Breaking News

Tramp prezidentligi chegara devori bilan tarixga kiradi


Tramp chegara devorini qurib bitirish qarorida qat'iy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp 9-sentabr kuni mamlakatning Meksika bilan chegarasida devor qurilishi jadal sur'atlarda davom etayotganini ma’lum qildi. Janubiy chegarada muammolar kamaygan, dedi u. Bojxona va chegara xavfsizligi xizmati rasmiysining bildirishicha, 100 kilometrga yaqin devor qurib bitkazilgan. Tramp ma’muriyati 127 ta harbiy obyektlar uchun ajratilgan uch milliard dollardan ziyod mablag’ni 300 kilometrli chegara devorini qurishga yo’naltirgan.

AQShning janubiy chegarasida Tramp va’da qilganidek beton devor emas, temir to’siqlar o’rnatilmoqda. Eskirgan qisqa to’siq o’rnini endi uzoq masofaga cho’zilgan qudratli qo’rg’on egallaydi.

Prezident Tramp demokratlarning qarshiliklariga qaramay, 9-sentabr kuni qurilish davom etishini ta’kidladi.

“Chegara xavfsizligi misli ko’rilmagan darajada izga solinmoqda. Devor qurilishi yuksak sur'atlarda davom etmoqda. Unga qarshi sud mahkamasida ham g’olib chiqishimiz aniq”, - dedi Oq uy rahbari.

Trampning aytishicha, kelgusi haftalarda 180 ga yaqin federal sudyalar tasdiqlanadi. Ular prezidentning janubiy chegaraga devor o’rnatish qarorini yuridik jihatdan himoya qilishga xizmat qiladi.

AQSh rahbari sudlarni noqonuniy immigratsiyani cheklash harakatiga to’siq bo’lgani uchun ayblaydi.

“Afsuski, prezident ma’muriyatining chegaradagi og’ir vaziyatni nazorat qilishga qaratilgan urinishlari jiddiy qarshiliklar bilan yuzlashmoqda. Bu juda ayanchli hol. Biroq biz o’z yo’limizda davom etayapmiz”, - deydi Bojxona va chegara xavfsizligi xizmati rasmiysi Mark Morgan.

Komissar Morganning bildirishicha, Tramp ma’muriyati chegara devorini o’rnatish va xavfsizlikni ta’minlash yo’lida sezilarli o’zgarishlar qilishga ulgurgan.

“144 ming migrant kelgan may oyiga nisbatan avgust oyida 56 foiz qisqarish qayd etildi”, - deydi u.

Morgan AQSh-Meksika chegarasida vaziyat o’nglanayotganini Oq uyning barcha zarur choralarni qo’llagani bilan izohlaydi. Rasmiy devor qurilishini yuksak baholab, uning qanday moliyalanishiga doir e’tirozlarni inkor etdi.

“Men komissar nuqtai nazaridan baho beraman. Ishning siyosiy tomonini siyosatchilar hal qiladi. Qurilgan devorning har bir kilometri shu mamlakat xavfsizligi uchun qo’rg’on. Uning har bir qarichi chegara patrul xizmati xodimining o’z burchini mukammal ado etishiga zamin yaratadi”, - deydi Morgan.

Kongress demokratlari Trampni harbiy loyihalarga ajratilgan mablag’ evaziga devor qurish bilan mamlakat xavfsizligini zaiflashtirganlikda ayblaydi. Devor qimmat va samarasiz, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG