Moskvada namozxon migrantlar boradigan masjiddamiz. Ularning deyarli har biri ko'rinishidan osiyolikka o'xshaydigan bir yigit bilan so'rashadi. 36 yoshli Aleksandr Kim. Migrantlar himoyachisi. Moskvaning boshqa bir qismida esa Valentika Chupik ham shu ish bilan mashg'ul.
Ichki ishlar xodimlari Rossiya poytaxti bo'ylab har juma masjidlarda tintuv o'tkazadi. "Kelgindi"larning hujjatlarini tekshirishadi, shubha ostida bo'lganlarni olib ketishadi. Pora berib qutulib ketayotganlar talay. Deportatsiya qilinayotganlar ham oz emas.
"Amerika Ovozi" bu safar vaziyatni Aleksandr Kim bilan kuzatdi. U bilan kelib suratga tushib ketayotganlar yigitga qilayotgan xizmati va ko'rsatayotgan muruvvati uchun quyuq minnatdorchilik bildiradi.
Aleksandr asosan migrantlar boradigan dargohlarda, shuningdek, metro va vokzallar singari jamoat joylarida turib, monitoring o'tkazadi. "Youtube" va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda videolar joylashtirib, millionlab muxlislariga muhojirlar yuzlashadigan holatlar, adolatsizliklar, huquqbuzarliklar va boshqa muammolar haqida ma'lumot beradi. Shuningdek, maslahatlar va qo'llanmalar ham taklif qiladi.
O'zini Ikrom deb tanishtirgan 27 yoshli o'zbekistonlik nazarida Aleksandr jurnalistlar bilishi kerak bo'lgan faol.
Aleksandr politsiya nigohida ham jiddiy jamoatchi aktivist. U aralashgan hollarda ichki ishlar bo'limlari masalalarga boshqacha ko'z bilan qaray boshlaydi, deydi migrantlar.
Lekin muammo shundaki, Aleksandr singari faollar ko'p emas. U doimo yolg'iz harakat qiladi. Bu esa xavfli. Uning o'zi ham 2017-yilda hibsga olingan, shubha ostida.
"Meni osiyolik deb o'ylashdi. Men ularga "bu diskriminatsiya" deya tushuntirdim. Haqqimni talab qila oldim va ular qo'yib yuborishdi", - deydi Aleksandr.
Ayni damda Rossiyada 12 millionga yaqin migrant bor. Aksariyati, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 20-30 yoshlar orasida. Ular vatanida kamida to'rt odamni boqadi - oilasi va yaqinlarini.
Ko'cha supurayotganlar, axlat yig'adiganlar, yuk tashiydiganlar va boshqa "qora ishlar"ni bajaradiganlar mana shu muhojir qatlam.
O'zbeklar - migrantlar orasida ko'pchilik, kamida 2 million.
2018-yilda o'tkazilgan ommaviy so'rovda Rossiya fuqarolarining aksariyati migrantlarga qarshi ekanini bildirgan.
Muhojirlarni himoya qilib chiqayotganlar hukmron doirada deyarli yo'q. Muhojirlar manfaati uchun kurashayotganlar odatda nohukumat tashkilotlarning vakillari yoki ko'ngillilar, jumladan Aleksandr.
"Migrantlarni ezish - ko'plab tizimlar uchun pul topishning oson yo'li", - deydi faol.
Aleksandr Novosibirskda katta bo'lgan. Otasi rus, onasi koreys. Moskvada ikki ilmiy daraja olgan - tarix va ekologiyadan. O'zi ham ko'p kamsitilgan, tahdid ostida kun kechirgan, qiynalgan.
Migrantlar deportatsiya qilinmaslik uchun 80-100 dollar berib qutulib ketadigan hollar ko'p.
Valentina Chupik Aleksandrni yaxshi biladi, chunki uning tashkiloti bu faol bilan hamkorlik qiladi. Valentina ochgan muassasa xalqaro katolik jamg'armasidan mablag' oladi. U himoya qiladigan migrantlarning ko'pchiligi musulmonlar. Chunki, ezgulik va rahm-shafqat din tanlamaydi, deydi Valentina.
Bu ayol ham O'zbekistondan. Adolatsizlik, kamsitilishga qarshi kurash uning har kungi ishi. Hech kim unga buning uchun haq to'lamaydi. Minnatdor migrantlar sovg'alar tashlab ketadi, odatda shirinliklar yoki salqin ichimliklar.
Valentina politsiya bilan ham, migrantlarni ishlatadigan tadirkorlar bilan ham ochiq va qo'rqmay gaplashadi. Tartib-qoidani eslatadi. Muhojirlarning ham qonun tomonidan himoya qilinishini yodga soladi. Uni har doim ham eshitishmaydi lekin "Amerika Ovozi" kuzatgan hollarda bir necha ishni bitirdi. Masalan, migrantlar ishlash uchun ruxsatnoma olishi uchun yoki maoshini vaqtida to'lashlari uchun yordam beradi.
"Rossiya kundan kunga nafratga to'lib, migrantlarga nisbatan salbiy qarashga yanada cho'mib bormoqda", - deydi Valentina.
"Rossiya davlat emas", - deydi u. "Rossiya poraga asoslangan korporatsiya. Migrantlar ham shunga moslashishga harakat qiladi. Pora berib, ishlaydi. Pora berib, yashaydi. Politsiyaga tutilsa, pul berib qutulishga harakat qiladi".
"Uy egalari migrantlarga joy bergisi kelmaydi. Muhojirlar yotoqxonalarda yashashga majbur. U yerdan ham politsiya arimaydi. Kuch ishlatishadi. Har kuni adolatsiz hollarga guvohmiz", - deydi Valentina.
U va Aleksandr singari faollar juda bo'lmaganda bir insonning hayotida ijobiy rol o'ynaganidan, uning himoyasi uchun qo'ldan kelgancha turib berganidan mamnun. Lekin har ikkisi bir achchiq haqiqatni tan oladi: ular ko'paymasa, Rossiyada migrantlar uchun sharoit aslo yaxshilanmaydi.
Facebook Forum