Breaking News

Nyu-Yorkda "Paxtakor-79" jamoasi xotirlandi


Nyu-Yorkda "Paxtakor-79" xotira turniri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00

11-avgust kuni Nyu-York shahrida 1979-yili aviahalokatga uchragan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi xotirlandi. Mash'um voqeaning 40-yilligiga bag'ishlab Bruklinda o'tkazilgan futbol o'yini o'zbekistonlik muhojirlar asos solgan yangi nodavlat tashkiloti - “Mahalla USA” tomonidan tashkil qilindi.

Bu futbolchilarning maykasida o'zlarining ism-shariflari yozilmagan. Ular 40 yil oldin 11-avgust kuni aviahalokatda halok bo'lgan Toshkentning Paxtakor jamoasi a'zolari nomlari.

Amerikada yashovchi o'zbekistonlik immigrantlar O'rta Osiyoning o'z davridagi eng kuchli futbol jamoasini Bruklindagi “Match Point”da Xotira o'yini o'tkazib yodga oldilar.

“Paxtakor-79” futbol jamoasi xotirasiga bag'ishlangan o'yinni iyul oyida Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklar jamiyatining faollari tashkil qilgan “Mahalla USA” nodavlat tashkiloti uyushtirdi.

O'yin Bruklin va uning tevaragida yashovchi 100 ga yaqin o'zbekistonlik vatandoshlarni yig'di. “Mahalla USA”ning bosh maqsadi ham shu.

“Maqsadimiz futbol va shunga o'xshash sport turlari orqali O'zbekiston va O'rta Osiyo davlatlaridan kelib AQShda yashaydigan yurtdoshlarni birlashtirish” - deydi “Mahalla USA” tashkiloti hammuassislaridan biri Askar Ubaydullaev.

Tadbirga ota-onalar Amerikada ulg'ayayotgan farzandlari bilan keldi.

Sport va madaniyat, qadriyatu tarixlarini yo'qotmasdan Amerika jamiyatida o'rnashishlarida o'zbekistonlik immigrantlar uchun bunday tadbirlar o'tkazilishi muhim, deydi Ari Kagan. U Nyu-York revizorining rusuyzabon jamiyatlar bilan aloqa bo'yicha yordamchisi.

“Men va mening rahbarim ham, Nyu-York revizori Skot Stringer, eng avvalo, odamlarni birlashtiradigan, so'ngra yangi immigrantlarga ko'maklashadigan jamoat tashkilotlarini qadrlaymiz. Bunday tadbir birinchidan jamiyatlararo do'stlik uchun muhim, ikkinchi tomondan, sport va tarix odamlarni birlashtiradi. Hozir 52 yoshdaman. 40 yil oldin men 12 yoshda edim. Lekin hamon esimda, o'sha mash'um fojea yuz berganda butun Sovet Ittifoqi yig'lagandi” - deydi Ari Kagan.

Vyacheslav Shirin o'sha mash'um yili yo'qotgan jamoadoshlarini vatandoshlari qayerda bo'lmasin eslab, xotirlab turganidan mamnun. Hozirda AQShda yashayotgan Shirin xotira o'yinida yana maydonga tushdi.

“Bunday tadbirlarni o'tkazib, o'sha shonli jamoani xotirlaganlari, albatta, tahsinga sazovor”, - deydi 1979-yilda Paxtakor tarkibida to'p surgan Vyacheslav Shirin.

“Mahalla USA”ning ilk yirik tadbiri esda qolarli o'tdi. Halok bo'lgan jamoa haqqiga duo o'qildi. 11-avgust kuni “Paxtakor-Nyu-York” jamoasi 1979-yili Toshkentning “Paxtakor”i kiygan formada Bruklindagi “Match Point” o'yingohiga to'p surdi. Turli millat vakillaridan tarkib topgan Nyu-Yorkning "USA" havaskor terma jamoasi bilan bo'lgan o'yinda “Paxtakor-Nyu-York” jamoasi qo'li ustun keldi.

Tashkilotchilar ta'sis etgan kubok va rag'batlantiruvchi sovrinlarni tadbirda qatnashgan rasmiy mehmonlar – o'zbekistonlik diplomatlar, Bruklin rasmiylari va faxriylar o'z egalariga topshirdi. O'zbek sporti tarixidagi voqea bois xotiralar yangilandi. Amerikada ulg'ayayotgan bolalar ota-bobolari o'lkasi sporti tarixini eshitdi. Yurtdan olisda yurgan sport veteranlari unutilmaganliklaridan quvonishdi. Tadbir so'ngida ehson oshi tarqatildi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG