Qo'shma Shtatlar va Rossiya strategik qurollar sonini kamaytirish bo'yicha "Yangi START" bitimiga amal qilayotgan ko'rinadi. Ayni damda ikki davlat munosabatlari juda sovuq bo'lishiga qaramasdan, deydi ekspertlar, yadroviy aslaha omborlarini o'zaro tekshira olish global xavfsizlik va barqarorlik uchun muhim.
Sobiq prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev "Yangi START" bitimini imzolaganiga sakkiz yil to'ldi. Unga binoan har ikki tomon yadro kallaklarini 1550 donagacha, ularni tashish sistemalarini esa 700 tagacha kamaytirishga rozi bo'lgan.
Bu shartlarni bajarish muddati - 5-fevral. AQSh ularni 2017-yilning yozidayoq bajarganini bildirmoqda.
"Fikrimizcha, Rossiya ham hujjat bandlariga amal qilayapti. Moskva kelishuvga rioya qilmaydi deyish uchun asos yo'q", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert.
START doirasida AQSh va Rossiya yilda ikki marta inspeksiyalar o'tkazib kelmoqda. Tomonlar bir-birining boyegolovkalar soni va raketa tashuvchi sistemalarini tekshirib turishi o'rtada ishonchni tiklaydi, deydi ekspertlar.
"Tekshiruvlar g'irromlikni bartaraf etadi. Rasmiylarga yuzma-yuz ko'rishish, salom-alik qilib aloqa o'rnatish, bir-birini tanib olish imkonini beradi", - deydi tahlilchi Olga Oliker.
Yaqinda xalqqa murojaatida Prezident Donald Tramp yadroviy qurollar masalasiga ham to'xtab o'tdi.
"Yadro arsenalimizni yangilab, tiklashimiz lozim. Undan foydalanishga majbur bo'lmaymiz degan umiddamiz, lekin qurollarimiz qudrati har qanday agressiyani bartaraf eta olishi kerak. Ehtimol kelajakda mamlakatlar yadro raketalaridan voz kechar. Unday zamonlar hali kelmadi", - deydi Tramp.
Donald Tramp va Vladimir Putin iliq munosabatda bo'lishiga qaramasdan, ikki davlat qator masalalarda kelisha olmaydi.
"Saylovlarga aralashuvdan tortib Suriya, Qrim va Ukrainagacha. Manfaatlar to'qnashayotgan masalalar ko'p. Gaplashib turish kerak, toki kelishmovchiliklar dunyo tinchini buzadigan jiddiy bir mojaroga yetaklamasin", - deydi Olga Oliker.
START bitimi muhim, chunki AQSh va Rossiya jahondagi yadro qurollarining 95 foiziga egalik qiladi.
Ayrimlar yangi yadroviy poyga boshlanayotganidan xavotirda. AQSh harbiylari yaqinda kichikroq yadroviy bombalar yaratish taklifi bilan chiqdi. Gap bu yerda raketalarni ko'paytirish emas, balki yadro kallaklarini yangilash haqida ketmoqda. Rossiya esa minglab kilometrga ucha oladigan yangi turdagi suvosti torpedosini yaratayotgani aytiladi.
Facebook Forum