Breaking News

AQSh-Xitoy viza urushi: Olimlar josusmi?


Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQSh-Xitoy o’rtasida viza urushi boshlangan. Har ikki tomon olimlar va ekspertlarga viza berishni cheklab qo’ygan. Ziyolilar cheklov ikki yirik mamlakat liderlarining o’zaro til topishishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkinligidan xavotirda.

So’nggi haftalarda har ikki tomonning ommaviy axborot vositalari AQSh-Xitoy ilmiy, professional munosabatlarida faol ishtirok etib kelgan olimlarning viza bilan bog’liq muammolarini yoritgan. Jumladan, o’n yillar mobaynida AQShga kelib, ilmiy anjumanlarda ishtirok etib yurgan xitoylik olimlarning vizalari bekor qilingani aytilmoqda. “The New York Times” nashrining ma’lum qilishicha, Los-Anejeles Xalqaro aeroportidan vataniga qaytayotgan Xitoy olimi Markaziy razvedka byurosi vakillari tomonidan to’xtatilib, 10 yil amal qiladigan vizasi ustidan chizib tashlangan.

O’tgan haftada Xadson universitetining Tramp ma’muriyatiga Xitoy bo’yicha maslahatchilik qiladigan olimi Maykl Pillsburi ham Xitoyga viza ololmaganidan shikoyat qildi. Xitoy elchixonasi viza murojaatini ko’rib chiqishni ataylab sekinlashtirgan, Pekindagi ilmiy anjuman esa mening ishtirokimsiz o’tib ketdi, deydi olim.

Garchi qancha viza murojaatlari rad etilgani yoki cheklovlarning qay darajada o’sganini tasdiqlovchi rasmiy ma’lumotlar bo’lmasa-da, olimlarning shikoyatlaridan vaziyatga baho berish mumkin. Xitoy Kommunistik partiyasi qaramog’idagi “The Global Times” tabloid nashrining ma’lum qilishicha, 2018-yilda 280 nafar xitoy akademiklarining vizasi bekor qilingan yoki viza talabi rad etilgan. Biroq nashr ma’lumotlar manbasini ko’rsatmagan.

Xitoyda chop etiladigan “Morning Post” nashrida Jorj Vashington universitetining yetakchi xitoyshunosi Devid Shemboning yozishicha, ilmiy tajriba almashinuviga qo’yilgan cheklovdan har ikki mamlakat teng zarar ko’radi.

“Qasdma-qasd qo’llanilayotgan choralar ikki tomonni ham tubanlik qa’riga yetaklaydi, o’zaro shubha va adovatlarni kuchaytiradi. Bir-biridan o’ch olishga zo’r berar ekan, bundan avvalo tomonlarning o’zi zarar ko’radi. Akademik vizalarni siyosatdan erkinlashtirish va mamlakatlar o’rtasidagi ilmiy tajriba almashish jarayonlariga taqiq o’rnatmaslik kerak. Bu ilm rivoji va tomonlarning bir-birini chuqurroq tushunishiga xalaqot beradi”, - deb yozadi Shembo.

AQSh Xitoyning professor va tadqiqotchilardan josus sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotirda.

Ayrim AQSh rasmiylari Xitoyning Huawey va ZTE brendlari telekommunikatsiya vositalaridan foydalanishni ham xavfsizlikka tahdid ekanini aytmoqda. Xitoy qonunlari zarur bo’lganda kompaniyalarga maxfiy ma’lumot olishga xizmat qilish majburiyatini yuklashi aytilmoqda.

Shu paytga qadar ayrim Xitoy kompaniyalari sanoat sohasidagi josuslik va intellektual mulkni noqonuniy o’zlashtirish ishlarida ayblangan edi. AQSh rasmiylari josuslikning boshqa jabhalarga ko’chishidan xavotirda.

Darhaqiqat, o’tgan hafta yakunida Texas universitetining Saraton kasalliklari markazi ikki xitoylik tadqiqotchini ishdan bo’shatgan. Ayni damda uchinchi xitoylikni vazifasidan ozod qilish jarayoni ketmoqda. Ular federal moliya asosida ish olib borayotgan tadqiqot dasturiga oid ma’lumotlarni o’g’irlashga uringanlikda ayblanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG