Breaking News

AQSh raketaga qarshi mudofaa uchun kamroq mablag' ajratadi


AQShning ballistik raketaga qarshi "THAAD" mudofaa sistemasi
AQShning ballistik raketaga qarshi "THAAD" mudofaa sistemasi

Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya raketa tizimlarini kuchaytirayotgan bir paytda Qo’shma Shtatlar bu sektorga kamroq mablag’ ajratishni ko’zlamoqda. Raketa hujumiga qarshi mudofaa agentligi byudjeti 9,9 milliarddan 9,4 milliard dollarga kamayishi kutilmoqda. Pentagonga ko’ra, asosiy e’tibor innovatsiya va yangi texnologiyalarga qaratiladi.

Pentagon ma’lumotiga ko’ra, Xitoy ixtiyorida AQSh xavfsizligi uchun tahdid deb ko’rilgan 125 yadroviy raketa bor.

Rossiya esa uzoq masofaga uchadigan raketalar ishlab chiqargan. Vashington buni yadroviy qurollarni nazorat qilish kelishuviga zid deb biladi. Moskva, shuningdek, giper tovushli, katta tezlikda uchadigan raketalari borligini da’vo qiladi.

Shimoliy Koreya ham qit’alararo ballistik raketalar yaratishga zo’r bermoqda. AQSh bilan muzokara to’xtasa, sinovlarni davom ettirishga kirishishi mumkin.

Eron esa yaqinda uzoq masofaga mo’ljallangan qanotli raketasini ko’rsatdi. AQShning bildirishicha, bu davlat sun’iy yo’ldosh uchirishga hakarat qilgani ham BMT rezolyutsiyalariga zid.

Tramp ma’muriyati kuchli radar va havodagi nishonlarni tutadigan raketalarni o’z ichiga olgan mudofaa sistemasini kengaytirmoqda.

Hozirgi kunda AQSh uchib kelayotgan raketalarni yuqori atmosferada tutadigan 44 sistemaga ega, aksariyati Alyaskada joylashtirilgan. Bu moslamalarni yanada ko’paytirish rejada.

“Idjis” (Aegis) tizimlari, “THAAD” va “Patriot” batareyalari bilan birgalikda, o’rta va qisqa masofali raketalarni tutishga mo’ljallangan. Xavfsizlik bo’yicha ekspertlar fikricha, hozir byudjetni qisqartirish mavridi emas.

“AQSh raketa hujumiga qarshi mudofaa salohiyatini kuchaytirishi kerak. Bu degani, ko’proq sinovlar o’tkazish, ko’proq raketa-perexvatchiklar o’rnatish kerak”, - deydi tadqiqotchi Rebekka Xaynriks.

Uning aytishicha, AQSh raketalarni uchirish bosqichidayoq yo’q qiladigan kosmik lazer texnologiyalarni rivojlantirishga ham sarmoya qilishi lozim.

Ayrim ekspertlarning xavotiri shuki, AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimlari hozir asosan Shimoliy Koreyaga qaratilgan.

“Fors ko’rfazida ham, Shimoli-sharqiy Osiyoda ham ittifoqchilarimiz bor. Ham Koreya, ham Eron tahdididan ularni himoya qilishimiz kerak”, - deydi siyosatshunos Benham Ben Taleblu.

AQShning raqiblari ballistik raketalarini ko’paytirar ekan, tahlilchilarga ko’ra, Amerika bu sohaga sarmoyani kamaytirmasligi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG