Virjiniyaning Arlington shahridagi masjid ahli qurolli hujumchi paydo bo'lganda o'zlarini va atrofdagilarni qanday himoya qilish bo'yicha treningdan o'tmoqda. Dunyo bo'ylab, xususan, Yangi Zelandiyadagi masjidda va Pistburgdagi sinagogada yuz bergan xurujlar ortidan musulmonlar xavotiri oshgan.
Arlington shahridagi Baytul Mukarram masjidi. Namozxonlar ibodatlarini tugatgan, lekin politsiyachidan qo'shimcha mashg'ulot olish uchun kutib o'tirishibdi.
Politsiya zobitlari masjidda kimdir o'q uzsa nima qilish kerakligini o'rgatmoqda.
"Treningdan maqsad zo'ravonlik yuz bergan paytda aholini zarur ko'nikmalar bilan ta'minlash", - deydi Arlington politsiyasi vakili Maykl Kin.
Namozxonlar trening o'tkazilayotganidan mamnun.
"Ajoyib o'tdi. Kelganimdan, jamoat joyida, ayniqsa, masjidda kutilmagan otishma yuz bersa nima qilishni o'rganganimdan xursandman", - deydi Muhammad Abujafar ismli musulmon.
"Arlington okrugi politsiyasi bizga g'amxo'rlik qilayotganini qadrlayman. Ular biz haqimizda o'ylashadi", - deydi Usmon Xon ismli yana bir dindor.
Trening AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi qo'llaydigan amaliyot asosida tuzilgan. U yugurish, yashirinish va kurashish modeliga asoslanadi. Odamlar, dastlab, qochishi kerak. Agar buning imkoni bo'lmasa, yashirinishi lozim. So'nggi chora sifatida tirik qolish uchun kurashish tavsiya qilinadi.
"Yaxshi bo'ldi, chunki bularni bilsangiz o'zingizni chorasiz qolgandek his qilmaysiz. Politsiyachilar aytyaptiki, arzimas ishlar ham, masalan, stol tagiga, axlat qutisi ortiga yashirinsangiz ham, hayotingizni saqlab qolishingiz mumkin", - deydi treningda qatnashgan ayol.
So'nggi xurujlar ortidan shunday trening o'tkazishga qaror qildik, deydi masjid imomi Avays Ahmed.
"Imomlar uchrashib, yig'ilish o'tkazdik. Yangi Zelandiyada yuz bergan voqea hamma joyda bo'lishi mumkin. Shu bois bu dasturni o'tkazishga qaror qildik. Shimoliy Amerika Islom doirasiga yordam so'rab murojaat qildik. Ular politsiya bilan birgalikda tashkillashtirib berdi", - deydi u.
"Politsiya bilishi lozim bo'lgan eng muhim ma'lumot: qayerdasiz? Birinchi bo'lib shuni aytishingiz kerak", - deydi politsiyachi.
Barcha diniy guruhlar treningdan o'tmoqda. Har qanday holat uchun tayyor turgan yaxshi, lekin buni hayotda ishlatish boshingizga tushmasin, deydi tashkilotchilar.
Facebook Forum