Oʻsh viloyatidagi “Qorasuv” bozori Markaziy Osiyodagi eng yirik bozorlardan biri hisoblanadi. Muqaddas Toshtemirova bu bozorda 20 yildan beri savdo qiladi. U sotayotgan mahsulotlarning 70 foizi Xitoydan olib kelinadi. Shu sababdan yanvar oyida Bishkekda oʻtgan Xitoyga qarshi kayfiyatdagi mitinglar Muqaddas opani xavotirga solmoqda.
“Hozircha biror bir qiyinchilik boʻlgani yoʻq. Mahsulotlar asosan Xitoydan keladi. Agar mabodo aloqalarimiz yomonlashib, ular bizga mahsulot chiqarmay qoʻysa, bozorga katta taʼsir qiladi. Menimcha, butun Qirgʻizistonga ham taʼsir qilsa kerak”, - deydi Muqaddas Toshtemirova.
Eslatib oʻtsak, 17-yanvarda Bishkek markazida joriy yilning xitoylarga qarshi ikkinchi mitingi boʻlib oʻtgan edi. Norozilik namoyishiga chiqqanlar “qirgʻiz qizlari chet elliklarga turmushga chiqmasligi kerak”, “Xitoy fuqarolariga viza berishni cheklash kerak” va "Qirgʻiziston hududida noqonuniy yurganlar chiqarilsin", degan va yana boshqa talablarni qoʻyishgan. Miting ommaviy qoʻlga olishlar va tadbir ishtirokchilarini quvib tarqatish bilan tugagan. Yanvar oyining oxirida esa miting ishtirokchilaridan biri millatlararo nizo qoʻzgʻash aybi bilan ikki oyga qamaldi. Miting tashkilotchilaridan biri esa 3000 som (taxminan 45 AQSh dollari) atrofida jarimaga tortilgan. Bu kabi mitinglar Qirgʻiziston siyosatida qanchalik taʼsirga ega? Norozilarning talablari oʻrinlimi?
Iqtisod fanlari nomzodi Abdumutallib Boymurodov fikricha, bu masalani Qirgʻiziston hukumati qayta koʻrib chiqishi kerak. Muammoning asl sabablaridan biri bu korrupsiya sxemasining mavjudligi, deydi u.
“Qirgʻizistondagi xitoylar boʻyicha mitinglarni oʻtkazishning kelajagi qanday boʻladi? Bu toʻgʻri boʻldimi yoki notoʻgʻri boʻladimi, deb oʻylanishimiz kerak. Bu narsaga bir tomonlama qaramasligimiz kerak edi. Xitoylarning mamlakatga qonuniy yoki noqonuniy kirgani boʻyicha masala bu hukumat ichida hal qilinadigan ishlar. Ikkinchidan esa, Qirgʻiziston va Xitoyning iqtisodiy hamkor ekanini, oʻlka iqtisodini oʻstirish uchun eng koʻp sarmoya kiritayotgan davlat Xitoy ekanini unutmaslik kerak”, - deydi Abdumutalib Boymurodov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻiziston parlamenti bu kabi masalalarga qachonki el norozilik bildirmaguncha, yetarli eʼtibor qaratmayapti.
Mitinglar ortidan Qirgʻiziston parlamentida ham bu masala keng muhokama qilindi. Joʻgʻoʻrqu Kengash raisi Dastanbek Jumabekov xalqning noroziligi xalq orasida turli mish-mishlarning tarqagani va hukumat yetarli maʼlumotlarni vaqtida bermaganidan chiqqanini aytdi.
“Mamlakatga qancha Xitoy fuqarosi noqonuniy kirgan, qanchasi qonunan ishlab, Qirgʻizistonda yashayotgani boʻyicha aniq maʼlumotlar mana endi aytilyapti. Agar shuni avvalroq maʼlum qilinsa, shu kabi muammolar tugʻilmas edi”, - deb aytgan u.
Inson huquqlari himoyachisi oʻshlik Izzatullo Raxmatullayevning aytishicha, garchi Qirgʻizistonda mitinglar yangilik boʻlmasa-da, boshqa bir davlat yoki u davlatning fuqarolariga qarshi kayfiyatdagi norozilik namoyishlari kichik masala emas. Uning aytishicha, bu mitinglar kimningdir siyosiy buyurtmasi boʻlgan boʻlishi mumkin.
“Bu kimningdir buyurtmasi deb oʻylayman. Biz bugungi kunda nafaqat Xitoy, balki Rossiya, Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa dunyoning yetakchi davlatlari bilan hamkorlik qilishimiz kerak. Agar biz kimningdir buyurtmasini bajarib, bugungi kunda Xitoy bilan iqtisodiy va doʻstona aloqalarni buzib oladigan boʻlsak, bu yaxshi oqibatga olib kelmaydi”, - deydi huquq himoyachisi.
Migratsiya xizmatining matbuot yigʻinida bildirilishicha, xitoyliklar Qirgʻizistonga noqonuniy kirganlari yoʻq. Migratsiya bilan ishlash boʻlimining matbuot kotibi Ulan Shamshiyevning aytishicha, Xitoy fuqarolarining Qirgʻizistonga chegaradan noqonuniy oʻtishi umuman ilojsiz.
Rasmiy maʼlumotlar boʻyicha, 2010-yildan beri Qirgʻizistonning fuqaroligini olgan 352 xitoylikning 171 nafari qirgʻiz, 72 tasi uygʻur, toʻqʼqʼiz nafari oʻzbek hamda faqat oltitasi xitoy millatidagilar boʻlgan.
2010-yildan beri chet ellik fuqarolar bilan nikoh qurgan qirgʻizistonliklarning soni oʻn yetti yarim mingdan koʻp boʻlsa, ular ichidan 60 kishi xitoy bilan turmush qurgan.
Facebook Forum