Breaking News

AQSh-Rossiya: 32 yillik bitim bekor qilinishi mumkin


AQSh 1987-yilda Rossiya bilan imzolangan O’rta masofali yadroviy qurollarni nazorat qilish to’g’risidagi bitimdan chiqishi mumkin. Chunki, deydi Amerika rasmiylari, Rossiya bitim shartlarini buzishda davom etmoqda.

1987-yilda AQSh va Rossiya O’rta masofali yadroviy qurollarni nazorat qilish to’g’risidagi bitimni imzolagan. Vashington nazarida Moskva bitim shartlarini qo’pol ravishda poymol etmoqda. AQSh Davlat kotibining xavfsizlik va yadroviy qurollarni nazorat qilish bo’yicha muovini Kristofer Fordning aytishicha, AQSh bitimdan chiqishga majbur. Rossiyaning hujjatni saqlab qolish imkoniyatlari esa kundan-kunga ozayib bormoqda.

“Biz Rossiya tomonidan muntazam ravishda shartlarning buzib kelinayotganiga javob berayapmiz xolos. Vashington turli qarashlarga ega bo’lgan ikki ma’muriyat davrida uzoq yillardan beri mazkur muammoni ko’tarib kelgan. Moskvadagi hamkasblarimiz bilan 30 ga yaqin diplomatik uchrashuvlar o’tkazganmiz”, - deydi Ford.

Rossiya majburiyatlarini bajarmasa, Vashington avgust oyida bitimdan chiqishga qaror qilgan.

Sovuq urush davriga oid mazkur pakt 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Yevropa xavfsizligining asosi bo’lgan. Bitimga ko’ra, 500 dan 5500 kilometrgacha masofaga mo’ljallangan raketalarni yaratish va ulardan foydalanish taqiqlanadi. Yevropa hujjatning bekor qilinishidan xavotirda. AQSh va Rossiya bitimni saqlab qolishga chaqirilmoqda.

Fordga ko’ra, Rossiyaning paktga amal qilishi uchun qilingan harakatlar samarasiz yakun topgan.

Rossiya esa hujjat shartlarini to’liq bajarib, kelishuvga rioya qilayotganini aytmoqda.

Tortishuvlar davom etar ekan, Ford yagona ijobiy faktni qayd etmoqda. Unga ko’ra, ikki tomon ham Strategik qurollanishni qisqartirish to’g’risidagi bitimga to’liq amal qilmoqda. Shartnomaga ko’ra, yadroviy kallakchali qurollar soni 1550 tadan oshmasligi shart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG