2020-yilgi prezidentlik saylovlarida Donald Trampni mag’lub qilaman degan demokrat nomzodlar maydonga chiqishda davom etmoqda. Yaqinda Texas shtatidan sobiq kongressmen Beto Orurk ham poygaga qo’shildi. E’londan 24 soat o’tmay u 6 million dollardan ko’proq mablag’ to’plagan.
Orurk prezidentlik poygasida qatnashishini e’lon qilib, Tramp 2016-yilda yutgan shtatlarga yo’l oldi.
“Butun dunyo bizga umid bilan qaraydi. Eng xavfli davr ham hozir, maksimum salohiyatimizni ko’rsatadigan fursat ham hozir. Kim ekanimizni, nimaga qodir ekanimizni ko’rsataylik”, - deydi Orurk video murojaatda.
46 yoshli siyosatchi g’ayratli, jo’shqin deb tilga olinadi. Moliya jamg’arishni biladi. U Oq uyga harakat qilayotgan o’nlab partiyadoshlari safiga qo’shilmoqda.
Sobiq kongressmen o’tgan yili xalq nazariga tushgan edi. AQSh Senati uchun poygada Orurk uzoq yillik respublikachi senator Ted Kruzga atigi 3 foizlik farq bilan yutqazgan. O’shanda poyga uchun 80 million dollar jamg’argan edi.
Prezident Donald Tramp kelasi yilgi saylovda har qanday demokrat nomzod bilan bellashishga va g’alaba qilishga tayyor ekanini aytadi.
“Orurk qo’llarini rosa qimirlatar ekan. Jinnimi yoki o’zi shunaqami, deb o’ylanib qoldim. Kim men bilan bellashsa ham, o’shanga qiyin bo’ladi. Menga farqi yo’q”, - deydi prezident.
Beto Orurk qatorida prezidentlikka da’vo qilayotgan siyosatchilar orasida markazchilar ham, ultra so’lchilar ham bor, deydi tahlilchi Jon Xudak.
“O’ylaymanki, turli g’oyalar va mavzular ustida qizg’in munozaralar bo’ladi. Respublikachilar orasida emas, aynan demokratlar orasida”, - deydi suhbatdosh.
Orurk o’z chiqishlarida barcha fuqarolar uchun tibbiy xizmat, immigratsiya va global iqlim haqida gapirmoqda.
Ammo maydonda kuchli va tajribali boshqa nomzodlar ham bor. Masalan, Massachussets shtatidan senator Elizabet Vorren.
“Hukumat hamma uchun emas, faqat puldorlar va amaldorlar foydasi uchun ishlasa, bu korrupsiya. Ochiq aytish kerak”, - deydi senator.
Sobiq vitse-prezident Jo Bayden ham saylovda qatnashish haqida o’ylanmoqda. So’rovlarga qaraganda, uning tarafdorlari ko’p.
Ammo ba’zi demokratlar kelasi yili Trampga qarshi yangi bir odam maydonga chiqishini istaydi, deydi siyosatshunos Vil Marshal.
“Prezident Vashington siyosatida pishgan bo’lishi shart emas. Fuqarolar siyosiy madaniyat, siyosiy sinf o’zgarishi uchun ovoz beradi”, - deydi u.
Beto Orurk turli shtatlarda saylovchilar bilan uchrashmoqda. AQShda prezidentlik saylovlariga 1,5 yildan oshiq vaqt bor.
Facebook Forum