Breaking News

NASA fazoga tijoriy parvozlarni yo'lga qo'ymoqda


Kelasi yildan boshlab Xalqaro fazo stansiyasi sayyohlarga va xususiy bizneslaga ochiq bo’ladi. Astronavtlik zavqini his qilishni istaganlar 30 kun davomida fazoda sayr qilishi mumkin. Parvozga qo’yilgan narxlar ham fazoviy.

NASA, Fazoviy tadqiqotlar agentligi muhim yangilikni e’lon qildi.

“NASA Xalqaro fazo stansiyasidan tijoriy maqsadlarda foydalanishni yo’lga qo’ymoqda. Odamlar AQSh fazo kemalarida stansiyaga parvoz qilish imkoniyatiga ega bo’ladi. Kompaniyalar undan tijoriy maqsadda foydalana oladi”, - deydi agentlik xodimi Jeff Dyuitt.

Loyiha 2020-yilda boshlanishi kutilmoqda. Har yili ikki mijozga Xalqaro fazo stansiyasiga parvoz qilish va u yerda bir oy vaqt o’tkazishga ruxsat beriladi.

Loyiha NASAga mo’may daromad keltiradi. Mijozlarga esa millionlab dollarga tushadi.

“Fazo stansiyasining har bir kuni uchun alohida to’lov joriy qilinadi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko’ra, bir kishi uchun kunlik xarajat 35 ming dollar atrofida bo’ladi. Biroq u yerda “Marriott” yoki “Hilton” mehmonxonalaridagi sharoit bo’lmaydi”, - deydi Dyuitt.

Sizni Xalqaro fazo stansiyasiga yetkazish uchun “Boeing” va “Space X” kompaniyalariga ham to’laysiz. Chipta arzon emas. Biroq puling bo’lsa, fazoda ham sho’rva qaynayveradi.

“O’z astronavtlarimizni yuborish uchun hozirda har bir o’ringa 80 million dollar to’layapmiz. Tijoriy parvoz xarajati esa kishi boshiga taxminan 58 million dollarni tashkil etadi. Chipta narxi ham shu atrofda bo’ladi”, - deydi Dyuitt.

Moddiy imkoniyat va istak parvoz uchun yetarli emas. Mijoz qat’iy talablardan iborat tibbiy ko’rikdan o’tishi lozim.

NASAga ko’ra, xususiy kompaniya va odamlarning parvozini joriy qilish fazoni yanada chuqurroq o’rganishga xizmat qiladi.

“Vaqt o’tishi bilan NASA quyi orbitani xususiy sektorga topshirib, o’zi uzoq muddatli boshqa loyihalar bilan shug’ullanadi”, - deydi mutaxassis Bill Gerstenmayer.

Bu loyihalarga 2024-yilda Oyga va undan keyin Marsga uchish kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG