Breaking News

Turkiya Suriya chegarasida harbiylari sonini oshirmoqda


Turkiya: kurdlarga qarshi harbiy tayyorgarlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:31 0:00

Turkiya Suriyaning janubiy chegarasida askarlari sonini oshirib bormoqda. Bu Suriyada AQSh tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan va Turkiya terrorchi deb biluvchi qurollangan kurd guruhlariga qarshi hujumga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda. Mahalliy aholi usiz ham beqaror vaziyat yanada izdan chiqib ketishidan xavotirda.

Bir qarashda hammasi joyida, shaharda odatdagi hayot davom etmoqda. Ammo Suriya shimolidagi chegara shahar aholisi sarosimada. Ular Turkiya armiyasi kurdlar nazoratidagi anklavni qo'lga kiritish uchun qachon hujum boshlashini kutib yashamoqda.

Turkiya bir necha haftadan beri chegarada askarlari sonini oshirmoqda. Maqsad Suriya demokratik kuchlari sifatida tanilgan kurd harbiy bo'linmalarini hududdan siqib chiqarish. IShIDga qarshi kurashda AQShning hamkori bo'lib kelgan bu guruhni Anqara terrorchi tashkilot deb biladi.

NATOdagi ittifoqdoshi Turkiya va kurdlar o'rtasidagi to'qnashuvning oldini olish uchun AQSh o'rtada vositachilik qilmoqda. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi boshlig'i general Kennet Makkenzi o'tgan hafta Suriyada kurdlar bilan uchrashdi. AQShning Suriya bo'yicha vakili Jeyms Jeffri esa Anqarada muzokara olib bordi.

"AQSh va Turkiya o'rtasidagi muammolarni hal qilishda amerikaliklar hal qiluvchi rol o'ynaydi. Biz kurdlar hech kimga tahdid emasligimizni doim aytganmiz. Muloqotga ochiqmiz. Shu bilan birga tahdidlar ish bermaydi. Odamlarimiz xavfga uchrasa, kurashish va o'zimizni himoya qilish huquqiga egamiz", - deydi Suriya demokratik kuchlari qo'mondoni Mustafo Bali.

Anqara Suriyadagi kurd guruhlarini Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tamg'alangan Kurdiston ishchilar partiyasining bir bo'lagi deb hisoblaydi.

"Turkiya qo'shni davlat sifatida chegarasida bu guruhning bo'lishiga yo'l qo'ymaydi. Suriyadagi kurd guruhini ham PKKning bir qismi sifatida ko'radi. Doimiy yechimga erishilmaguncha, tahdidlar davom etaveradi", - deydi kurd siyosatchisi Abdulloh Uje.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Suriya shimolidagi "terror korridor"ini parchalab tashlash ahdida qat'iy ekanini ta'kidladi.

Chegara hududlarda yashovchi suriyaliklar mamlakatda 2011-yilda fuqarolar urushi boshlanganidan beri bunday tahdidlarni ko'p eshitadi.

"Turkiya yuzlashayotgan tahdidlar yangilik emas. Yillar davomida shu xavf ostida yashayapmiz. Turkiya mintaqamizning bir qismini nazoratiga olib, kurdlarni chegaraga yaqinlashtirmaslik niyatida. Suriya masalasida qo'li baland kelishga qaratilgan siyosiy o'yin bu", - deydi mahalliy jurnalist Sherin Ibrohim.

Boshqalar esa Turkiyaning quruq bahonalar bilan qo'shni mamlakatni bosib olishiga haqqi yo'q deydi.

"Turkiyaning chegarasini xavfsiz qilish haqidagi da'volari asossiz. Suriya inqirozi boshlangandan beri o'tgan to'qqiz yilda Suriyadan Turkiyaga birorta o'q yoki bomba otilmadi", - deydi siyosiy faol Dilshod Abdu.

Ammo o'tgan hafta vaziyat o'zgardi. Bir guruh qurollangan shaxslar Suriyadan turib Turkiyaga bomba otgan. Natijada bir necha tinch aholi vakili yaralangan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG