Breaking News

Demokratlar Trampga qarshi saylovga hozirlanmoqda


Prezidentlik uchun demokratlardan nomzod senator Berni Sanders
Prezidentlik uchun demokratlardan nomzod senator Berni Sanders

Demokratlar partiyasi uchun navbatdagi prezidentlik sayloviga nomzod tanlash jarayoni boshlanishiga 10 oycha vaqt qoldi. Allaqachon 15 ga yaqin nomzod Prezident Donald Trampga qarshi kurashish niyati borligini e'lon qilgan. Nomzodlar tarkibi rang-barang: ayollar, erkaklar, ozchilik millat vakillari hamda siyosiy tajribasi turlicha bo'lgan da'vogarlar.

Demokratlar orasida prezident bo'lishga umid qilayotganlardan biri massachusetslik senator Elizabet Uorren.

"Tramp ma'muriyati milliy xavfsizligimiz uchun yurayotgan, gapirayotgan, yashayotgan va nafas olayotgan tahdid", - deydi u.

Prezident Donald Trampni tanqid qilishdan tortinmayotgan ayol nomzodlar ko'p. Minnesotalik senator Eymi Klobushar ulardan biri.

"U uyushgan nafrat uyushmagan muhabbatdan kuchliroq deb hisoblaydi. Balki u haqdir. Lekin unga qanday javob beramiz? Uyushish orqali. Biz birlashamiz va yengamiz", - deydi u.

Kaliforniyalik senator Kamala Harris, sobiq vazir Xulian Kastro va nyu-jersilik senator Kori Buker ozchilik etnik guruhlarga mansub nomzodlar.

"Bu saylov faqat bitta odamni haydashdan iborat emas. U Amerika yangi erasining boshlanishidir. Endi orzular faqat so'z yoki qo'shiq emas, balki barcha uchun haqiqatga aylanadi", - deydi senator Kori Buker.

2016-yilgi saylovdan tanish qiyofa bu vermontlik senator Berni Sanders.

Sanders sog'liqni saqlash, bepul ta'lim va iqtisodiy adolatni ta'minlash bo'yicha katta va'dalar bermoqda.

"Agar prezident etib saylansam, quyi qatlamlar siyosiy harakatining bir qismi sifatida butun mamlakatni aylanaman", - deydi Sanders.

So'rovlarga ko'ra, Sanders nomzodlar ro'yxatining deyarli eng tepasida, sobiq vitse-prezident Jo Baydendan keyin.

Bayden tez orada poygaga qo'shilishi kutilyapti, ammo ba'zi ayollar uning tejajog'lik qilish odati borligidan shikoyat qilgach, tanqidlarga yo'liqmoqda.

Faollar har bir nomzodni yaqindan kuzatmoqda, deydi tahlilchi Bill Svini.

"Saylovchilar nomzodlarni, asosan, ikki masalada so'roqqa tutmoqda. Eng asosiysi, ularning kelasi yillarda AQShni qanday ko'rishlari haqida. Ikkinchisi, ular 2020-yil Trampni yenga oladigan darajadagi odammi?", - deydi u.

Ilgari uncha tanish bo'lmagan ba'zi nomzodlar tez tanilmoqda. Texaslik sobiq kongressmen Beto Orurk, senator Kamala Harris va Indiananing Souz Bend shahri meri Pit Butejej shular jumlasidan.

Demokratlarda tanlash imkoniyati keng.

"Saylovchilar Bill Klinton kabi markazchi bo'maydigan, sobiq prezident Barak Obamadek ehtiyotkorlik qilmaydigan, daromadlardagi tengsizlikni markaziy masalaga aylantiradigan nomzodni xohlaydimi?", - deya so'raydi ekspert Mat Dallek.

Kim bo'lishidan qat'i nazar, demokratlar nomzodiga imkoniyat bermayman, deydi Tramp.

"Mamlakatimizni boy berib qo'yishimiz mumkin. Chunki bu odamlar telba", - deydi u.

Bu orada demokrat nomzodlar iyun oyida boshlanadigan o'zaro bahslarga tayyorlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG