Falastin hududlari va unga qo’shni arab davlatlariga 50 milliard dollarlik sarmoya jalb etish rejasidan falastinliklar qattiq norozi. AQSh ushbu iqtisodiy tashabbusni Bahraynda o’tgan xalqaro konferensiyada e’lon qildi. Oq uyga ko’ra, reja Yaqin Sharq mintaqasiga tinchlik va farovonlik olib keladi. Falastinliklar deydiki, avvalo siyosiy muammolar hal etilishi kerak.
Falastinliklar Isroil askarlari bilan to’qnashib, Trampning suratlari aks etgan plakatlarni yoqib, “Tinchlik evaziga taraqqiyot” deb atalmish rejani qoraladi.
Dastur Falastin hududlari va qo’shni uch arab davlatlariga 50 milliard dollarlik sarmoya kiritishni ko’zlaydi.
Tramp “asr kelishuvi” deya olqishlayotgan iqtisodiy rejaga uning kuyovi, Oq uy maslahatchisi Jared Kushner bosh-qosh.
“Falastin xalqiga gapim shuki, o’tmishda umidingizni oqlamagan tomonlar nima deyishidan qat’i nazar Prezident Tramp va Amerika sizni tashlab qo’ymaydi”, - deydi Kushner.
Reja Bayrayndagi anjumanda e’lon qilinarkan, unda na Falastin, na Isroil rasmiylari ishtirok etdi.
Sarmoya Fors ko’rfazi davlatlaridan grant shaklida va xususiy manbalardan kelishi ko’zlangan. Qo’shma Shtatlar qancha ajratishi noma’lum.
“Falastin ahli nochor ahvolda, ularda bir chaqa yo’q. Iqtisodiy ko’mak ko’rsatishimiz kerak. Yaqin Sharqdagi imkoni bor mamlakatlar yordam bersin. Ular ham tinchlik rejasiga hissa qo’shgan bo’ladi”, - deydi Tramp.
Kuzatuvchilar nazarida, reja batamom xom.
“Bayonotlar o’z yo’liga. Hech kim sarmoya qilaman deb shay turgani yo’q. Isroil ham, Falastin ham konferensiyaga kelmadi. Homiylar kim? Bilmaymiz”, - deydi sharhlovchi Zaha Hasan.
Falastin rejani rad etishiga asosiy sabab - uning davlatchilik orzusi chetda qolib ketyapti, Quddus maqomi va qochoqlar taqdiri haqida lom-mim deyilmayapti.
“Xalqaro qonunlarga tayanib, ikki davlat barpo etish g’oyasi asosida siyosiy yechim topilsa, bizga yordam qo’lini cho’zishni istaganlar bilan har yerda hamkorlik qilamiz”, - deydi Falastin Prezidenti Mahmud Abbos.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga reja ma’qul.
“Falastinliklar dastur nimadan iborat ekanini bilmasdan uni rad etishlarini tushunmayman. Bunaqada ish qilib bo’lmaydi”, - deydi Netanyaxu.
Rejadagi loyihalar amalga oshishi Isroil va Falastinning kelishib olishiga bog’liq. Uning siyosiy jihatlari haqida AQSh noyabrga borib, Isroilda saylovlar o’tgandan keyin ko’proq ma’lumot bermoqchi.
“Falastinga qaysi yerlar tegishli ekani, chegara qayerdan o’tganini bilmasak, hech bir loyihani tatbiq etib bo’lmaydi. Oq uy ushalmaydigan orzularga berilmasligi, konkret takliflar bilan chiqishi kerak”, - deydi Zaha Hasan.
Xalqaro anjumanda Falastin va Isroil ishtirok etmagani Tramp ma’muriyatining tinchlik rejasi ish bermasligiga ishora.
Facebook Forum