Qo’shma Shtatlar sifatli oliy ta’lim izlagan odamlar, jumladan hindistonlik talaba va mutaxassislar uchun asosiy manzil bo’lib kelgan. Xalqaro ta’lim institutiga ko’ra, Amerikada chet ellik talabalar soni bir milliondan oshiq, ularning yarmi Xitoy va Hindistontondan. Biroq Vashingtonning keskin cheklovlar joriy etgan immigratsion siyosati bois hozirda hindistonlik yoshlarning umidi Kanadadan. Malakali mutaxassislar taqchilligini Kanada migrantlar hisobidan to’ldirib keladi.
Nyu-Delidan ko’chish uchun hozirlik ko’rar ekan, Ankit Gupta va uning rafiqasi Shubhi hayajonda. Ikkisi ham hisobchi bo’lgan yosh oila Kanadadan doimiy yashash uchun taklifnoma olgan. U aynan AQSh grin kartasiga teng.
Guptalar oilasi rivojlangan davlatga ko’chib, to’qqiz yoshli qizining kelajagi uchun munosib imkoniyat, ish va hayot o’rtasida ideal muvozanat yaratish ilinjida edi. 2021-yilga qadar bir million malakali xodimlarni qabul qilishni rejalagan Kanada ularga o’z eshigini ochdi.
“Amerika mening xayolimga ham kelmagan, to’g’risi. Azaldan o’zim, oilam uchun imkoniyatlarga boy, munosib hayot darajasini ta’minlay oladigan joy qidirib yurgan edim. Ayniqsa qizim o’z orzularini amalga oshira oladigan davlatda yashasin deyman”, - deydi Gupta.
Fuqarolik olishning oson ekani mutaxassislar va talabalarning Kanadaga intilishiga asosiy sabablardan biri.
Nixil Kumar xorij universitetlariga hujjatlarini topshirar ekan, uzoq yillar mobaynida Hindiston yoshlari orzusi bo’lgan Amerikadan imkoniyat izlamadi. Deli universitetini tamomlab omadi chopmagach, xorijga ketishga qaror qildi. AQShga ishchi vizasini olish amri mahol. Kumarning umidi Kanada unviversitetlaridan. Chunki u yerda ish topish osonroq. Doimiy yashash va ishlash huquqini olish ham murakkab emas.
“AQSh qonunlari beshafqat. U yerdagi hindistonlik talabalar jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda. Shunday ekan, vaqtimni bekorga sarflashni istamayman. Kanadada ham Amerikadagiday ta’lim olish mumkin, sifat jihatdan farq qilmaydi”, - deydi Kumar.
Kanadaga otlanar ekan, Guptalar oilasi vatanni tark etish oson emasligini aytadi.
“Hayotingiz iziga tushib olgan joyni tashlab ketish osonmas. Hindiston rivojlanayotgan mamlakat. Oilam shu yerda, yaxshi ishim ham bor”, - deydi Gupta.
Biroq Hindistonda aholi soni oshib bormoqda, ekologiya yaxshi emas. Nufuzli maktab va universitetlarga kirish uchun raqobat nihoyatda katta. Kanadaga eng ko’p hujjat topshiradiganlar aynan Hindistondan.
“Kanadada aholi ko’p emas. Odamlar mehribon, madaniyatli. O’z an’analaringizni ham davom ettirishingiz mumkin. Ta’lim sifati yuqori. Tibbiy xizmatlari yaxshi”, - deydi Kumar.
Amerika tashqi dunyoga yopilmoqda. Migrantlarning Kanadaga qiziqishi esa ortib bormoqda.
Facebook Forum