AQSh Prezidenti Donald Tramp "Twitter"da boshlagan navbatdagi hujumida Merilend shtatidan saylangan demokrat qonunchi Elayja Kammingsni nishonga oldi. U baltimorlik kongressmen saylanadigan okrugni "jirkanch va kalamushlarga to'la joy" deb atadi. Bu gaplar keskin tanqidlarga sabab bo'ldi. AQSh rahbari yana irqchilikda ayblanmoqda.
Prezident Donald Tramp "Twitter" orqali chiqishida bu safar ashaddiy tanqidchilaridan biri, demokrat kongressmen Elayja Kammingsga hujum qildi.
"Agar u Baltirmorda ko'proq vaqt o'tkazganida edi, ehtimol juda xavfli va iflos joyni tozalashga yordami tekkan bo'lardi", - deb yozdi Tramp.
Prezident fikriga e'tirozlar keskin bo'ldi.
"Amerikaning Baltimorday jo'shqin shahriga prezidentning hujum qilishi mutlaqo qabul qilib bo'lmas holat", - dedi shahar meri Bernard Yang.
"Men bunday qilmagan bo'lardim", - dedi texaslik kongressmen Vil Xyord.
"Prezident jirkanch va irqchi odam", - dedi nyu-yorklik qonunchi Jerri Nedler.
Kongressda 13-muddatini o'tayotgan Kammings chegarada migrantlarga ko'rsatilayotgan munosabat yuzasidan Tramp ma'muriyatini keskin tanqid qilgan edi.
"Hech birimiz farzandlarimiznining bu holatda bo'lishini xohlamaymiz. Ular inson, axir", - degan edi u.
O'tgan hafta Vakillar palatasi Trampning to'rt demokrat qonunchi ayol haqida aytgan gaplarini irqchi deya qoraladi. Prezidentning "Kelgan joyingizga keting" degan malomatini eshitgan bu ayollarning barchasi AQSh fuqarosi, faqat bittasi xorijda tug'ilgan.
Tramp bu aytgan gaplarini qaytib olmadi va uzr ham so'ramadi. Aksincha, u demokratlarni irq mavzusidan siyosat yo'lida foydalanayotganlikda aybladi.
So'nggi mojarolar 2020-yilgi prezidentlik saylovi uchun poyga qiziyotgan bir paytda yuz bermoqda. Prezident Tramp kelasi yil ikkinchi mudat uchun demokrat raqib bilan bellashadi.
Facebook Forum