O'zbekistonlik Botir Arifjanov boshchiligidagi bir guruh tashabbuskorlar mustaqil ta'lim olishga xizmat qiluvchi “Khan Academy” platformasini o'zbek tiliga tarjima qilishga kirishgan. Ular bu g'oyani amalga oshirish uchun 2018-yil Toshkentda "Bilim onlayn” nodavlat notijorat tashkilotiga asos solishdi. Avval o'z mablag'lari, so'ngra homiylar yordamida ish boshlagan loyiha uchun, rejaga ko’ra, ikki yil muddat va 500 ming AQSh dollari talab etiladi. Jamoa shu kungacha kerakli mablag'ning bir qismini yig’ib, tarjimalarni boshlagan. Tashkilot asoschilari Botir va Nigora Arifjanovlar shu kunlarda AQSh bo'ylab safar qilmoqda.
Jahondagi millionlab o'quvchi va talabalar uchun tanish bepul ta'lim platformasi “Khan Academy” endi o'zbek tilida ham o'z sahifasiga ega.
Uning ishga tushishi o'zbek loyihasi asoschilarining Amerika safari boshlangan kunga to'g'ri keldi.
“Bugungi kunda bizning eng katta yangiligimiz, biz uchun yuz bergan quvonchli hodisa Xan akademiyasi nihoyat loyihamizni qo'llab-quvvatlab sahifamizni ochdi. Bir yil davomida qilingan ishimiz, so'nggi uch oy davomida Xan Akamemining Kaliforniyadagi ofisi bilan muloqotlar natijasida amalga oshdi. Nihoyat siz uz.khanacademy.org manziliga kirib, bizning boshlang'ich matematika bo'yicha ishlab chiqqan o'zbek tilidagi darsliklarni ko'rib, ulardan foydalanish imkoniyatingiz bor. Ana shu biz uchun juda katta yangilik,” - deydi Botir Arifjanov.
“Yuqori sifatli ta'lim hamma uchun, har joyda va hamisha” shiori ostida ish yuritayotgan, manbalari jahonning 36 tilida tarjima qilingan “Khan Academy”ni o'zbek tiliga Toshkentda asos solingan “Onlayn bilim” tashkiloti tarjima qilishga kirishgan.
Botir va Nigora Arifjanovlar ushbu tashkilot asoschilaridan. Ularning Amerikadagi vatandoshlar bilan ilk uchrashuvi Nyu-Yorkdan boshlandi.
“Amerikaga qilayotgan safarimizning bir nechta maqsadi bor. Eng avvalo, shu yerda yashayotgan o'zbeklarga “Khan Academy Uzbek” degan loyihamiz haqida batafsilroq gapirib berish, sababi “Khan Academy” dan bu yerda yashaydigan o'zbek farzandlari bugungi kunda o'qish jarayonida foydalanib kelayotganlarini bilamiz. Lekin uning o'zbekchaga tarjima qilingan versiyasi o'zbek tilini yo'qotib qo'ymasligi uchun yordam berishiga katta hissa qo'shadi deb o'ylayapmiz. Bundan tashqari shu yerda joylashgan xayriya jamg'armalari, loyihamizga yordam berishi mumkin bo'lgan odamlar, korxona-tashkilotlar bilan uchrashib loyihamizni keyingi bosqichda rivojlanishi uchun mablag' masalasida gaplashish niyatlarimiz ham bor,”- deya safardan ko'zlangan maqsad va vazifalarni tushuntiradi Botir Arifjanov.
Nyu-Yorkdagi uchrashuvga kelganlar orasida 5 yildan beri AQShda yashayotgan o'zbekistonlik Zuhra ham bor. U olti oy oldin Amerikaga ko'chib kelgan ikki o'smirning onasi.
“Mening sharoitimda Xan akademiyasiyasi juda ham yaxshi yordam beradi deb o'ylayman. Negaki, bolalarimga birinchi etapda o'qishlariga katta foydasi tegadi. Bolalarim uchun bu juda ham zarur. O'g'lim 8-sinf, qizim 6- sinfga o'tdi. Ular hali tilni o'rganyapti, qiynaladi. Shu vaqtda Xan Akademiyasiyasining yordami katta bo'ladi deb o'ylayman”, - deydi Zuhra.
Uchrashuvning yana bir ishtirokchisi Sardor Ahmedov. U Xan akademiyasining afzalliklarini ancha oldin his qilgan. Sardor o'rta maktabni AQShda bitirgan va uy ishlarini bajarishida resursning inglizcha versiyasidan ko'p foydalangan. U hozir Xan akademiyasi O'zbek jamoasi ishlarini Amerikada turib targ'ib qilyapti. Uning aytishicha, bunga sabab – loyiha O'zbekistondagi va uning tashqarisidagi bilim izlayotgan vatandoshlar uchun muhim manba. Qolaversa loyiha O'zbekistonda ta'lim tizimini o'nglashga xizmat qiladi.
“Taassurotlar zo'r! Menimcha, tarjima sifatli amalga oshirilyapti. Uning O'zbekiston uchun ahamiyati katta bo'ladi. Bu mustaqil ta'lim olish platformasi. Uning ko'magida bolalar uyda o'tirib ham bilim oladi. Ya'ni maktabdan keyin dars vaqtida predmetning o'qiy olmagan tomonlarini uy sharoitida o'rgansa bo'ladi. Bu narsani o'zbek tiliga tarjima qilayotganlaridan juda ham xursandman. Chunki bu O'zbekistonda ta'lim sifatini ko'tarishning bir yo'li,” - deya ishonch bildirmoqda Sardor.
Uchrashuvni tashkil etishda qatnashgan, Nyu-Yorkda faoliyat ko'rsatayotgan “Vatandosh” O'zbekiston-Amerika Federatsiyasi rahbari Norxo'ja Sodiqov nazarida Xan Akademiyasi o'zbek loyihasi asoschilari jadidlardek gavdalangan.
“Ma'rifat, ayniqsa, bolalarga ilm berish sohasida qilayotgan ishlari tahsinga loyiq. Shu o'rinda men bir narsani taqqoslagim kelib qoldi. 1907-1908-yillarda va inqilobgacha O'zbekistonda “Jadidchilik” harakati bo'lgan. O'shanda birinchi bor Yevropaga o'zbek-yigit qizlari o'qishga jo'natilgan. Bu yigitlar esa bugun Toshkentda turib dunyo standartiga mos ravishda o'zbek bolalarini o'qitishga harakat qilyapti. Bu yuz yildan keyin yana (jadidchilikning) takrorlanayotgan ko'rinishi bo'lsa kerak balkim. Men buni ko'rib xursand bo'ldim,” - deya xursandchiligini bayon qiladi Norxo'ja Sodiqov.
“Vatandosh” mazkur uchrashuvdan so'ng Xan akademiyasi O'zbek jamoasiga hamkor bo'lishini e'tirof etdi uning rahbari Sodiqov.
Xan akademiyasi O'zbek jamoasi Nyu-Yorkdan tashqari Chikago, Kaliforniyaning Los-Anjeles, San Fransisko shaharlari, Orlando, shuningdek Pensilvaniyaning Filadelfiya shahriga ham tashrif buyuradi. Amerika bo'ylab safarini poytaxt Vashington shahrida o'zbekistonliklarning 31-avgustda bo'lib o'tadigan “Uzbek Picnic” saylida qatnashib yakunlaydi.
“Fursatdan foydalanib Amerikaning biz boradigan shtatlarida yashaydigan vatandoshlarimizni uchrashuvlarimizga taklif qilib qolaman. Boradigan manzillarimizni ijtimoiy tarmoqdagi (Facebook) Xan akademiyasi O'zbek sahifasida batafsil yozib qoldirganmiz. Iltimos qatnashinglar, savollar beringlar, qaysi ko'rinishda hamkorlik qilishimiz to'g'risida gaplashaylik va birgalikda ishlaylik” - deya murojaat qiladi Botir Arifjanov.
Facebook Forum