Breaking News

AQSh “Boeing”ning ayrim samolyotlari parvozini to'xtatdi


“Boeing-737 MAX 8” rusumli samolyot
“Boeing-737 MAX 8” rusumli samolyot

So’nggi olti oy ichida “Boeing-737 MAX 8” rusumli ikkita samolyot halokatga uchrab, fojiada hech kim omon qolmadi. O’nlab mamlakatlar bu samolyotlar ekspluatatsiyasini to’xtatishga, O’zbekiston esa ularni o’z aeroportlarida vaqtincha qabul qilmaslikka qaror qildi. AQSh Prezidenti Donald Tramp 13-mart kuni barcha “Boeing-737 MAX 8" va 9 samolyotlari parvozini to’xtatish to’g’risida qaror qabul qildi.

Efiopiya havo yo’llariga qarashli samolyot 10-mart kuni havoga ko’tarilganidan bir necha daqiqadan so’ng qulab, 157 kishi nobud bo’ldi.

Oq uy halokat yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qildi.

“Qurbonlarning kamida sakkiz nafari amerikalik. Biz Efiopiya hukumati va Efiopiya havo yo’llari bilan hamkorlikda ishlayapmiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Sara Sanders.

Olti oyda yuz bergan ikki halokat ortidan o’nlab mamlakatlar “Boeing-737 MAX 8” parvozlarini to’xtatdi.

29-oktabrda Indoneziyada ro’y bergan havo halokatida 189 kishi halok bo’lgan.

Tergov uzoq davom etadi. Biroq dastlabki ma’lumotga ko’ra, halokat sabablarida o’xshashliklar bor.

Ekspert Kaleyseus Bekele shunday deydi:

“Mutaxassislar samolyotning parvozni boshqarish uskunasida nosozlik bor deb gumon qilmoqda. Efiopiya havo yo’llarining xavfsizlik andozalariga e’tiroz bildirilgani yo’q”.

AQSh Aviatsiya boshqarmasi “Boing-737 MAX 8” samolyotlarini xavfsiz deb topib, kompaniyaga aprel oyiga qadar barcha samolyotlari dastur ta’minotini yangilashni buyurgan edi.

Biroq ayrim senatorlar parvozlarni man qilish talabi bilan chiqqan. Jumladan, respublikachi Mitt Romni.

“Xavfsizlik nuqtai nazaridan, texnik nosozlik to’liq o’rganilgunga qadar parvozlarni to’xtatish oqilona qaror bo’ladi”, - degan.

Tramp ma’muriyatini “Boeing” kompaniyasini himoyalayotganlikda gumon qilayotgan demokrat senator Elizabet Uorren Kongressdan bu masalani tergov qilishni so’ragan edi.

Tramp “Twitter” orqali samolyotlarni boshqarish borgan-sari murakkablashayotganini ta’kidlagan edi. 13-mart kuni “Boeing-737 MAX 8" va 9 samolyotlarining barcha reyslarini bekor qilishga qaror qilgan prezident shunday dedi: “Boeing” yaxshi kompaniya, biroq odamlarning xavfsizligi birinchi o’rinda turadi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG