u uzoq yillar bosh vazir bo’ldi. U hukumat boshlig’i edi, lekin aslida esa boshqaruv MXX qo’lida edi. Prezidentlikka kelgach, bu kurash ziddiyatlashdi, u hatto o’zining samolyotida ham ucholmay qoldi. Xullas, hokimiyat qo’rg’oni ishida juda qattiq kurash ketyapti. U yerda Inoyatov bor, bosh vazir bor. Prezident esa bu kurashni oshkor qilmayapti, lekin u buni xalqqa oshkor qilishi kerak, xalqqa suyanishi kerak”, - deydi Namoz Normo’min.

Ixtiyor Abdullayev MXX raisligiga o’tgan yilning yanvar oyida, prezident Shavkat Mirziyoyev bu tizimni ayovsiz tanqid qilishi, uzoq yillik rais Rustam Inoyatovni ishdan olishidan so’ng tayinlagan edi. Prezident Mirziyoyev Abdullayevdan aniq nimalar, qanday natija kutgani noma’lum, ammo bosh prokurorlikdan MXX raisligiga o’tkazilgan Abdullayev bu maqomda bir yil ishladi, xolos.

“To’g’ri, Abdullayevni lavozimga Mirziyoyevning o’zi qo’ydi. Bu tizimdagi kadrlarning ko’pi sog’lom ekanligi, ular ijtimoiy-moddiy rag’batlantirilishi, oyligi oshirilishi, hammani nazorat qilishi haqida gapirdi ham. Lekin vaziyatga oxirigacha oydinlik kiritilmadi. Abdullayev faoliyati deyarli sezilmadi, faqat muxolifatga doir bir bayonot bilan ko’zga tashlandi. U Inoyatovning soyasida qoldi, ishni hech kim bilmadi ham. Ichkaridagi o’yin o’ta sirli, tafsilotini hech kim bilmaydi. Ammo Mirziyoyev va Inoyatov o’rtasida ziddiyat davom etayotgani aniq. Bu yerda prezident xalqqa ochiq murojaat qilishi kerak”, - deydi Namoz Normo’min.

Bu mulohazalar hokimiyatda nafaqat ziddiyatlar kurashi, balki kadrlar inqirozi mavjudligidan ham darak beradi. Ixtiyor Abdullayev Mirziyoyev ishonch bildirgan, lekin jinoyatda yoki lavozimini suiiste’mol qilishda gumonlanib ishdan olinayotgan navbatdagi amaldor.

Aksariyati hokim, vazirlik maqomida bo’lgan bu amaldorlarning ayrimlariga hukm o’qildi, ayrimlari ustidan tergov jarayoni davom etmoqda.

Ikki yil davomida yuzlab rahbarlar ishdan olindi, almashtirildi, tayinlandi. Mirziyoyev kadrlar masalasida qanday tamoyilga suyanayotgani noma’lum, ammo sobiq tuzum davridagi siyosiy qudratlarni yana hukumatga chaqirayotgani tanqidlardan xoli emas.

“Kadrlarni tanlash qandaydir mavhum, masalan, Ichki ishlarga Po’lat Bobojonov keldi, lekin uning yoniga darhol Zokir Almatov olib kelindi. Bobojonov Almatovdan o’tib, biror narsa qiladimi? Yoki DXXni olylik, Ixtiyor Abdullayevni olib keldi, lekin Inoyatovning ham mavqeini ko’tarib, davlat maslahatchisi qilib qo’ydi. Inoyatov bor joyda Abdullayev biror ish qilishi mumkinmi? Hammasi shunga, eskizlardan voz kechishga jur’at topmayotganiga bog’liq”, - deydi jurnalist Oxunjonov.

Ixtiyor Abdullayev Prezident Mirziyoyevning ikki yildan oshgan boshqaruvi davrida lavozimidan ketgan navbatdagi rahbar, bunday o’zgarishlar qurolli kuchlar, ichki ishlar, prokuraturani ham chetlab o’tgani yo’q.

Abdullayev bilan bog’liq iste’fo Mirziyoyevni va MXXni tamsil etuvchi guruhlar o’rtasida ziddiyat mavjudligi haqidagi qarashlarni o'rtaga chiqarmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG