Breaking News

Turkiya Suriyadagi kurdlarni nishonga olishi mumkin


AQShning F-35 samolyoti va Rossiyaning S-400 mudofaa tizimi bir suratda
AQShning F-35 samolyoti va Rossiyaning S-400 mudofaa tizimi bir suratda

AQShning Suriya bo’yicha maxsus elchisi Jeyms Jeffri Turkiyada Vashington-Anqara munosabatlaridagi muammolarni hal etishga qaratilgan muzokaralarda ishtirok etmoqda. Biroq NATO doirasidagi ikki ittifoqchi tomonlarning til topishishi qiyin kechmoqda. Turkiya Suriyadagi kurdlar xalq harakatiga qarshi harbiy chora qo’llashi mumkinligini bildirgan. Anqara kurdlarning Turkiya chegarasidan uzoqlashtirilishini talab qilmoqda.

Kurdlar harakati “Islomiy davlat” terrorchilariga qarshi kurashda AQShning muhim ittifoqchisi sanaladi. Biroq Anqara harakatni Turkiyadagi isyonchi kurdlar partiyasi bo’lgan PKKni dastaklayotgan kuch sifatida qoralaydi va ularni terrorchilikda ayblaydi. Turkiya Suriya bilan chegarada o’z qo’shinlarini harbiy shay holatda ushlab turibdi.

Erdog’an Suriyaning shimoli-sharqida uzunligi 250 km, eni 32 km bo’lgan xavfsiz hudud tuzish rejasini ma’lum qilgan edi. Hudud Turkiya chegarasini kurd to’dalaridan himoyalashga xizmat qilishi aytilgan. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g’li Anqara ana shu xavfsizlik rejasida qat’iy ekanini ta'kidladi.

“Xavfsiz hudud joriy etilmasa va mamlakatimizga tahdidlar saqlanib qolaversa, Turkiya harbiy operatsiyalarni boshlaydi. Umid qilamanki, AQSh vakili bilan muammolar yechimiga doir kelishuvga erishamiz. Buning uchun konkret qadamlar tashlanishi lozim”, - dedi u.

Jeffri ikki kunlik tashrifi chog’ida Turkiyaning nufuzli diplomatlari va harbiy qo’mondonlari bilan uchrashib, davlatlar o’rtasidagi kelishmovchiliklarni hal etishga urinadi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 21-iyul kuni Chovusho'g’li bilan suhbatlashib, Turkiyaning Suriyaga nisbatan bir tomonlama chora ko’rishiga Vashington qarshi ekanini bildirgan.

Shuningdek, AQSh generali Kennet Makkenzi 22-iyul kuni kurdlardan tashkil topgan Suriya Demokratik kuchlari qo’mondoni Mazlum Abdi bilan uchrashgan.

Turkiyaning Rossiyadan "S-400" mudofaa tizimini xarid qilishi ortidan Vashington Anqaradan keskin norozi bo’lgan. AQSh Turkiyaga o’zining "F-35" samolyotlari savdosini va harbiy treninglarni to’xtatib qo’ydi. Biroq Prezident Tramp Anqaraga sanksiya qo’llashdan tiyilishini ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG