Breaking News

Tolibon bahorgi hujumlarni boshladi


Tolibon hujumida halok bo'lgan ikki o'quvchi jasadini yaqinlari olib ketmoqda, G'azni, Afg'oniston, 30-mart, 2019-yil.
Tolibon hujumida halok bo'lgan ikki o'quvchi jasadini yaqinlari olib ketmoqda, G'azni, Afg'oniston, 30-mart, 2019-yil.

Tomonlarni murosaga keltirish bo'yicha AQSh boshchiligida muzokara ketayotgan bir paytda Tolibon 12-aprel kuni bahor mavsumidagi jang amaliyotlari boshlanganini e'lon qildi.

"Al-Fath" (G’alaba) nomini olgan hujumga butun mamlakat bo’ylab start berildi. Hujumdan maqsad AQSh harbiylaridan xoli hududlarda islomiy tuzum o’rnatish”, - deyiladi Tolibon bayonotida.

Kuzatuvchilarga ko’ra, bayonot ramziy xususiyatga ega. Chunki isyonchilar so’nggi yillar qish mavsumida ham hujumlarni qisqartirgan emas. Ular qahraton faslda ham Afg’oniston hukumati kuchlari va AQSh boshchiligidagi NATO ittifoqchilariga qarshi yirik hujumlarni amalga oshirib kelmoqda.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi rasmiylari hujum rejasini “oddiy targ’ibot” deb atadi. Hukumat isyonchilar harakatini bahorgi harbiy operatsiyalar davomida bostirish rejasini ishlab chiqqan.

Birgina o’tgan haftada Afg’onistonning turli viloyatlarida Tolibon bilan to’qnashuvlar jarayonida 200 dan ziyod odam halok bo’lgan. Ulardan uchtasi AQSh askari.

Taxminlarga ko’ra, Tolibon ayni damda 407 tumandan iborat Afg’oniston hududining yarmida nazorat o’rnatgan yoki nazorat o’rnatish uchun kurashmoqda.

“Bizning jihodiy maqsadlarimiz yakuniga yetgani yo’q. Garchi vatanimiz hududining katta qismi dushmanlardan ozod etilgan bo’lsa-da, xorijiy kuchlar bizning islomiy mamlakatimizga harbiy va siyosiy ta’sir o’tkazishda davom etmoqda”, - deyiladi Tolibon bayonotida.

Vashingtonning Afg’onistonda tinchlik o’rnatishga mas’ul maxsus elchisi Zalmay Xalilzod o’tgan yildan beri Tolibonning Qatardagi vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda. Dialog bu yilgi qurolli to’qnashuvlar sonini qisqartiradi degan umidlar bor edi.

AQSh-Tolibon vakillari muzokarasining navbatdagi bosqichi aprel oyining oxirida bo'lib o'tishi kutilmoqda. Tolibonga ko'ra, BMT muloqotda ishtirok etayotgan Tolibonning Qatardagi 15 nafar vakiliga sanksiyalarini vaqtincha to’xtatishga va'da bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG