Breaking News

Iordaniya qiroli Falastin mustaqilligini talab qildi


Iordaniya qiroli Abdulla II Arab mamlakatlari sammitida. Tunis, 31-mart, 2019.
Iordaniya qiroli Abdulla II Arab mamlakatlari sammitida. Tunis, 31-mart, 2019.

Oq uy maslahatchisi Jared Kushner boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi Iordaniya qiroli Abdulla II bilan muzokaralar o’tkazdi. Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish masalasi uchrashuvda bosh mavzu bo’ldi.

Delegatsiya Falastin, Iordaniya, Misr va Livan iqtisodiy taraqqiyoti uchun taklif etilayotgan 50 milliard dollarlik sarmoya rejasini muhokama qildi. Moliyaviy ko’mak, Vashingtonga ko’ra, mintaqada tinchlik o’rnatishga xizmat qiladi. AQShning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus elchisi Jeyson Grinblatt va Eron bo’yicha maxsus vakili Brayn Xuklar delegatsiya tarkibida Isroil, Misr , Saudiya, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarida ham bo’ladi.

Abdulla II mustaqil Falastin davlatining tuzilishi va unga Sharqiy Quddusning poytaxt etib belgilanishi mintaqada tinchlikka erishishning yagona yo’li ekanini ta’kidladi. Iordaniya Oliy sudi ham aynan shunday bayonot bergan edi.

Qirol yana bir muhim talabga urg’u berdi. Har qanday tinchlik rejasi 2002-yilda e’lon qilingan Arab Tinchlik Tashabbusiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Unda tinchlik evaziga Isroil tomonidan 1967-yilda egallab olingan hududlarni qaytarish talab qilingan, dedi u.

Iordaniyalik siyosiy sharhlovchi Usama al-Sharifga ko’ra, Amman pozitsiyasi aniq va lo’nda. Biroq siyosiy frontda Kushnerning qanday taklif kiritayotgani mavhumligicha qolmoqda.

“Iordaniya qiroli ta’kidlagan pozitsiya aniq. Xususan, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va arab mamlakatlari ham bu borada yakdil. Ular o’z pozitsiyalariga Arab Tinchlik Tashabbusi va BMT rezolyutsiyalari asos bo’lishini tasdiqlagan”, - dedi al-Sharif.

Arab mutaxassislari Kushner tomonidan taklif etilgan iqtisodiy rejaga shubha bilan qaraydi. Unda mustaqil Falastinga asos solish, Isroil mustamlakasini tugatish va mamlakatdan chiqib ketgan millionlab falastinliklarni vataniga qaytarishga doir eng dolzarb masalalar tilga olinmagan.

Iordaniya millionlab falastinlik qochqinlarga boshpana bergan. Ularning aksariyati Isroil davlati tuzilgan dastlabki davr va 1967-yilda o’tgan Olti kunlik urush oqibatida Falastinni tark etgan. Ana shu urushda Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohili, Sharqiy Quddus va G’azoni egallab olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG