Breaking News

Turkiya mudofaa vaziri Vashingtonga e'tirozda


Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar (chapdan ikkinchi) va AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxanning (o'ngdan ikkinchi) Pentagondagi uchrashuvi. 22-fevral, 2019.
Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar (chapdan ikkinchi) va AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxanning (o'ngdan ikkinchi) Pentagondagi uchrashuvi. 22-fevral, 2019.

Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxandan olgan maktubiga e’tiroz bildirdi. AQSh rasmiysining maktubi Turkiyaning Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini xarid qilish qarori xususida. Akarga ko’ra, Shanaxan maktubi ittifoqchilik rishtalariga zid tarzda yozilgan va Vashingtonga munosib javob xati tayyorlanmoqda.

Ozarbayjon-Gruziya-Turkiya mudofaa vazirlarining yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga yetib kelgan Xulusi Akar jurnalistlar bilan suhbatda S-400 tizimiga oid savollarga oydinlik kiritdi.

“AQSh Mudofaa vazirligidan maktub oldim. Unda xavfsizlik sohasida hamkorlik va aloqalarni davom ettirishning ahamiyatiga urg’u berilsa-da, umumiy mazmun ittifoqchilik rishtalariga zid ekanini payqash mumkin. Shundan kelib chiqib, maktubga munosib javob berish ustida ishlanmoqda”, - dedi Akar.

Akar, shuningdek, AQSh va Turkiyaning idoralararo va tashkilotlar doirasidagi munosabatlari davom etayotganini ta’kidladi. Vazir joriy oy so’ngida Patrik Shanaxan bilan uchrashishini bildirgan. Ikki rasmiy Bryusselda o’tadigan NATO sammiti doirasida muzokaralarga kirishadi. Shuningdek, 13-iyun kuni Akar va Shanaxanning telefon orqali muloqot qilishi rejalangan. Akar o’z e’tirozlarini bayon etishini ta’kidladi.

Vashington Turkiyaning Rossiyadan S-400 tizimini xarid qilish qaroriga keskin e’tiroz bildirib, uning NATO xavfsizlik tizimiga muvofiq emasligini aytib kelayotgan edi. Shuningdek, AQSh o'zining F-35 harbiy samolyotlari sirlarini Rossiya bilib olishi ehtimolidan xavotirini bildirgan edi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Arizona shtati aviabazasida turk harbiylariga F-35 samolyotlari bo’yicha treninglar muddatidan avval yakunlangan. Florida shtatidagi treninglar esa davom etmoqda. Moskva S-400 tizimi Turkiyaga iyul oyida yetkazilishini ma’lum qilgan. Vashington Turkiyaga sanksiyalar qo’llashini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG