Breaking News

Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’liga ulkan umidlar bog'langan


Xitoy uni Qirg’iziston va O’zbekiston bilan bog'lovchi temir yo’l loyihasini tezlatish niyatida. Bu haqda Pekin rasmiysi Xuey Lyanyuy Bishkekka safari chog’ida aytib o’tdi.

Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'li rejasi/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:36 0:00
Yuklab oling


Mulozim Qirg’iziston Bosh vaziri Jantoro Satibaldiyev bilan alohida uchrashgan. Bishkek ham temir yo’lning texnikaviy-iqtisodiy tomonlarini yil oxirigacha hal qilish harakatida.

Rasmiy Bishkekka ko'ra, loyiha amaliy bosqichga o’tgan.

“Qirg’iz temir yo’li” davlat korxonasining magistral temir yo’llarni loyihalashtirish va qurish bo’yicha direktsiyasi rahbari Qanatbek Abdikerimov aytishicha, hozirda loyihaning to’la iqtisodiy-texnik asoslari ishlab chiqilmoqda.

“Bu ishlar yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Undan keyin biz temir yo’l kengligi standarti, yuklash-tushirish stansiyalarini qayerga joylashtirish kabi masalalarni hal qilish maqsadidamiz. Ikkinchi muhim narsa bu moliyalashtirish manbalari. Qisqasi biz loyihani amalga oshirish bosqichiga yetib kelyapmiz”, - deydi u.

Aytish joizki, zikr qilingan temir yo’l loyihasi 15 yildan buyon muhokama qilinmoqda. Va keyingi yillardagina ilk amaliy qadamlar qo’yilgan.

Avvaliga Qirg’iziston tomoni temir yo’lning o’lkaning janubi orqali o’tuvchi yo’nalishini olg’a surgan. Keyinchalik shimoliy marshrut taklif qilingan. Kuni-kecha qirg’iz mulozimlari tog’ ko’nlari va aholi punktlariga yaqin yo’nalish afzalligini aytgan.

“Texnik-iqtisodiy asoslar doirasida biz alternative yo’nalishni ham qo’rib chiqayapmiz. Darhaqiqat qimmatga tushadigan tunellar kabi inshootlar ozroq bo’lishi istaymiz”, - deydi “Qirg’iz temir yo’li” mutaxassisi Qanatbek Abdikerimov.

Uning aytishicha, alternativ yo’nalish Qirg’izistonning Norin viloyatining Qazarman shahri orqali mamlakat janubidagi Qora-Suv shahriga kelishni ko’zda tutadi.

Oxir-oqibat Qirg’izistonning ikki hududi yagona temir yo’l tizimi hosil qiladi.

Qirg’iziston tarafi loyihani kontsessiya asosida moliyalashtirishni taklif qilgan. Xitoy tomoni qarshi emasligini bildirgan, ammo rasmiy javob yaqin bir-ikki oy ichida kelishi kutilmoqda.

Tahlilchilar aytishicha, Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li qurilishi nafaqat har uch mamlakat manfaatlari, balki mintaqalararo munosabatlar taraqqiyoti uchun jiddiy ahamiyat kasb etadi.

O’shlik jamoatchi arbobi Odiljon Obidov fikricha, zikr qilingan temir yo’li barpo etilsa Qirg’iziston berqlikdan chiqadi.

“Bu yo’l birinchidan Sharq bilan G’arbni bog’laydi. Keyinchalik Qirg’iziston ushbu temir yo’li orqali o’tayotgan yuklardan turli haqlar-to’lovlar oladi. Bu mablag’ Qirg’iziston xazinasiga tushadi. Ushbu yo’l asosan tog’li viloyatlardan o’tadi. O’sha joydagi aholi ish bilan ta’minlanadi”, - deydi u.

Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov aytishicha, ushbu g'oya bir paytlar Buyuk Ipak Yo’lini jonlantirish rejasidan kelib chiqqan.

“Qirg’iziston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari o’sha temir yo’li vositasida katta dengizlarga chiqish imkoniyatiga ega bo’ladi. Albatta, qayerdan temir yo’l o’tadigan bo’lsa, o’sha yerda yangi infratizimlar paydo bo’ladi, yangi ish o’rinlari yuzaga keladi, yangi xizmat nuqtalari paydo bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

Yaqinda Xitoy safarida bo’lgan Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev yana bir bor zikr qilingan loyiha borasida so’z yuritgan. Har ikki tomon amaliy ishlar payti kelganini ta’kidlagan.

Temir yo’lning Xitoy va O’zbekiston qismlari allaqachon tayyor. Asosiy va eng qiyin ishlar Qirg’izistonning tog’li hududi orqali o’tuvchi yangi temir yo’l qurilishiga to’g’ri keladi, deydi mutaxassislar.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG