Breaking News

Venesuelada Maduroga qarshi namoyishlar keskin tus olmoqda


Xalqaro hayot: Venesuelada vaziyat og'irlashmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:45 0:00

Venesuela poytaxti Karakasda Prezident Nikolas Maduroning iste'fosini talab qilayotgan namoyishlar davom etmoqda. Milliy xavfsizlik bo'yicha AQSh maslahatchisi Jon Boltonning aytishicha, Venesuelaning kelajagi bir necha kun ichida hal bo'ladi.

"Agar bu harakat ish bermasa, ular diktaturaga sho'ng'iydi va u yerdan chiqish imkoniyati juda kam. Juda nozik bir palladamiz", - dedi u.

Boltonga ko'ra, Venesuelaning yetakchi rasmiylari yordamida hokimiyat tinch yo'l bilan almashishi mumkin.

"Mudofaa vaziri Vladimir Padrino, Oliy sud raisi Maykel Moreno, Prezident gvardiyasi qo'mondoni Rafael Ernandes Dala kabi shaxslar boshqa harbiy kuchlarning muvaqqat prezident tomoniga o'tishi uchun harakat qilishi kerak", - dedi AQSh rasmiysi.

Boltonning aytishicha, Venesuela harbiy rejim nazoratida; rejim esa o'z navbatida Kuba va Rossiyaga tayanadi. Maduro kuchlari qo'rqqani uchun uning yonida, deydi u.

"Mamlakatda 20-25 ming askar qo'rqib turibdi. Ular agar muvaqqat prezidentga ergashish muvaffaqiyatsiz yakunlansa, oqibati nima bo'lishidan qo'rquvda", - dedi Bolton.

Venesuela milliy assambleyasi sobiq raisi Xuan Guaydo yanvar oyida muvaqqat prezident sifatida qasamyod keltirgan edi. 50 dan ortiq davlat uning hokimiyatini tan oldi, lekin Maduro hanuz Xitoy, Kuba, Rossiya, Eron va Turkiya qo'llab-quvvatloviga ega. Mamalakat gumaniyat inqirozga yuz tutgan.

Maduro hukumati beqarorlikda AQShni ayblaydi.

"Xalqimizdan xotirjammiz. Lekin bu qudratli davlatning dunyoga burun suqib, hamma joyni buzib yurishidan xavotirdamiz. Ular Venesuelada ham xuddi shunday qilmoqda", - dedi Venesuelaning BMTdagi elchisi Samuel Monkada.

Bolton Venesuela bo'yicha AQSh rejalari haqida gapirishni istamadi, lekin Guaydo hokimiyatni to'liq qo'lga olishi bilan mamlakat iqtisodiyotiga yordam berilishini aytdi.

Vashingtondagi AQSh elchixonasini Maduro diplomatlari allaqachon tark etgan, lekin rejim tarafdorlari hanuz shu yerda.

Aksariyati AQSh fuqarosi bo'lgan faollar va Maduro tarafdorlari ayni paytda elchixona binosini egallab turibdi.

"Biz qonunni buzmayapmiz. Prezident Madurogacha bo'lgan hammadan to'liq ruxsatga egamiz. Agar Davlat departamenti yoki xavfsizlik kuchlari bostirib kiradigan bo'lsa, qonunni ular buzayotgan bo'ladi", - deydi faollardan biri.

Bino tashqarisiga Guaydo tarafdorlari ham yig'ilgan.

Ular Maduro himoyachilarini Venesueladagi haqiqiy vaziyatdan ogoh qilishga urinmoqda.

"Ular tasavvuridagi voqelik men bilgan narsadan juda farqli. Ular menga AQSh haqida gapirishadi, men esa mamlakatimdagi ahvolni tushuntiryapman", - deydi Guaydo tarafdorlaridan biri.

AQSh Maduro hukumatini tan olmaydi, namoyishchilar esa barcha narsaga tayyor ekanini aytmoqda. Vaqt esa o'tib bormoqda.

"Agar politsiya bizni qo'lga olsa, mayli, olsin. Biz buni qabul qilamiz, qarshilik qilishga kuchimiz yo'q va zo'ravonlik bilan qarshilik qilmaymiz. Bunday xavfga tayyormiz", - deydi faollardan biri.

Venesuela elchixonasidagi vaziyat mamlakatdagi inqirozni o'zida ifodalaydi. Ikki prezident - ikki xil mafkura. Har ikki tomon o'z yo'lidan qaytmayapti. Kim g'olib chiqadi? Buni vaqt ko'rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG