Xitoy Shinjon avtomon viloyatida amalga oshirilayotgan anti-terror amaliyotlarini oqlashga qaratilgan hujjat e'lon qildi. Bir yarim millionga yaqin uyg'ur va boshqa ozchilik musulmon elatlar saqlanayotgan lagerlarni Pekin "tarbiya markazlari" deb ataydi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, ko'plab davlatlar va musulmon tashkilotlar sukunat saqlayotgani bois Xitoy hukumati uyg'urlarga qarshi tazyiqlarni oqlab ko'rsatish propagandasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Hujjatda bu markazlarda qancha odam saqlanayotgani aytilmagan, lekin 2014-yildan beri Shinjonda 13 ming "terrorchi" hibsga olingani tilga olingan.
Katta hujjat
Hibsga olingan 13 ming kishining hanuz jamiyat uchun xavfli deb hisoblanganlari, hujjatga ko'ra, qamoqdan chiqishi bilan "tarbiya lagerlari"ga jo'natiladi.
Ekstremizmga moyil, lekin hali jinoyat sodir etmaganlar ham shunday markazlarda saqlanayotgani da'vo qilinadi.
Bizning bu tartibda ekstremizmga qarshi choralarimiz terrorizmga qarshi global kurashga katta hissa qo'shmoqda, deyiladi hujjatda.
Huquq faollari Sharqiy Turkistondagi musulmonlarga ko'rsatayotgan zulmi uchun xalqaro hamjamiyatni Xitoyga qarshi sanksiya qo'llashga chaqirib keladi.
Jahon Uyg'urlar kongressi Xitoy e'lon qilgan yangi hujjatni qoralab, uni haqiqatning qasddan buzib ko'rsatilishi, deb atadi.
"Bu qog'ozda tilga olingan ayblovlar tabiatan zo'ravon va shaffoflik mavjud emas. Mahalliy Xitoy hukumati tomonidan tazyiqqa olingan va qamalgan uyg'urlar terrorchi deb e'lon qilinishidan oldin hech qachon tegishli huquqiy tartibda sudlanmagan", - deydi Germaniyada joylashgan tashkilot so'zlovchisi Dilxat Raxit.
Uyg'urlarning noqonuniy hibsga olinishi
"Xitoy hech qachon seriyali terror xurujlari haqidagi da'volari uchun dalil keltirmagan", - deya qo'shimcha qiladi Raxit.
Pekin taqdim etgan statistikaga ko'ra, Xitoyda ekstremistlar 1990-yildan 2016-yilgacha minglab hujumlarni amalga oshirgan.
Raxitga ko'ra, Xitoy terrorga qarshi kurash nomi ostida etnik ozchilik guruhlarni xitoylashtirish siyosatini olib bormoqda.
"Biz xalqaro hamjamiyatni Xitoyning qayta tarbiyalash lagerlarini qurishdan asl maqsadlarini yashirish uchun diplomatiya yoki propaganda yo'li blan qilayotgan harakatlaridan aldanib qolmaslikka chaqiramiz. Xitoyning huquqbuzarligiga qarshi samarali sanksiyalar joriy etish kerak", - deydi huquq faoli.
Uning qo'shimcha qilishicha, agar Xitoyning yashiradigan narsasi bo'lmasa, BMT tergov guruhining Shinjonga borishiga ruxsat berilishi kerak. Xitoy bu taklifni keskin rad etadi.
Propaganda urushi
La Troba universiteti tadqiqotchisi Jeyms Leyboldning aytishicha, so'nggi hisobot Xitoy propagandasining barcha platformalarda katta kuch bilan ishlayotganini ko'rsatadi.
"Mening tushunishimcha, bu narsa Shinjonda bugun inson huquqlari buzilishi yuzasidan o'sib borayotgan xalqaro tanqidlarni pasaytirish uchun Xitoyning savdo hamkorlari ham ishlatishi mumkin bo'lgan qarash", - deydi u.
Afsuski, bugun Xitoy yutyapti, chunki AQSh va ba'zi Yevropa davlatlaridan tashqari deyarli hech kim Xitoyga qarshi chiqmayapti, deya qo'shimcha qiladi u.
Musulmon dunyosida faqat Turkiya Xitoyning uyg'urlar bo'yicha siyosatini ochiqchasiga tanqid qildi. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Qozog'iston Xitoyning terrorga qarshi kurashini yoqladi.
"Xayol qilish ham jinoyat"
Xitoy e'lon qilgan hujjatda ekstremizm tushunchasiga keng ta'rif berilgan. Tayvandagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari assotsiatsiyasi rahbari Shi Chienyuning aytishicha, nafaqat jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilganlar, balki buni xayolidan o'tkazganlar ham ekstremist deb tamg'alanishi mumkin.
Bu degani, so'zi va amallari davlat talqinidagi islom ta'limotiga zid keladigan Shinjon musulmonlari radikallashgan deb topilishi mumkin.
Shi fikricha, Xitoyning ekstremizmga qarshi bunday kurashi samara bermaydi; aksincha aks natijaga olib boradi. Odamlarni yoppasiga hibsda saqlash davlatga qarshi kayfiyatni kuchaytirib yuboradi va keyinchalik buni yo'q qilish qiyin bo'ladi, deydi u.
Facebook Forum