O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova ozod etilishi ehtimoli jamoatchilikda keskin munozaralar qo’zg’adi.
Karimovaning qamoqdan chiqargan murojaati ortidan boshlangan bu bahslar aksariyat jamoatchilik Gulnorani muddatidan avval ozodlikda ko’rishni istamayotganidan darak beradi.
Bu munozaralar Karimovaning davlat foydasiga o’tgan 1,2 milliard dollarlik mablag’i nimaga sarflanayotganiga doir savollarni ham yuzaga chiqargan. O’zbekiston Moliya vazirligi musodara mulklaridan davlat byudjetiga milliard dollar o’tkazilganini tasdiqlamagan.
Gulnora Karimovaning qamoqdan chiqargan murojaati uning yaqin vaqtlarda ozodlikka chiqishi ehtimoli haqidagi gaplarga sabab bo’ldi.
Bu ma’lumot ortidan Gulnora Karimova qudratda ekanligida homiylik qilgan bir guruh qo’shiqchilar Karimovani qutlash kampaniyasini boshlashdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyinlangan bu chiqishlarda jamoatchilik Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqishni orziqib kutayotgani, ayniqsa, san’atkorlar Gulnorani sog’inib qolishgani haqida so’z boradi.
Bu kampaniya aksariyati blogerlar va jurnalistlardan iborat bo’lgan faollarning keskin qarshiligiga uchradi. Ko'plab faollar va jurnalistlar xalq mulkiga xiyonat qilgan Gulnoraning ozodlikka chiqishiga qarshi.
Munozaralar O'zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova va Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova o’rtasidagi bahs ortidan yanada kuchaydi.
Yuldus Usmonova qo’shiqchilar o’rtasida Gulnora Karimovani qutlash kampaniyasiga qarshi chiqqan kam sonli san’atkorlardan biri bo’ldi.
Usmonovaning "Instagram" tarmog'i orqali qilgan videomurojaatida aytishicha, Gulnora Karimova xalq pulini o’margan o’g’ri va o’g’rining qamoqdan chiqishini hech kim kutayotgani yo’q. Bu narsani orziqib kutayotgan qo’shiqchilar o’z o’rnini bilishi kerak, dedi san'atkor.
Xalq artistining bu fikriga nisbatan Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova munosabati paydo bo’ldi.
Imon Karimova o’z munosabatida onasi tazyiqqa tushgan Yulduz Usmonovani Turkiyadagi quvg’indan qaytargani va sahnaga olib chiqqanini, Gulnora Karimovaga bag’ishlangan qo’shiq muallifi ham aynan Yulduz Usmonova bo’lganini eslatib o’tadi.
Bu munozaralar ortidan Gulnora Karimova murojaatida ketirgan 1,2 milliard dollarlik mablag' taqdiriga doir savollar ham yuzaga chiqdi. Ayniqsa, Karimovaning pulni qaytarganigta oid iddaosi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanmaganidan so’ng.
Moliya vazirligining shu munosabat bilan tarqatgan ma’lumotida aytilishicha, o’tgan yil davlat foydasiga musodara qilingan mulklar (zargarlik buyumlari) sotuvidan tushgan daromad 20 million dollardan oshiq mablag’ni tashkil etgan. Bu yilgi ko’rsatkich esa yarim yillikda 11 million dollar atrofidagi mablag’ni tashkil etgan.
Gulnora Karimova O’zbekistonda musodara qilingan va davlat byudjeti hisobiga ishlayotgan mablag’larini 1,2 milliard dollar miqdorida baholagan edi.
Karimovaning mamlakatdagi mulklari musodarasiga doir qaror prokuraturaga tegishli, ammo hozircha O’zbekiston Bosh prokuraturasi bu ma’lumotni izohlagani yo’q.
Ba'zifaollar davlat foydasiga o’tkazilgani iddao qilinayotgan mablag’ taqdiri mavhum qolayotganiga diqqat qaratmoqda.
So’nggi ma'lumotlarga ko’ra, Gulnoraning xorijda muzlatilgan mablag’lari yuzasidan ham siljish bor. Shveysariya hukumati Karimovaga tegishli mablag’ning 155 million dollari O’zbekistonga qaytarilishi haqida qaror e'lon qildi.
Hozircha bu qaror yuzasidan ham O’zbekiston rasmiy idoralari biror izoh berganicha yo’q. Sharhlovchilarga ko’ra, dastlabki mablag’ning qaytarilishi, bu jarayonga doir shaffoflikning ta’minlanishi xorijda Gulnoraga tegishli boshqa yirik mablag’larning qaytishiga yo’l ochishi mumkin.
Facebook Forum