Kattaqo’rg’ondagi hodisa islohotlar tanazzulimi yoki ma’lum bir idora, tizimning inqirozimi? Jamoatchilikni larzaga solgan voqea yuzasidan munozaralar davom etmoqda. Himoyasiz ayolni yechintirib, tahqirlab tasvirga olgan Ichki ishlar vazirligi kapitani tergov qilinmoqda, ammo vazirlik jamoatchilikdan uzr so’ragani yo’q.
Hodisa ortidan Xotin-qizlar qo’mitasi raisining Ichki ishlar vazirligi himoya qilingan bayonot bilan chiqishi norozilikning yangi to’lqiniga sabab bo’lgan. Jamoatchilik vazirligi rahbariyati iste’fosini so’ramoqda, bu talabga parlamentdagi ayrim deputatlar ham qo’shilgan.
O’g’rilikda gumon qilinib, Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on shahar Ichki ishlar boshqarmasiga olib kelingan ayolning xo’rlanishi, tahdidlar ostida yechintirilishi bu zo’rlikni amalga oshirgan Ichki ishlar boshqarmasi kapitani San’at Umarov tomonidan suratga olingan.
Bu tasvirning ijtimoiy tarmoqda tarqalishi, hodisa yuzasidan surishtiruv o’tkazilishi ham vazirlikning ichki tekshiruvi yoki tergov xonalarida o’rnatilgan videokameralarga bog’liq emas.
Bu shunchaki tasodif tufayli oshkor qilingani, yana qancha voqealar bor, biz bilmaymiz.
Mahalliy matbuotning aniqlashicha, videotasvir xo’rlangan ayolning huquqlarini himoya qilish, ichki ishlar xodimlari zo’ravonligiga barham berilishi maqsadida emas, tasodifan, oddiy maishiy adovat, rashk tufayli matbuotga sizdirilgan.
Bu hokimiyatga kelganidan buyon huquq-tartibot idoralari isloh qilinayotgani haqida gapirib kelayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bayonotlariga nisbatan jiddiy shubha uyg’otgan.
Sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, jinoyatning tasodifan ochiqlangani tizimning mutlaqo islohotlardan chetdaligi, huquq-tartibot idoralarining ish uslubi hamon zo’ravonlikka asoslanib qolayotganini ko’rsatadi.
“To’g’risini aytish kerak, islohotni ko’rmayapmiz. Ehtimol kimningdir ko’ziga islohotlar miraj bo’lib ko’rinayotgandir. Aynan ichki ishlarni olsak, yangi vazir bo’ldi, yangisi ham o’sha eskilariga bog’liq, sobiq vazirlar iste’fodan yana tizimga qaytarildi, ular 26 yil davomida islohotlar o’tkazilmagan shu tizimni boshqarib kelishgan edi. Yana nima qilindi, xodimlarga imtiyozlar berildi, uy-joy bilan ta’minlanishiga, maoshlarini ko’tarilishiga doir. Yangi odamlar kelgandir, lekin ular hammasi eskilari bilan bog’liq. Xullas qisqa qilib aytganda militsiya o’rniga mutlaqo yangi milliy politsiya yaratilmadi va bu haqda gap borayotgani ham yo’q”, - deydi u.
Mirziyoyev ayni paytda Qozog’istonda Ostona shahri tantanalarida qatnashmoqda, jamoatchilikni larzaga solgan hodisa yuzasidan uning matbuot xizmati bayonot berganicha yo’q. Mojaro markazida turgan Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo’mitasi, shuningdek, ayrim deputatlar hodisani chetlab o’tmagan.
Biroq vazirlikning San’at Umarov tizimga "tasodifan kirib qolgan" xodimligi haqida ma’lumot tarqatishi, Xotin-qizlar qo’mitasi raisi Tanzila Norboyevaning vazirlik nufuzini himoya qilib bildirgan bayonoti norozilikning yanada kuchayishiga sabab bo’ldi.
Qisqa qilib aytganda militsiya o’rniga mutlaqo yangi milliy politsiya yaratilmadi va bu haqda gap borayotgani ham yo’q.
“Ichki ishlar vazirligi u tasodifan bizni idoraga kirib qolgan odam deb bayonot berdi, Xotin-qizlar qo’mitasi raisini bayonoti esa bundan ham o’tib tushdi. Go’yo bu jinoyatni Ichki ishlar vazirligiga hech qanday aloqasi yo’q, erkak kishining axloqi bilan bog’liq bo’lgan mavzu emish. Juda qiziq, ichki ishlar xodimi o’z lavozimidan, kuchidan, mushtidan foydalanib jinoyat qilyapti, bu esa ichki ishlar nazarida tasodif bilan, Xotin-qizlar qo’mitasi nazarida erkakning axloqi bilan bog’liq emish. Bunday mantiqdan kelib chiqsak, muammoga faqat tasodiflar aybdor. MXX shuncha odamni qamadi, bu ham tasodif, idoraning bunga aloqasi yo’q. Rashid Qodirov (sobiq Bosh prokuror) jinoyat qildi, bunga prokuraturaning aloqasi yoq, degandek gap. Haqiqatda esa bu hodisa huquq-tartibot idoralaridagi o’ta og’ir ahvolni, inqirozni ko’rsatmoqda”, - deydi Anvar Nazir.
Jamoatchilik Ichki ishlar vazirligi kapitani tomonidan sodir etilgan bu tahqirli jinoyat ortidan tizimda jiddiy iste’fo o’tkazilishni talab qilmoqda, bu talabga parlamentdagi ayrim deputatlar ham qo’shilgan.
“Adolat” partiyasi a'zosi Qodir Jo’rayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kattaqo’rg’ondagiboshqarma rahbariyatini iste’foga chiqishi zarurligini ta’kidlagan bo’lsa, Liberal demokratlar partiyasi deputati Rasul Kusherboyev Umarov qonunlarni oyoq osti qilgani, nafaqat o’g’rilikda gumonlayotgan ayolni, balki butun millatni, xalqni, davlatni yechintirgani haqida yozdi.
Huquq-tartibot idoralari ustidan nazorat yo’q, nafaqat ichki ishlar, mana MXX ham DXX ga aylandi, lekin nima o’zgardi?
“Bunday voqealar kuzatilgan paytda demokratik mamlakatlarda idora rahbari o’z ixtiyori bilan ishdan ketadi. Mana kimdir deputatlardan Kattaqo’rg’on shahar boshqarmasi rahbari iste’foga ketsin debdi. Bu post sovet kasalligi - ishni qilib qo’ysa ham rahbariyat bez bo'lib o’tiraveradi. Mana vazirlikning javobini ko’rdik, u bitta odam, tasodifan kirib qolgan emish. Gap shundaki, huquq-tartibot idoralari ustidan nazorat yo’q, nafaqat ichki ishlar, mana MXX ham DXX ga aylandi, lekin nima o’zgardi? Mustaqil matbuot, jamoatchilikning kuchli nazorati, mustaqil parlament komissiyasi ishlamas ekan, o’zgarish qiyin, chunki bu voqea tasodif emas, bu shunchaki tasodif tufayli oshkor qilingani, yana qancha voqealar bor, biz bilmaymiz”, - deydi Anvar Nazir.
Kattaqo’rg’on Ichki ishlar boshqarmasidagi hodisa 3-iyun ro'y bergan. 4-iyul kuni "Ozodlik" radiosi orqali ochiqlangan videotasvir keskin munozaralar qo’zg’adi. Voqeadan bir oy o’tib, Ichki ishlar vazirligida ishlab kelgan kapitan San’at Umarov ishdan olindi, unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Bu voqea yuzasidan Bosh prokuratura tarqatgan ma’lumot ham munozara ostida. Ma’lumotga ko’ra, xo’rlangan ayol 22-iyunda prokuraturaga murojaat qilgan, ammo Umarovga nisbatan jinoyat ishi voqea jamoatchilikka ochiqlanishi ortidan, 4- iyulga kelib qo’zg’atilgan.
Bosh prokuraturaning bu ma’lumoti voqeadan jamoatchilik xabarsiz qolgan taqdirda ichki ishlar xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atilishi ehtimolini savol ostida qoldirgan.
Facebook Forum