Rossiya dunyoning istagan burchagiga yeta oladigan yadro qurollariga egaligini da'vo qilar ekan, Qo'shma Shtatlar bunga katta ahamiyat qaratmayapti. Prezident saylovlari oldidan Vladimir Putin o'z mamlakatining yangi harbiy imkoniyatlari haqida maqtandi.
"Uning bayonotlaridan hayron emasmiz. Amerika xalqi bilsinki, biz hammasiga tayyormiz", - deydi Pentagon so'zlovchisi Dana Vayt.
18-mart kungi saylovda Putin yana bir muddatga saylanishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, ovoz berish oldidan u fuqarolarni Rossiyaning kuchiga, Putin prezident ekan, bu davlatni hech kim yenga olmasligiga ishontirmoqchi.
"Putin AQSh bilgan narsani tasdiqladi, xolos. Ya'ni Rossiya, kelishuvlarga zid ravishda, o'nlab yillardan buyon qurollar ustida ishlab kelmoqda", - dedi Oq uy so'zlovchisi Sara Xakabi Sanders.
Putinga ko'ra, yadroviy quvvatli kruiz raketalari va suvosti dronlari sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan va cheksiz masofaga uchib, hatto AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimlarini ham aylanib o'tishga qodir.
AQShning yadroviy salohiyatiga doir so'nggi hisobotida ham gipertovushli raketalar va yadroviy torpedolarni ishlab chiqarish haqida gap boradi. Prezident Donald Tramp yadroviy arsenalni yangilash zarurligini aytib kelmoqda.
Yirik ekran oldida turib so'zlagan Vladimir Putinga ko'ra, yangi qurollar AQShga javobdir. Vashington Yevropada raketa hujumiga qarshi sistemalarini o'rnatib, bizning shikoyatlarimizga quloq tutmadi, deydi u.
Pentagon rasmiysi Dana Vayt bu iddaoni rad etmoqda.
"Sistema Rossiyaga qarshi qaratilmagan, ular buni biladi. Tizim Eron va Shimoliy Koreyadan himoya vazifasini o'taydi", - deydi u.
Rossiya rahbari, shuningdek, 200 tonnali va dunyoning istagan nuqtasiga uchib bora oladigan yangi raketa sinovdan o'tkazilayotganini ta'kidladi. Uning aytishicha, ayrim texnologiyalar shunchalik yangiki, ularga hali nom berilmagan.
"Rossiya harbiy qudrati bilan hech kimga tahdid solmaydi, bu qurollarni agressiya maqsadida qo'llash niyatimiz yo'q. Aksincha, ular tinchlik garovi bo'lib xizmat qiladi, global maydonda strategik muvozanatni ta'minlaydi", - deydi Putin.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida esa yangi qurol poygasi boshlanmoqda.
Facebook Forum